Jamiyat | 13:42 / 17.12.2022
21077
5 daqiqa o‘qiladi

Tundagi qasos. Nega uxlamay, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib o‘tiribmiz?

Pandemiya davrida internet odamlarning eng asosiy ovunchog‘iga aylandi. Ularni zeriktirmaydigan tomosha, vayn va seriallar ham ko‘paydi. Endilikda normal hayotga qaytish pallasida, haligacha odamlar uxlolmay ijtimoiy tarmoqlarni kuzatishda davom etyapti. Bu kasallikmi?

Foto: Reuters

Tunda uxlamay, serial tomosha qilish yoki ijtimoiy tarmoqdagi videolarni kuzatish ko‘pchilik uchun odatiy holga aylanmoqda. Ayniqsa, kun davomida ishdan toliqib, jismonan va aqlan charchagan ishchilar orasida bu kundalik turmush tarzining bir bo‘lagiga aylanmoqda. Quyida ushbu holatni atroflicha o‘rganib, odamlar charchasa ham, videolarni tomosha qilib yotganiga nima sabab bo‘layotganini anglashga harakat qilamiz.

Tungi qasos

O‘zi istagan mashg‘ulot bilan shug‘ullanishga vaqt topolmagan odam tunda shularni bajarishga kirishadi. Ko‘pincha bu ofisdagi ish, muhlati yaqinlashib qolgan buyurtmalar yo o‘qituvchi uchun o‘quvchilarning konspekti bo‘lishi mumkin. Ammo ayrim odamlar shunchaki vaqtini erkin tasarruf eta olmagani, ish paytida ko‘ngilyozar lahzalar kam bo‘lgani uchun ijtimoiy tarmoqlarni “titkilaydi”. Yildan yilga onlayn video platformalar orqali serial, vayn (qisqa hazil, satirik lavhalar) va ibratli masallar tomoshabinlari soni ortib borayotgani sir emas. O‘ziga xos “tungi qasos” yoxud “uyquni kechiktirish” (prokrastinatsiya) 2014 yili rasman termin sifatida mediada ishlatila boshladi. Unda sutkasiga 12 soat ishlaydigan xitoylik mehnatkashlar orasida tungi paytda qo‘l telefonida video-strim (onlayn platforma orqali serial) tomosha qilishi tasvirlangan. Keyinroq, 2019 yili jurnalist Dafna Li ushbu holatga batafsil to‘xtalib, “kunduzi hayotini erkin tashkil eta olmagan kishilar tunda, uyqusidan voz kechib, shunday qasos olayotgani” haqida yozgan.

Prokrastinatsiyani qanday tanib olish mumkin?

Hamma kech uxlaydigan, tunni bedor o‘tkazuvchilar ham prokrastinatsiya (ishlarni keyinga qoldirish ma’nosida) qiluvchilar toifasidan emas. Ayrimlar shunchaki murakkab rejimli ishda mehnat qilgani, boshqalar kun davomida to‘plagan ishlarni bir kunda hal qilish uchun shijoat qiladi. Ayniqsa, chaqalog‘i bor ota-onalar, shaxsiy ehtiyojlariga vaqt ajrata olmaganlar uchun oqshomda ishlarni bitkazish qulayroq. Shunga qaramay, tadqiqotchilar “tungi uyquni kechiktiruvchilar”ni tanib oladigan to‘rt sifatni quyidagicha ko‘rsatgan:

– tunda uxlash vaqti qisqaradi;

– uyquga xalaqit qiladigan sabablar (kasallik, yotoqdagi sharoit va h.k.) bo‘lmay turib, to‘shakda uxlamay yotish;

– gadjetlardan ajramaslik, maqsadsiz ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarni kuzatish va videolarni surunkali tomosha qilish;

– ayni paytda uyquni kechga surish ertalab yomon oqibatlarga (ham jismonan, ham ruhan) olib kelishini bila turib, uxlamaslikda davom etish.

Tungi prokrastinatsiyaga nima sabab bo‘ladi?

Albatta, buning eng katta sababi – kun davomida xayolda rejalangan ishlar uchun vaqt yetishmasligi. Bundan tashqari, quyidagi sabablar ham tunda uxlamaslikka olib kelishi aytiladi:

– o‘zini ongli boshqara olmaslik;

– tungi uyqu rejimi buzilishi – “boyo‘g‘li”ga erta uxlash qiyin bo‘ladi;

– kundalik turmush tarzi va ishxonadagi asab buzilishi;

– og‘ir ish kunidan keyin o‘zini chalg‘itishga bo‘lgan yuqori his.

Tabiiyki, uyquni kechga surish odati davomiy kuzatilsa, shaxsiyatda o‘zgarishlar ham yuz beradi. Jurnalist Dafnaning aytishicha, uyqusiz ishchilar orasida depressiya, xavotir, diqqatni yig‘a olmaslik ko‘p uchragan. Ularning ko‘pchiligi yurak-qon tomiri kasalliklari bilan xastalangan. Eng yomoni esa immuniteti tushib, xotira pasaygan. Shunday ekan, zamonaviy yomon odatga qarshi kurashishning samarali usullari bormi? Ha, avvalo shuni bilingki, buning uchun qat’iy iroda kerak.

Uyqu rejimini normallashtirish bo‘yicha tavsiyalar bilan tanishib chiqib, ularni uch guruhga ajratish mumkin: vaqtni boshqarish, ovqatlanish va tungi rejimga amal qilish, shuningdek mutaxassislar maslahatiga quloq tutish kerak. Asosan, ishni tartibga solish lozim, oshiqcha yuklamalardan voz kechib, shaxsiy mashg‘ulotlar uchun vaqt toping. Tartibli ovqatlanish va sog‘lom turmush tarziga rioya eting. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, uyquning “ajali” gadjetlar bilan uxlashdan kamida 1 soat oldin “xayrlashish” kerak.

Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi.

Mavzuga oid