O‘zbekiston | 22:21 / 17.12.2022
5061
5 daqiqa o‘qiladi

Shahrisabz Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 2024 yilgi turizm poytaxti bo‘ladi

O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mamlakatlari turizm vazirlarining IV yig‘ilishiga raislik qildi. Tadbir doirasida Shahrisabz shahri 2024 yil IHT turizm poytaxti deya e’lon qilindi.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar turizm vazirlarining IV yig‘ilishi onlayn formatda bo‘lib o‘tdi. Tadbir IHTda “2022 yil – o‘zaro aloqalarni mustahkamlash yili konsepsiyasiga muvofiq O‘zbekiston raisligida o‘tkazildi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda tashkilotga a’zo davlatlarning turizm idoralari rahbarlari va IHT Madaniyat instituti prezidenti ishtirok etdi. Tadbirga O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov raislik qildi.

Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga O‘zbekiston, Turkmaniston, Turkiya, Eron, Tojikiston, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Ozarboyjon mamlakatlari kiradi.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi 

IV yig‘ilish kun tartibidan IHT mintaqasida COVID-19 pandemiyasidan keyin turizm sohasini jadal tiklash, xavfsiz va barqaror rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”, “IHT turizm poytaxti nomzodlari, “ECO Vision 2025” mandatlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar taqdimoti hamda IHTga a’zo davlatlarning Samarqand deklaratsiyasi o‘rin oldi.

Aziz Abduhakimov yig‘ilish ishtirokchilarini O‘zbekistonda turizm sohasida qilinayotgan islohotlar, joriy yil natijalari va davlat rahbari tomonidan kelgusi yilga qo‘yilgan aniq rejalar bilan tanishtirdi. Shuningdek, 450 millionga yaqin aholiga ega IHT hududi yirik turizm bozori ekani, ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash orqali turistlar oqimini sezilarli darajada oshirishga doir takliflar ilgari surildi.

Shu bilan birga, tashkilotga a’zo davlatlar turizm sohasi rahbarlari 2023 yil Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi va uning doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda faol ishtirok etishga taklif qilindi.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi 

O‘z navbatida, IHT Bosh kotibi va a’zo davlatlarning delegatsiya rahbarlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi raisligi doirasida ilgari surilgan tashabbuslar barcha davlatlar turizm sohasi manfaati yo‘lida xizmat qilishi, ko‘p tomonlama aloqalarning yanada jadallashishiga hissa qo‘shishi ta’kidlandi.

Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ilgari surilgan qator tashabbus va hujjatlar tasdiqlandi. Bular:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 28 noyabr kuni Ashxobod shahrida o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining XV sammiti doirasida ilgari surilgan tashabbusga ko‘ra, “IHT mintaqasida COVID-19dan keyin turizmni jadal tiklash, xavfsiz va barqaror rivojlantirish “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi 

2. IHTga a’zo davlatlar boy tarixiy va madaniy merosini e’tirof etish, turizm sohasining iqtisodiy va barqaror rivojlanish, xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlikni ta’minlashda asosiy omil sifatida ta’kidlash, a’zo davlatlar tomonidan qilingan ishlar va pirovard maqsadlarni belgilovchi “Samarqand deklaratsiyasi” qabul qilindi.

3. Tashkilot a’zolari tomonidan 2000 yillik tarixga ega, UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Shahrisabz shahri 2024 yilda IHT turizm poytaxti sifatida ma’qullandi.

Barcha yurtdoshlarimizni Shahrisabz shahri 2024 yilda IHT turizm poytaxti deya e’lon qilingani bilan tabriklaymiz! Bu qarorning qabul qilinishida O‘zbekistonda prezidentimiz boshchiliklarida turizm va madaniy meros sohasi rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, Shahrisabz shahrining boy tarixi va madaniy merosi, Ipak yo‘lida turizmning rivojlanishidagi o‘rni va sohani barqaror rivojlantirish salohiyati inobatga olindi. Zero Shahrisabz 2000 yillik tarixga ega bo‘lib, UNESCO'ning Butunjahon merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan”, – dedi Aziz Abduhakimov.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi 

Shahrisabzning bu maqomni olishini keng miqyosda nishonlash ko‘zda tutilgan. Qolaversa, shaharda va butun Qashqadaryo viloyatida turizm infratuzilmasini yaxshilash, ekoturizm, etnoturizm va boshqa yo‘nalishlarda salohiyatni yuksaltirish, hududning nomoddiy merosini keng ochib beruvchi madaniy tadbirlar, turizm tadbirkorligi, shu jumladan, yoshlarning faolligini oshirish bo‘yicha alohida dastur amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbir yakunida IHTga a’zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi raisligida ilgari surilgan takliflar va qabul qilingan hujjatlar turizm sohasidagi xalqaro hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqishiga ishonch bildirildi.

Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish