O‘zbekiston | 23:56 / 13.12.2022
36349
4 daqiqa o‘qiladi

Xorijda bo‘lib turgan o‘zbekistonlik migrantlar soni ma’lum qilindi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mas’ullari jurnalistlarning xorijda ishlayotgan fuqarolar soni sun’iy kamaytirib ko‘rsatilishi borasidagi tanqidlariga ham javob berdi. 

O‘zbekistondan xorijiy davlatlarga ishlash uchun chiqib ketgan migrantlar soni 2 mln 346 ming nafarni tashkil qiladi. Bu haqda 13 dekabr kuni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Foto: AOKA

“Migratsiyada ishtirok etayotgan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘g‘ri hisob-kitob qilmasdan ommaviy e’lon qilish maqsadga muvofiq emas. Sababi jahon tajribasida ham mehnat migrantlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar faqat 3ta manbaga asoslanib yoziladi. Bular so‘rovnomalar o‘tkazish, ma’muriy manbalar orqali (ularning hududlardan chiqishi va kirishi) va turli ilmiy tahlillar va aholi o‘rtasida o‘tkazilgan ro‘yxatga olish jarayonida shakllantirilgan ma’lumotlar asosida.

Shuning uchun bu ma’lumotlarni tezkor yangilash imkoniyati chegaralangan. Bizda shu yil birinchi chorak yakuni bilan barcha manbalar hisobidan tahlil qilinganda migrantlarimiz soni 2 mln 346 ming nafarni ko‘rsatgan. Bu raqam chiqqandan keyin ham qariyb 400 ming nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytib keldi.

Azim Ahmatov
Foto: AOKA

Shuningdek, bizda keyingi yillarda olib borilgan islohotlar natijasida ishlash uchun rasmiy yo‘llar bilan xorijga ketayotganlar soni keskin oshdi. Masalan, avvallari 0,15 foiz fuqarolar rasmiy yo‘l bilan ishga ketardi. Bugungi kunda bu ko‘rsatkich mavsumiy xarakterga ega bo‘lib, mehnat migratsiyasi ko‘paygan paytda 8 foizga, cheklanganda 9 foizga chiqyapti. Ya’ni tashkiliy ishga yuborilgan fuqarolar ko‘rsatkichi bugungi kunda 8-9 foizni tashkil qiladi”, – dedi agentlik boshqarma boshlig‘i Azim Ahmatov.

Tadbir davomida Kun.uz muxbiri tomonidan agentlik mas’ullariga migrant sifatida xorijga ketgan fuqarolar soni bundan ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligi, raqamlar strategik bo‘lgani uchun ham sun’iy yashirilishi haqida savol bilan murojaat qilindi.

Foto: AOKA

Ahmatovning savolga javoban ta’kidlashicha, migrantlar soni yashirilishi haqidagi ayblovlar haqiqatga mos kelmaydi.

“Davlat personallashtirish markazi tomonidan uzoq muddatga xorijga chiqib ketgan fuqarolar statistikasi yuritiladi. Agar fuqaro 3 oy muddatdan ortiq muddatga xorijga chiqib ketsa, u bevosita bizning bazaga tushadi. Shu bilan birga bizning statistika Rossiya Federatsiyasida chegara, migratsion qayddagi raqamlar bilan solishtirib turiladi.

Xo‘sh, nega biz 2 mln yoki shunga yaqin deb aytyapmiz? Bizda migratsiya mavsumiy hisoblanadi, kimdir ketsa, kimdir keladi. Shuning uchun bizda yil oxirida raqamlar tushadi, yil boshida ko‘tariladi. Masalan, birinchi chorakda Rossiyaga O‘zbekistondan boradiganlar soni yuqori – 400-500 ming nafar. Lekin 3-4 chorakda bu ko‘rsatkich tushib ketadi.

Yana bir ma’lumot: Bizda migrantlar ko‘rsatkichi pandemiyadan avvalgi ko‘rsatkichga hali chiqmadi. Pandemiyadan avval xorijda migrant sifatida yurgan fuqarolar ko‘rsatkichi 3 mlndan ortiq edi. Lekin pandemiyadan keyin bu raqamlar kamayib ketdi. Nega, chunki pandemiya davrida ko‘pchilik o‘zini o‘zi band qilishni o‘rgandi. Ish bilan ta’minlanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yangi hayot voqeliklariga moslashuv boshlandi”, – deya Azim Ahmatov so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid