O‘zbekiston | 19:53 / 14.12.2022
12220
2 daqiqa o‘qiladi

2 kun ichida 34 mingta xonadonga bir oyga yetadigan svetdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi

12-13 dekabr kunlari o‘tkazilgan reydlarda hududlarda 192 ta iste’molchi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanayotgani aniqlangan. Bunday holatlarning eng ko‘pi Andijon viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

12 dekabrdagi prezident qaroriga muvofiq, 2023 yil 1 aprelgacha Energetika vazirligi huzuridagi inspeksiyalar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarini ularning moliyaviy-iqtisodiy faoliyatiga aralashmagan holda energiya resurslaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini, istisno tariqasida, biznes ombudsman bilan kelishmasdan tekshirishga ruxsat berildi.

Shunga ko‘ra, “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan elektr ta’minoti korxonalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda joylarda reydlar o‘tkazilmoqda.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Energetika vazirligi axborotiga ko‘ra, 12-13 dekabr kunlari o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida hududlarda 192 ta iste’molchi tomonidan 6,8 mln kVt⋅soat miqdordagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanib, energetika tizimiga jami 3,1 mlrd so‘m qiymatda zarar keltirilgani ma’lum bo‘lgan. Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilgan.

Bu hajmdagi elektr energiyasi o‘rta hisobda 34 mingta xonadonning bir oylik iste’moliga teng miqdorni tashkil qiladi.

Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi – Andijon, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida aniqlangan.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid