O‘zbekiston | 17:17 / 18.12.2022
32035
6 daqiqa o‘qiladi

Alisher Qodirov yana bir bor migrantlarni soliqqa tortish masalasini ko‘tardi

Qodirov ko‘targan masalaga javoban iqtisodchi Abdulla Abduqodirov O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasi va boshqa bir qancha mamlakatlar bilan ikkiyoqlama soliq to‘lashning oldini olish bo‘yicha shartnomalari borligini eslatdi.

“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov 16 dekabr kuni “Mafkuraviy immunitet va milliy g‘ururni qanday shakllantiramiz?” mavzusida partiya tashabbusi bilan o‘tkazilgan davra suhbatida yana bir bor migrantlarni soliqqa tortish masalasini ko‘tardi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

“Migrantlarning soliq to‘lash masalasini ko‘targanimizda meni, bizni juda ko‘p tanqid qilishdi. Aslida Konstitutsiya bo‘yicha o‘ylab qarasangiz, O‘zbekistonning har bir fuqarosi soliq to‘lashga majbur. Bu – majburiyat. Lekin bu majburiyatni hech kim muhokama qilishni ham xohlamaydi. Ular (migrantlar) savdolashyapti va aytyaptiki, men ishni o‘zim topdim, o‘zim topganim uchun ham soliq to‘lamayman.

Ya’ni ular aytyaptiki, davlat menga ko‘rsatishi kerak bo‘lgan xizmatni ko‘rsatmagani uchun ham men o‘z majburiyatimni bajarmayman. Bu nima, davlatga e’tirozmi yoki huquqlarini anglamaslikmi? Yoki boshqa qandaydir e’tirozmi?

Mana shunday masalalarning orqa tomonini ham o‘ylab ko‘rsangiz, ular bu yerda topishi mumkin bo‘lgan shuncha mablag‘ni o‘sha yerga borib, qancha qiyinchilik, azob va yana qancha kamsitishlar bilan topyapti. Chunki mana hozir bitta migrantimiz Rossiya Federatsiyasiga uch tomonlama daromad keltiryapti. Birinchidan, yuz so‘mlik ishni yigirma so‘mga bajaryapti, ishlash uchun patentga pul to‘layapti hamda ko‘rgan daromadidan soliq to‘layapti.

 U hozir uch tomondan daromad manbayiga aylangan. Aslida ayrim davlatlar bizga migrantlar bilan tahdid qilishi emas, biz migrantlarni qaytarib olish bilan ularga tahdid qilish imkoniyatiga egamiz”, – dedi Alisher Qodirov.

U shuningdek, davlat oldiga mana shunday shartlarni qo‘yayotgan migrant munosabati tabiiy munosabatmi yoki bu boshqacha baholanishi kerakmi, deya iqtisodchi Abdulla Abduqodirovga savol bilan yuzlandi.

Iqtisodchi esa partiya yetakchisining savoli va ko‘targan masalasiga javoban xalqaro shartnomalar bo‘yicha migrantlar shusiz ham soliq to‘lab kelayotganini eslatdi.

“Soliq to‘lash masalasiga kelsak, O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasi va boshqa bir qancha mamlakatlar bilan ikkiyoqlama soliq to‘lashning oldini olish bo‘yicha shartnomalari bor. To‘g‘ridan to‘g‘ri daromad solig‘i shu shartnomaga kiradi.

Ya’ni agar O‘zbekiston fuqarosining daromad manbayi Rossiya o‘lkasi bo‘lsa va u bu daromaddan Rossiyada soliq to‘layotgan bo‘lsa, bu to‘g‘ridan to‘g‘ri soliq bo‘ladi hamda u O‘zbekistonda bu soliqni to‘lamaydi. Yoki shuning teskarisi. Agar Rossiya fuqarosi O‘zbekistonga kelib daromad olsa va bizda undan daromad solig‘i ushlab qolinsa, u Rossiyada soliq to‘lamaydi.

Demak, biz Rossiyada soliq to‘lagan fuqaroni ikkinchi marta soliqqa tortishga haqqimiz yo‘q. Chunki Rossiya bilan qilingan bu shartnomaga 1993 yilda (1994 yil 2 martda – tahr.) qo‘l qo‘yilgan. Bu kabi shartnomalar masalan, Buyuk Britaniya, AQSh kabi yuzlab davlatlar bilan imzolangan. Shuning uchun bu borada migrantlarning huquqiy asosi bor”, – dedi Abdulla Abduqodirov.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda o‘tgan prezidentlik saylovi oldidan o‘z targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini olib borayotgan Alisher Qodirov xorijda ishlayotgan o‘zbekistonlik migrantlar vataniga yuborgan mablag‘larni soliqqa tortish taklifini ilgari surgan edi.

Uning bu taklifi keng jamoatchilik, xususan, migrantlar va ularning yaqinlari o‘rtasida keskin norozilik keltirib chiqargan.

O‘z o‘rnida Kun.uz O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumatlari o‘rtasida 1994 yil 2 martda imzolangan «Daromaddan va mulkdan olinadigan soliqlarning ikkiyoqlama qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida» bitim imzolanganini eslatgan.

Unga ko‘ra, bitimda O‘zbekistonda O‘zbekiston fuqarolari, ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, Rossiyada jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i ikkiyoqlama qo‘llanishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Jumladan, bitimning 23-moddasiga ko‘ra, ahdlashayotgan davlatlardan birining rezidenti ushbu bitim qoidalariga muvofiq boshqa ahdlashayotgan davlatda soliqqa tortilishi mumkin bo‘lgan daromad olsa, u holda bu daromadlar summasidan birinchi eslatib o‘tilgan davlatdagi daromad munosabati bilan bunday shaxsdan undiriladigan soliq chegirib tashlanishi mumkin.

Vaholanki, bunday chegirish ushbu birinchi davlatning soliq qonunlari va qoidalariga muvofiq hisoblab chiqilgan daromad summasidan oshmasligi kerak.

Mavzuga oid