Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xorijdan chaqirilgan kadrlar bilan nega kutilgan natijaga erishilmayapti? – kadrlar siyosatidagi muammolar tahlil qilindi
O‘zbekistonda chet eldan chaqirilgan vatandoshlar potensialidan davlat boshqaruvida to‘g‘ri va to‘liq foydalanilmayapti. Bu haqda kecha, 16 dekabr kuni “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan “Mafkuraviy immunitet va milliy g‘ururni qanday shakllantiramiz?” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatiga chaqirilgan qator tahlilchilar yakdil fikr bildirishdi.
Ular shuningdek, O‘zbekiston kadrlar siyosatidagi muammolar nimadan iboratligi borasida ham tahliliy fikrlarini bildirib o‘tdi.
Iqtisodchi Abdulla Abduqodirovning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi hozirgi sharoitni o‘zgartirish uchun chet eldan kelgan har bir mutaxassisning berayotgan taklifiga e’tiborni kuchaytirish kerak.
“Buning bir necha yo‘llari bor. Birinchidan, uning yoniga tajribali, boshqaruvda kuchi bor, eski tizimni yaxshi biladigan bir insonni qo‘yish kerak. U eski va yangi tizimni solishtirib, yaxshiroq qarorlar qabul qilishga yordam beradi.
Lekin olib kelingan kadr bu taklifni o‘z vaziriga emas, jamoatchilikka olib chiqishi kerak. Eng yomoni va achinarlisi hozir chetdan kelgan zo‘r-zo‘r kadrlar bilan ishlaydigan odam yo‘q. Ularning gapini eshitadigan odam yo‘q.
O‘z tajribamdan bilaman, 1998 yilda chet eldan kelgan xorijiy kompaniyani PR menejyer sifatida yollashgan. Birinchi ikki oylikda ular bilan uchrashishga vaqt bo‘lmagan. Ayb menda bo‘lgan. Ikki oy davomida ular shunchaki yurgan. Takliflar bilan chiqyapti, eshitadigan odam yo‘q.
Bir kuni kompaniya rahbari jahl bilan qattiq-qattiq, nafsoniyatimga tegadigan gaplarni gapirdi. Lekin keyin o‘zimga aytdim, gapi to‘g‘ri-ku. Ular keldi, biz unga pul to‘layapmiz, lekin gapini eshitmayapmiz. Shuning uchun g‘ururimni bosdim-da, uning gapini eshitdim. Ishonasizmi, u menga qanday zo‘r g‘oyalarni berdi. Ya’ni men qilayotgan ishimga o‘zgalarning ko‘zi bilan qarab ko‘rdim va juda jirkandim. Aynan o‘sha nuqtayi nazar tufayli faoliyatimga juda katta o‘zgarishlar kiritdim.
Savolingizga javob shu: ularning yoniga tajribali bir adibni qo‘yib, ularning fikrini kengroq muhokamaga olib chiqish yo‘llarini izlash kerak.
Ikkinchidan, yuqori elita ham bunday debatlarga tayyor bo‘lishi kerak. Men ko‘p vazirlarni ko‘raman. Ular u selektordan bu selektorgacha yashaydi. Xodimlar bilan uchrashib, ularni eshitib, fikrlarini jamlashga ham vaqti yo‘q. Faqat hisobot tayyorlash bilan ovora bo‘lib qolyapti”, — dedi tahlilchi.
U fikrlari davomida shuningdek, chetdan chaqirilgan vatandoshlar tajribasi va potensiali bugun bizning elitada qanchalik xohlanyapti, deya berilgan savolga ham javob qaytardi.
“Menimcha, birinchi hokimiyatda bu savolga to‘g‘ri javob topilgandi. U paytda vazirliklararo koordinatsiya tizimi bo‘lardi. U yerda ko‘plab “umidchilar” ham bo‘lardi va ular o‘z fikrlarini ayta olardi. Afsuski, bu tajriba uzoqqa bormadi, uch yilcha davom etdi va tugadi. Bu tajriba bor edi bizda.
Biz bugun turli sohalarda bunday platformani yaratsak bo‘ladi. Ya’ni turli sohalardagi yosh olimlar, ilm egalari deymizmi, qilingan bir platformada o‘z fikrlarini aytishi mumkin. Shu orqali ularning orasidan “pichoqqa ilinadigani”ni tanlab olish mumkin.
Biz ko‘rayotgan holat shundayki, biz juda qimmatbaho narsalarni olib keldik-da, lekin ulardan foydalanmayapmiz. Biz ularga katta oylik ham beryapmiz, lekin katta oylik bersak, ish o‘z-o‘zidan ketadi, deb xato o‘yladik. Chunki ular oylik uchun kelmadi. Ular yurtni sevgani uchun rozi bo‘ldi.
Boshidan noto‘g‘ri yondashuv bo‘ldi. Ular uchun eng muhimi fikri eshitilishi va shu fikrning amalda joriy qilinishi. Ya’ni o‘zini realizatsiya qilish qobiliyati. Lekin bu imkoniyatni yaratib bermayapmiz. Biz buning yo‘llarini qidirishimiz kerak. Balki bu borada qandaydir forumlar bo‘lishi kerakdir.
Bugun agar iqtisodiy blokni oladigan bo‘lsak ham u yerda ikki xil mafkura bir-biri bilan kurashmoqda. To‘rtta vazirlik bo‘lsa, to‘rt xil ishni qiladi. Bir-birini eshitmaydi. Bu juda achinarli hol. Chunki bu kurashning natijasi bo‘lishi kerak. Argumentlar eshitilishi, tanlab olinishi kerak”, – dedi tahlilchi Abdulla Abduqodirov.
Chetdan chaqirilgan vatandoshlar bilan kutilgan natijaga erishilmayotgani, ularning potensialidan yetarli foydalanilmayotgani borasida tahlilchi Hamid Sodiq ham o‘z fikrlarini bildirdi.
“Yuqorida yangi kelgan kadrlar tizim tepasidagi vazirlar tomonidan hatto selektorlarga olib kirilmaydi, degan fikrlar ham bo‘ldi. Bu aslida hokimiyatning milliy g‘oyasi. Bu kichik, marginal fikr emas. Bu tepadagi eng katta g‘oya. Mana bu katta muammomiz.
Aslida o‘zimizda ham yangi fikr bera oladigan kadrlar bor. Lekin bunday kadrlar boshqa platforma. Bu ikkita tafakkur tarzi. Ya’ni ularning ko‘pchiligi tezisga bog‘langan.
Mansabimni yo‘qotib qo‘yaman degan tushuncha mansabdorlarning ichidagi tushuncha emas, bu markaziy tushuncha”, — dedi tahlilchi.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, kadrlar masalasida barcha muammo yaratilgan va amalda ishlayotgan tizimda hisoblanadi. Jumladan, kadrlar siyosatida raqobat tizimi yaratilsagina kutilgan natijaga erishish mumkin.
“Birinchi va ikkinchi ma’muriyatning kadrlar siyosati falsafasida katta farq bor.
Birinchi ma’muriyat davrida kadrlar jamiyatning ehtiyojlarini malakali anglash va ularni kanallashtirish emas, jamiyatni imkon qadar nazorat qilish falsafasi edi. Shuning uchun birinchi ma’muriyat davridagi eng qudratli shaxslar kimlar bo‘lganini yaxshi bilamiz.
Bugungi kunda “kitob, intellekt kulti” shakllanib boshlayapti. Tizim shunday bo‘lishi kerakki, birinchidan, insonlar o‘ziga intellektual kapital yuklasin, ikkinchidan, bu bilimlar maksimal amalga oshishi uchun imkoniyat bo‘lishi kerak. Buning uchun tizim kerak.
Ya’ni biz ko‘p vaqtdan beri aytib kelamizki, birinchi o‘rinda tuman va keyin viloyat hokimlari saylanishi kerak. Ko‘p davlatlarda hatto prokurorlar va sudyalar saylanadi. Davlat budjetidan oylik oladigan har qanday mulozimlar saylanadi. Mana shu tizim shakllanadigan bo‘lsa, albatta intellektual raqobat bo‘ladi.
Birinchidan intellektual raqobat, ikkinchisi axloqiy raqobat. Chunki bu ham muhim. Ya’ni bu tizim imkon qadar kuchli raqobatga asoslangan tizim bo‘lganidan keyin kadr Amerika yoki Yevropaga borgan bo‘lishi kerak emas. Mana masalan, Gruziya hamma kadrlarini ham chetda o‘qitib kelgani yo‘q”, – deya siyosatshunos fikrlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
20:47 / 30.04.2025
Urushlarning o‘zgargan motivi: tashqi tahdid emas, ichki siyosiy maqsadlar
19:20 / 26.03.2025
Putin “Yalta 2.0”ga erisha oladimi? Qrimdagi konferensiyada nima bo‘lgan?
20:52 / 22.03.2025
Ko‘p qutbli dunyo tartiboti: bu O‘zbekiston uchun imkoniyatmi yoki tahdid?
23:12 / 20.03.2025