O‘zbekiston | 13:49 / 13.12.2022
31986
2 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors Damas va Labo sotuvini ham vaqtincha to‘xtatdi

Kompaniya avvalroq Spark va Nexia'ni sotuvdan olib tashlagan, hech bir izohsiz Cobalt va Gentra sotuvini ham to‘xtatib qo‘ygan edi. Shu tariqa, xaridorlar oldida faqat Onix varianti qoldi. Bu model uchun shartnomalar 2023 yil 31 dekabrgacha yetkazib berish sharti bilan tuzilmoqda.

Foto: Kun.uz

UzAuto Motors kompaniyasining O‘zbekistondagi dilerlari bugun, 13 dekabrdan boshlab Damas mikroveni va Labo kichik pikapi uchun shartnomalar tuzishni to‘xtatdi.

Toshkentdagi avtosalonlardan birining xodimi Kun.uz bilan suhbatda shartnoma tuzish keyingi yildan boshlanishi kutilayotganini ma’lum qildi.

Kompaniya 8 dekabrdan Lacetti va Cobalt uchun shartnoma berishni ham to‘xtatgan edi. Har ikki holatda ham mijozlarga bu borada oldindan anons yoki keyingi izohlar berilmadi.

Avvalgi yillarda kontraktatsiya to‘xtab, narxlar oshgan holda qayta ochilgani xaridorlarning narx oshishi borasidagi xavotirlariga sabab bo‘lmoqda.

O‘tgan oylarda Spark va Nexia avtomobillari ishlab chiqarishdan olingan, natijada ayni paytda mijozlar faqat yangi Onix modeli uchun shartnoma qilishi mumkin.

“UzAutoSavdo” ilovasiga ko‘ra, Onix uchun navbat 5300ta avtomobilni tashkil etadi. Shartnomalar 2023 yil 31 dekabr sanasiga qadar avtomobil yetkazib berish sharti bilan tuzilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kompaniya 2023 yilda Cobalt va Damas ishlab chiqarishni oshirib, Gentra ishlab chiqarishni to‘xtatishini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid