Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Ishdagi ishq» – Londonda ishlayotgan KGB xodimi kotibasi bilan oila qurish uchun Buyuk Britaniyadan boshpana so‘ragan edimi?
XX-asrda dunyoning ikkita qutbini boshqargan AQSh va SSSR bir-biriga qarshi nafaqat oshkora, balki pinhona jiddiy kurash olib borgan. Har ikki davlatning maxsus xizmatlari qarshi tomonning ayg‘oqchilarini yo‘ldan urib, o‘zi tomonga og‘dirishga harakat qilgan.
Bunda AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) josuslaridan ko‘ra, KGB xodimlarini sotib olish osonroq bo‘lgan. Shu sababli ham o‘tgan asrning 60-70-yillarida KGBning ko‘plab xodimlari G‘arb davlatlaridan, jumladan AQShdan siyosiy boshpana so‘ragan va o‘sha yoqqa ko‘chib o‘tgan.
Sovet josuslari G‘arbga qochib o‘tar ekan, o‘zi bilgan juda ko‘plab muhim ma’lumotlarni raqiblarga «sotardi». Bunday holatlarda KGB oshkor bo‘lgan josuslarini G‘arbdan tezda evakuatsiya qilar va ularning o‘rniga boshqalarini yuborardi.
KGB josusi Oleg Lyalinning Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana so‘rashi ham shunday yakun topgandi. Uning Britaniya razvedka xizmati MI-5 bilan hamkorlik boshlashi ortidan KGB bu davlatdagi barcha josuslarini olib chiqishga majbur bo‘lgandi.
Oleg Lyalin haqida
Oleg Lyalin 1937 yilda Stavropol o‘lkasida tug‘ilgan. U maktabni bitirgach Odessadagi savdo flotlari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan dengiz akademiyasiga o‘qishga kiradi.
Akademiyada o‘quvchilarga bir nechta xorijiy tillar chuqur o‘rgatilardi. Muassasa KGB nazoratida bo‘lib, uning bitiruvchilari orasidan josuslikka xodimlar tanlab olinardi.
Akademiyani bitirish yilida Lyalin ham KGB xodimlari e’tiboriga tushadi. Uni KGBning maxsus maktabiga taklif etishadi. U yerda Lyalin G‘arbdan Odessa portiga kelayotgan dengizchilar, kontrabandachilar haqida ma’lumot yig‘ish bilan shug‘ullanadi.
KGBning bir necha bosqichdan iborat kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan Lyalin davlat xavfsizlik qo‘mitasining xodimi sifatida ishga qabul qilinadi.
O‘sha paytda Lyalinga o‘xshagan bir nechta tilni mukammal o‘zlashtirgan xodimlar xorijiy mamlakatlarda josuslik qilishlari uchun KGBga suv va havoday zarur edi.
Shu sababli o‘tgan asrning 60-yillarida Lyalin SSSRning Buyuk Britaniyadagi savdo uyi xodimi niqobi ostida Londonga josus sifatida yuboriladi.

O‘sha paytda Buyuk Britaniya SSSR uchun AQShdan keyingi asosiy raqib hisoblanardi. Shu sababli KGBning bu davlatda 100 nafardan oshiqroq josusi bo‘lib va ularning aksariyati SSSRning Britaniyadagi savdo uyi xodimi niqobi ostida ishlardi.
Ishdagi ishq va siyosiy boshpana so‘rash
Buyuk Britaniyada bir necha yildan buyon ishlab kelayotgan Lyalin o‘zining kotibasi Irina Teplyakova bilan don olishib yurar edi. KGB xodimasi bo‘lgan bu ayolning o‘g‘li va eri Moskvada yashardi. Lyalinning ham xotini Moskvada edi.
Irina Teplyakova va Oleg Lyalin bir-birini sevar va juftlik barchasidan voz kechib birga bo‘lishning yo‘lini topa olishmayotgandi. Agar bu haqda oshkor qilishsa ularni SSSRga jo‘natib, jiddiy jazolashlari, hatto qamashlari ham mumkin edi.
Shu sababli Oleg va Irina o‘zaro kelishib, Britaniyadan boshpana so‘rashga qaror qilishadi. Ammo bu ishni ham Londondagi hamkasblarga sezdirmay amalga oshirish birmuncha muammo edi.
Ana shunday kunlardan birida Britaniya xavfsizlik xizmati MI-5 idorasiga borishga ikkilanib yurgan Lyalin politsiyaga tushib qoladi va ishlar tezlashib ketadi.
1971 yil avgust oyida 34 yoshli Lyalin Londonda qorong‘ida mashinasining yoritish chiroqlarini yoqmasdan harakatlanayotgani uchun ko‘chada politsiya tomonidan to‘xtatiladi. O‘shanda spirtli ichimliklarni yoqtiruvchi Lyalin mast edi.
Politsiyachi hujjat so‘raganida Lyalin o‘zining KGB xodimi ekanini aytib, avvaliga uni o‘dag‘aylaydi, so‘ng so‘kib, haqorat qiladi. Politsiyachi haydovchini mast holatda deb gumon qilib, Lyalinni politsiya bo‘limiga olib ketadi.
Politsiyachi avvaliga Lyalinning o‘zini KGB xodimi deb ataganini hazilga yo‘yadi. Bo‘limda Lyalindan analiz topshirish talab qilinadi. Ammo u rad etadi va ish sudga o‘tadi.
Lyalinning politsiya idorasida ekanidan xabar topgan SSSRning Londondagi savdo uyi vakili (u ham KGB xodimi) Lyalin mast holda politsiyachiga o‘zini KGB xodimi deb tanishtirganini bilmasdi. Buni hatto keyinchalik hushi o‘ziga kelgan josusning o‘zi ham eslay olmasdi.
Savdo uyi vakili inglizlarda oshiqcha shubha uyg‘otmaslik maqsadida Lyalin uchun 50 funt sterling garov puli to‘laydi. Ammo uni o‘zi bilan olib keta olmaydi.
Bu paytda hamkasbining ko‘zini shamg‘alat qilib, politsiya bo‘limidan chiqib olgan Lyalin MI-5 idorasi tomon ketib boradi. Hamkasbi uni uyiga ketdi deb o‘ylab, o‘z yo‘liga ketadi.
Shu orada Lyalinni ushlagan politsiyachi hamkasblariga haydovchi mastlikda o‘zini KGB xodimi deb tanishtirganini aytib beradi.
Boshqa politsiyachilar darrov hushyor tortishadi va tezda rahbariyatga ma’lum qilishadi. Rahbariyat esa bu haqda MI-5 xodimlariga xabar beradi. Xavfsizlik xodimlari Lyalinni izlashni boshlaganda u o‘z oyog‘i bilan MI-5 idorasiga kirib keladi.
Dastlabki so‘roqdayoq Lyalin Britaniyadan siyosiy boshpana so‘ramoqchi bo‘lib yurganini va MI-5 idorasiga shu sababli kelganini ma’lum qiladi. Tabiiyki, unga ishonishmaydi.
MI-5 xodimlari agar Lyalin barcha maxfiy ma’lumotlarni bersa, unga ishonishlarini aytishadi. Shunda u MI-5 xodimlariga shart qo‘yadi. Shartda, MI-5 xodimlari bir ayolni ham Lyalinning oldiga olib kelishlari va ularning Britaniya tomonga o‘tgani oshkor bo‘lgach, ikki kishiga siyosiy boshpana berishlari so‘ralgandi.
MI-5 xodimlari ikkinchi ayolning kimligini so‘rashganda u kotibasi Irina Teplyakovani tilga oladi. MI-5 xodimlari buning sababini so‘rashadi.
Shunda Lyalin ayolni sevishini, mabodo aloqalarini oshkor qilishsa ikkalasi ham jazolanishini, ular birga bo‘lish uchun Britaniyadan boshpana so‘rashga majbur bo‘layotganlarini aytadi. Shuningdek, barchasidan qutulishgach oila qurishlarini ma’lum qiladi.
MI-5 xodimlari ayolni ham olib kelishadi va oradan biroz o‘tib, ommaga KGBning ikki xodimi Britaniyadan siyosiy boshpana so‘ragani oshkor qilinadi. Bu paytga kelib Lyalin o‘zidagi barcha maxfiy hujjatlarni MI-5 xodimlariga berib bo‘lgandi.

Lyalin tufayli KGBning Britaniyada ishlab turgan barcha xodimlarining kimligi oshkor bo‘ladi. Shundan so‘ng Britaniya Londondagi SSSR savdo uyi yopilishini e’lon qiladi. U yerda ishlovchi 100 nafardan oshiq odam va SSSRning Britaniyadagi elchixonasi xodimlariga mamlakatni tark etish talabi qo‘yiladi.
Sovet hukumati bir necha oy Britaniya hukumati bilan savdo uyini saqlab qolish yuzasidan muzokaralar o‘tkazadi. Ammo harakatlar behuda ketadi.
1971 yilda savdo uyi yopiladi va u yerdagilar hamda elchixona xodimlari Londonni tark etishadi. Bu ish KGB tarixidagi «eng sharmandali» va eng ko‘p xodim oshkor bo‘lgan hodisa sifatida qayd etilgan.
Britaniyadan quvilganlarning aksariyatiga umrining oxirigacha NATOga a’zo davlatlarga kirish taqiqlanadi.
Lyalin xiyonatining boshqacha talqini
Boshqa manbalarga ko‘ra, Lyalinning Britaniyadan boshpana so‘rashi hodisasi boshqacharoq bo‘lgan.
Lyalinning o‘z kotibasi bilan don olishib yurgani MI-5dagilarning e’tiborini tortadi. Ular Lyalinni kuzata boshlashadi va kotibasi bilan uchrashib yurgan vaziyatlar fotosuratlarini olishadi.
Shundan so‘ng MI-5 xodimlari Lyalin bilan aloqaga chiqib, o‘z kotibasi bilan don olishib yurgani tasvirlangan fotosuratlar borligini, u agar Britaniya razvedkasi bilan hamkorlik qilmasa, ular Moskvaga, xotiniga yuborilishini ma’lum qilishadi.
Shundan so‘ng Lyalin bir muddat ikki tomonga ham ishlaydi. Londonda mast holda politsiya qo‘liga tushganidan so‘ng uzil-kesil MI-5 tomoniga o‘tib ketadi.
Lyalin KGBga va SSSRga xiyonat qilishining bu talqinini asosan rusiyzabon jurnalistlar va blogerlar yozishadi. Ular shu bilan Lyalin vatanga xiyonat qilishga majbur bo‘lganini ta’kidlamoqchi bo‘lishadi.
Ammo bu talqinni MI-5 har doim rad etib keladi va tashkilot Lyalinni shantaj qilishga urinmaganini, uning o‘zi yordam so‘rab kelganini ta’kidlaydi.
Oleg va Irinaning keyingi taqdiri
Oleg va Irinaning Britaniyadan boshpana so‘ragani Moskvada ancha noxushlik bilan kutib olinadi. Oradan ko‘p o‘tmay Buyuk Britaniyadagi sovet elchixonasiga yangi xodimlar yuboriladi.
Ko‘p o‘tmay turli yo‘llar bilan KGB josuslari ham kiritiladi. Josuslarga qanday yo‘l bilan bo‘lmasin Oleg va Irinani topib yo‘q qilish vazifasi qo‘yilgandi.
SSSR tarqab ketgach AQShga ko‘chib ketgan KGB josuslik tarmog‘i sobiq boshlig‘i Oleg Kalugin o‘z esdaliklarida Yuriy Andropov Moskvada majlis o‘tkazib, qanday bo‘lmasin Oleg va Irinani topib, ularni yo‘q qilishni buyurganini yozgan.

Ammo sovet josuslari harchand urinsalar-da, Oleg va Irinani topa olishmaydi. MI-5 ularni ustalik bilan yashira olgan edi.
O‘shanda MI-5 Irinaga Finlandiya poytaxti Xelsinki shahrida tug‘ilgan shved qizi nomi ostida Inga Boyd-Leyn ism-sharifini beradi. Oleg Lyalinga esa Erik ismi beriladi.
MI-5 Oleg va Irina yashayotgan manzilni doimo qo‘riqlar, sal xavf sezilgandan ularni boshqa manzilga ko‘chirardi. 1972 yilda ular qiz farzandli bo‘lishadi.
Bir necha yil o‘tib, vaziyat biroz tinchigach, ularni Shotlandiyadagi uzoq shaharchalardan biriga olib borib joylashtiradi. Ular shu manzilda yashab qolishadi.
Lyalin tabiatan ichkilikni yaxshi ko‘ruvchi shaxs bo‘lgan. Doimiy ravishda mast yuraverishi tufayli 1980-yillar boshida Irina u bilan ajrashadi. Sog‘ligini yo‘qotgan Lyalin 1995 yilda vafot etadi. O‘shanda u 57 yoshda bo‘lgan.
Irina erining vafotidan so‘ng bir muddat o‘zini qo‘riqlab kelgan MI-5 xodimi bilan ishqiy aloqada bo‘ladi. Keyinchalik, SSSR parchalanishi ortidan xavf ancha tarqagach bank xodimi bo‘lgan erkakka turmushga chiqadi.
Irina bir umr o‘zini KGB xodimlari qidirib topishidan qo‘rqib yashaydi. Shu tufayli hatto sovet ittifoqi parchalanib ketganidan so‘ng ham u Moskvada qolib ketgan o‘g‘lining taqdiri bilan qiziqmaydi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
12:03 / 22.03.2025
Mashhur qochoq Oleg Gordiyevskiy vafot etdi. U ham KGB, ham britan razvedkasiga ishlagan
11:03 / 17.02.2025
“Sovuq urush” davrining eng zo‘r josusi – Polsha armiyasi polkovnigi G‘arbga qanday qochib ketgandi?
14:37 / 08.12.2024
KGB boshlig‘idan davlat rahbariga aylangan shaxs – qattiqqo‘l Andropov suiqasd qurboni bo‘lganmi?
13:13 / 28.09.2024