Rossiyalik oligarxlar sanksiyalarga Yevropa sudida e’tiroz bildiryapti
Rossiya va Belarusning sanksiyalar ostidagi jismoniy shaxslari va kompaniyalarining 60 dan ortiq da’volari YeI oliy sudi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda, deb xabar beradi Bild gazetasi.
Rossiya va Belarus oligarxlari va kompaniyalari Lyuksemburgdagi Yevropa sudida Yevropa Ittifoqining ularga qarshi sanksiyalariga qarshi chiqishmoqda. Germaniyaning Bild gazetasi 17 dekabr, shanba kungi sonida Bryussel tomonidan qora ro‘yxatga kiritilgan shaxslar va kompaniyalarning YeI oliy sudida hozirda 61 ta da’vo arizasi ko‘rib chiqilayotgani to‘g‘risida ma’lum qildi.
Yevropa sudi saytida e’lon qilingan hujjatlarga ko‘ra, ikki oligarx – Grigoriy Berezkin va Gennadiy Timchenko, masalan, o‘zlariga yetkazilgan «nomoddiy zarar» uchun tovon puli berilishini talab qilmoqda. YeSN kompaniyalar guruhiga egalik qiluvchi multimilliarder Berezkin o‘z shikoyatida «obro‘siga jiddiy zarar yetganini» va Ukrainadagi voqealarga aloqasi yo‘qligini, shuningdek, Rossiya hukumatini qo‘llab-quvvatlamasligini da’vo qilmoqda. Nomoddiy zarar uchun kompensatsiya sifatida u ramziy bir yevro talab qildi. Ayni paytda, Shveytsariyada yashovchi Timchenko «Rossiya» bankining asosiy aksiyadori va Vladimir Putinning yaqin do‘sti bo‘lib, prezident bilan ba’zan hatto hokkey ham o‘ynab turardi. U 1 million yevro to‘lanishini talab qilmoqda. Uning fikricha, Yevropa Ittifoqi rasmiylari uning Putin bilan munosabatlarini baholashda yaqqol xatoga yo‘l qo‘ygan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, da’vogarlar ro‘yxatiga G‘arbda taniqli bo‘lgan boshqa oligarxlar, jumladan, Londonning «Chelsi» futbol klubi sobiq egasi Roman Abramovich va «Alfa-Grupp» moliyaviy guruhi rahbari Mixail Fridman kiradi. Abramovich ham Timchenko kabi «ma’naviy zararni qoplash uchun» 1 million yevro talab qilmoqda. Agar Abramovichning da’vosi qanoatlantirilsa, bu mablag‘ urush qurbonlariga yordam berish uchun «Chelsi» FKni sotishdan tushgan mablag‘lar hisobidan u yaratgan xayriya jamg‘armasiga yuboriladi. Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov ham sanksiyalar ro‘yxatidan istisno berilishiga uringan, biroq Yevropa sudi uning talablarini qondirishdan bosh tortgan.
Mavzuga oid
11:53 / 22.11.2024
AQSh Rossiyaning 50 ta bankiga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi
11:54 / 19.11.2024
Britaniya RFga qurol yetkazib bergani uchun Eronga qarshi sanksiyalar kiritdi
20:17 / 16.11.2024
Sanksiyalar Rossiyaning yirik gaz loyihasini cho‘ktirib yubormoqda - OAV
10:05 / 16.11.2024