Putin 10 yil ichida ilk bor yirik matbuot anjumanini o‘tkazmaydi. Nima uchun?
Manbalar Putin Ukrainadagi harbiy muvaffaqiyatsizliklar va Rossiyadagi yangi «diversiyalar» qo‘rquvi tufayli katta matbuot anjumanini bekor qilganini aytmoqda.
12 dekabr kuni Vladimir Putinning 2022 yilgi an’anaviy katta yillik matbuot anjumani o‘tkazilmasligi ma’lum bo‘ldi. Buyuk Britaniya razvedkasi buni Kremlning tadbir davomida Ukrainadagi urushni «beruxsat muhokama qilinishi»dan xavotirga tushgani bilan bog‘ladi. Ertasi kuni TASS agentligi 2022 yilda prezidentning Federal majlisga murojaati ham bo‘lmasligi haqida xabar berdi.
The Moscow Times manbalariga ko‘ra, bu tadbirlarni bekor qilish qarorini so‘nggi lahzada prezidentning shaxsan o‘zi qabul qilgan va bu Rossiya armiyasining Ukrainadagi harbiy muvaffaqiyatsizliklari bilan bog‘liq.
Vladimir Putin 2001 yildan katta matbuot anjumanlarini o‘tkazishni boshlagan. Faqat Rossiya bosh vaziri lavozimida ishlagan bir necha yillar istisno bo‘lgan. 2012 yildan buyon esa muntazam ravishda, har yili dekabr oyida o‘tkazilgan, ularning barchasi uzoq vaqt davom etgan (o‘rtacha 4 soatdan ortiq) va diqqat markazida bo‘lgan.
The Moscow Times nashrining Kremldagi va hukumatdagi manbalariga tayanib yozishicha, Putin 2022 yilda Rossiya armiyasining Ukrainadagi muvaffaqiyatsizliklari, Xersondan chekinishi, Qrim ko‘prigidagi portlash, annexia qilingan Sevastopoldagi harbiy-dengiz bazasiga dronlar hujumi, shuningdek, Saratov va Ryazan oblastlaridagi harbiy aerodromlarga berilgan zarbalar kabi voqealar tufayli matbuot anjumanini bekor qilgan.
Manbaning yozishicha, noyabrgacha Kremlda matbuot anjumani o‘tkazilishi va Federal majlisga murojaat yo‘llanishiga ishonishgan. Hukumat va prezident ma’muriyati bu tadbirlarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rgan.
«Ular o‘zaro muhokamalarda front chizig‘i ortidagi vaziyat qulay tarzda rivojlanmayotganini muhokama qilishgan, lekin boshliq — qoyatosh, bu sinovlarga dosh bera oladi deb hisoblashgan. U tadbirlarni bekor qilishni umuman istamaydi, «katta janr»da ishlay olish qobiliyati va tajribasi esa vaziyatni o‘zi uchun foydali tomonga o‘zgartira olishga imkon beradi. Axir, bugungi kunda Rossiya haqiqatan ham qamaldagi qal’a, Putin esa uning komendanti», degan nashr manbalaridan biri.
Ammo dekabr oyi boshida Kremldagilar Putin ishtirokidagi «katta tadbirlar» uchun axborot foni nihoyatda noqulay degan xulosaga keladi. «Xususan, Kreml strategik aerodromlarga zarbalar berilgani haqidagi xabardan lol qolgan», deb yozadi The Moscow Times.
Shu vaqtdayoq yuzaga kelgan katta xatarlar tufayli prezidentning matbuot anjumani o‘tkazilmasligi oydinlashadi. Jumladan, Kremlning rejalariga bevosita ta’sir qiladigan yangi «diversiya» sodir bo‘lishidan xavotirga tushishi tufayli ham.
«Diversiya masalasi xavfsizlik kuchlari bilan uchrashuvlarda atroflicha muhokama qilinadi. Ular «endi hech qachon bunday bo‘lmaydi», deb qasam ichadi. Lekin matbuot anjumani oldidan bunday voqea sodir bo‘lmasligiga hech kim 100 foiz kafolat bera olmaydi. Bu matbuot anjumaniga qarshi kuchli argument edi», deydi nashr suhbatdoshlaridan biri.
Shu bilan birga, The Moscow Times manbalari katta matbuot anjumani bekor qilinishiga asosiy sabab prezident va uning jamoasida urushdan charchagan rossiyaliklarni xavotirga solayotgan ko‘plab savollarga javob yo‘qligi deb hisoblamoqda.
«Nima haqida gapirish kerak? Savollar ko‘paymoqda, javoblar esa borgan sari kamaymoqda! Qolaversa, aynan qaror qabul qilish jarayoni ishtirokchilari orasida», deydi rossiyalik amaldorlarga muntazam maslahat berib turadigan yirik korporatsiyaning yuqori martabali xodimi.
Prezidentning Federal majlisga murojaati haqida gapiriladigan bo‘lsa, Rossiya rasmiylari ushbu tadbir uchun yangi kun tartibini ishlab chiqmoqda. Bunda armiya, hukumat va prezident ma’muriyatida kadrlar almashinuvi bo‘yicha qarorlar qabul qilinishi mumkin.
Mavzuga oid
17:53 / 23.11.2024
AQSh razvedkasi Putinning xorijdagi muxoliflari o‘ldirilishiga oid maxfiy hujjatlarni qisman ochiqladi
16:33 / 23.11.2024
Merkel: Menda hech qachon Putin bo‘yicha illyuziyalar bo‘lmagan
12:21 / 23.11.2024
Putin: Rossiya jangda «Oreshnik» raketasini sinovdan o‘tkazishda davom etadi
23:44 / 22.11.2024