O‘zbekiston | 11:13 / 16.12.2022
4440
1 daqiqa o‘qiladi

Azal aviakompaniyasi Bokudan Farg‘onaga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi

15 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 04:15da Ozarboyjonning Azal aviakompaniyasi samolyoti Farg‘onaga kelib qo‘ndi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar bermoqda.

Foto: ainonline

Boku - Farg‘ona - Boku yo‘nalishini ochgan Airbus A320 borti an’anaviy tarzda suv arkasi bilan, ekipaj va yo‘lovchilar esa karnay va surnay sadolari ostida tantanali ravishda kutib olindi.

Muntazam reyslar haftada bir marta — payshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Farg‘ona Ozarboyjon aviatashuvchisi parvoz qila boshlagan O‘zbekistondagi uchinchi shaharga aylandi. Bokudan Toshkentga reyslar haftasiga ikki marta - payshanba va yakshanba kunlari muntazam ravishda amalga oshiriladi. Bokudan Samarqandga - seshanba va payshanba kunlari.

1992 yilda tashkil etilgan «Ozarboyjon havo yo‘llari» (Azal) yirik aviatashuvchi bo‘lib, Boeing va Airbus samolyotlari zamonaviy parkiga ega bo‘lgan, MDH mamlakatlari aviatsiya hamjamiyatida yetakchilardan biri hisoblanadi.

Mavzuga oid