Gaz muammosiga yechim, aybdorlarga qamoq va hayfsan - hafta dayjesti
Turkmaniston bilan kelishuv qishki gaz defitsitini “to‘liq hal qilishi” aytilyapti. Energetika tizimidagi amaldorlardan kamida 12 tasining ustidan jinoyat ishi ochildi. Prezident oldida “qishga tayyorgarlikni barbod qilgan” hukumat miqyosidagi mansabdorlarning lavozimga loyiqligi masalasi turibdi. Yakunlanayotgan haftaning asosiy voqealari – Kun.uz dayjestida.
Gaz va elektr muammolarini hal qilish oson emas, lekin odamlardagi kayfiyatga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladigan ikkita narsani qilib qo‘yish judayam oson. Birinchisi – koll-markazlar. Chiroq o‘chganida bir asabiylashgan odam 1154 qisqa raqamiga telefon qilib tusholmaganida battar asabiylashadi. Shu oddiygina masala nega hal qilinmayotgani tushunarsiz.
Yechimi oddiy, lekin ijtimoiy kayfiyatga katta ta’sir qiladigan yana bitta masala – rejali o‘chirishlar grafigi. Odamlar chiroq o‘chganda qachon yonishini, yonganida esa qachon o‘chishini aniq bilsa, ishlarini shunga qarab rejalashtiradi; chiroq o‘chganida esa nisbatan xotirjamroq qaraydi, chunki buni avvaldan kutgan va tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygan bo‘ladi.
Shu hafta energetiklar nihoyat shu ishga qo‘l urdi. Hamma hududlardagi elektr korxonalari ta’minotdagi rejali uzilishlar jadvallarini e’lon qildi. Bu jadvallarga qanchalik rioya qilinyapti va ular aholi orasida qanchalik kengroq tarqatilyapti, hozircha bir narsa deyish qiyin.
Grafiklarga ko‘ra, eng kam cheklovlar poytaxt Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi – kuniga 1 marta va maksimum 2 soat. Viloyatlarda esa rejali uzilishlar 2-4 soatdan kuniga 4-7 martagacha, bir sutkada jami 12 soatgacha ekanini ko‘rish mumkin.
Ko‘plab viloyatlarda 2 soatdan kuniga 4 marta, ayrimlarida 1 soatdan kuniga 6 marta, yana ayrimlarida esa 1-2 soatdan kuniga 7 marta uzilish qilish ko‘zda tutilgan. E’lon qilingan grafiklar faqat rejali cheklovlarga oid, ya’ni avariyaviy uzilishlarga taalluqli emas. Shu bilan birga, grafikda belgilangan soatlarda chiroq o‘chmasligi ham mumkin, bu – ob-havo sharoiti va resurslarning yetish-yetmasligiga bog‘liq.
Afsuski, e’lon qilingan juda ko‘p suratlarning sifati juda past, ularni umuman o‘qib bo‘lmaydi. Ayniqsa, Toshkent viloyati hududiy elektr tarmoqlari kanaliga grafiklar o‘ta sifatsiz qilib yuklangan; “topshiriq bajarildimi, bajarildi” qabilida, qo‘l uchida ish qilingan. Bunday holatni boshqa qator viloyatlarda ham uchratish mumkin.
Turkmanistondan gaz importi 2 barobarga oshishi mumkin
Haftaning asosiy xabarlaridan biri – O‘zbekiston Turkmanistondan gaz importini ikki barobarga oshiradigan bo‘ldi. Dushanba kuni Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov Ashxobodga borib, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhammedov bilan bu borada kelishuvga erishgani aytilmoqda.
Rasman e’lon qilinmagan, lekin rasmiy manbalar tomonidan matbuotga tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, safar chog‘ida O‘zbekistonga 3 oy davomida jami 1,5 mlrd kubometr qo‘shimcha gaz berish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Bu – kuniga 20 mln kubometrga to‘g‘ri keladi.
Hukumatdagi manbalar shu orqali O‘zbekistonda qish kunlaridagi gaz defitsiti hal bo‘lishi mumkinligini aytyapti. Energetika vazirligi import oshirilishidan oldin kunlik gaz defitsiti 10 mln kubometr bo‘lganini ma’lum qilgan. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Turkmanistondan bunga qadar kuniga 15 mln kubometr gaz sotib olayotgandi.
Bundan tashqari, o‘tgan hafta Turkmanistondan elektr energiyasi importi 17 foizga oshirilgani rasman e’lon qilingan edi. Lekin importning oshishi Energetika vazirligining har kunlik hisobotlarida ko‘rinmayapti: yetkazib berilayotgan gaz va elektr miqdorida oy boshidan beri sezilarli o‘zgarish bo‘lmadi.
Hafta o‘rtalarida havo harorati biroz ko‘tarilib, energotizimga yuklama birmuncha kamaydi. Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridagi cheklovlarda hozircha o‘zgarishlar yo‘q. Seshanbadan boshlab Ai-80 benzini aksiz solig‘idan vaqtincha ozod etilgani hisobiga “O‘zbekneftgaz” shoxobchalarida 6800 so‘mdan 5700 so‘mga arzonlashdi. Buning ortidan arzonlashgan benzin uchun turnaqator navbatlar kuzatildi, dastlabki kunlarda Toshkentda 40 daqiqadan ortiqroq navbat kutishga to‘g‘ri keldi. Xususiy shoxobchalarda hozircha sezilarli narx o‘zgarishi bo‘lmadi.
80 markadagi benzin aksiz solig‘iga tortilmasligi bo‘yicha vaqtinchalik tartib 2023 yil 1 martgacha davom etadi.
Energoinspeksiyalar va departament reydlar boshladi
Ai-80 benzinidan aksiz solig‘ini vaqtincha olib tashlash haqidagi prezident qarorida yana bir band bor. Unga ko‘ra, 1 aprelgacha Energetika vazirligining inspeksiyalariga Biznes-ombudsman bilan kelishmasdan turib korxonalarning energiya iste’molini tekshirishga ruxsat berildi. Shu asosda hududlarda tadbirkorlik sub’yektlarining gaz va elektrga noqonuniy ulanishini tekshirish boshlanib ketdi.
O‘tkazilayotgan reydlarda ko‘plab korxonalar bir necha o‘n minglab aholining bir oylik iste’moliga teng gaz yoki svetni o‘g‘irlagani aniqlanyapti. Buning ortidan qator hududlarda energetika mansabdorlari ustidan jinoyat ishlari ochilyapti.
“Hududgazta’minot”ning Toshkent viloyati filiali direktori, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Andijon viloyatining Buloqboshi tumanlari gaz idoralari direktorlari, Surxondaryoning Denov tumani gaz idorasi sobiq direktori va bosh muhandisi ustidan jinoyat ishlari ochildi, ularning ayrimlari qamoqqa olindi.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlari ham tergovga tortilmoqda. Sirdaryo viloyatining Guliston tumani elektr tarmoqlari korxonasi sobiq rahbari, Surxondaryoning Muzrabot, Sherobod va Uzun tumanlari elektr tarmoqlari boshliqlari, Qiziriq tumani elektr tarmoqlari boshlig‘i o‘rinbosari, Sariosiyo tumani elektr tarmoqlari hisobchisi ustidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Muzrabotda ko‘mir ombori mudiri va suv ta’minoti energetigi ustidan ham tergov boshlangan.
Sanab o‘tilgan jinoiy ishlar figurantlarining hammasi – quyi tizimdagi sobiq va amaldagi mansabdorlar. Ular orasida viloyat miqyosidagi faqat bitta amaldor bor: Toshkent viloyati gaz ta’minoti boshlig‘i. O‘tgan hafta bu viloyat prokurori gazga noqonuniy ulanib olgan Olmaliqdagi g‘isht zavodini tarmoqdan uzmaslikni so‘ragani ma’lum bo‘lgandi. Hafta davomida bu voqeaga doir biror yangilik bo‘lmadi: aftidan, prokuror masalasi yopilganga o‘xshaydi.
“Ular qishga tayyorgarlikni barbod qildi” — prezident energotizim bosh rahbarlarining lavozimga loyiqligi masalasini tilga oldi
Energetika inqirozining aybdorlari masalasiga Shavkat Mirziyoyev ham to‘xtaldi. Prezident bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va “O‘zbekneftgaz”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘ztransgaz”, “Hududgazta’minot” raislariga hayfsan berdi. Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, ular hokimlar va sektor rahbarlari bilan birga qishga tayyorgarlikni barbod qilgan.
“Bu qishda o‘zining ta’sirini ko‘rsatadi deb aytganimga qaramasdan, bular pastga tushmaganini hammamiz ko‘rdik. Agar pastga tushib, tizim qilib, qayerda qachon o‘chiramiz, qayerda yoqamiz, benzinni nima qilish kerak – hammasining hisob-kitobini to‘g‘ri qilganda edi, bu gaplar ham bo‘lmasdi. Ular qishga tayyorgarlikni barbod qildi. Bu ham haqiqat. Bular bo‘yicha men ham ko‘p narsani o‘ylashga majbur bo‘laman. Bular lavozimga munosibmi-yo‘qmi, degan savol ko‘ndalang turibdi”, – dedi davlat rahbari.
Prezident energetika sohasi amaldorlari, hokimlar va sektor rahbarlariga 2 oylik favqulodda rejimda ishlashga topshiriq berdi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev benzinga soliq imtiyozi joylarda “o‘yin bo‘lib ketmasligi”ni talab qildi. O‘g‘riliklar bo‘yicha esa, organ rahbarlari kimga qanday jazo berilganini xalqqa aytib turishi kerak.
“Noqonuniy ulanishlar, o‘g‘riliklar bo‘yicha Yo‘ldoshev (bosh prokuror), Bobojonov (ichki ishlar vaziri), Azizov (DXX raisi), Jo‘rayev (MG qo‘mondoni), Mirzaahmudov (energetika vaziri) har kuni xalqimizga kimga qanday jazo berganimizni aytib turishimiz kerak. Aytib turish kerak! Qonun ustuvorligini butun xalq bilishi kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Namoyishni yoritgan blogerga – 21 mln so‘m jarima
Prezident topshirig‘i fonida energetika tizimidagi kamida 12 nafar amaldor tergovga tortilgani haqida yuqorida aytib o‘tdik. Hozirgi kuchaytirilgan rejim vaqtida ularga nisbatan jazo ham qattiqroq bo‘ladimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Lekin hozirgacha qattiqroq jazoni sezib ulgurganlar ham yo‘q emas.
Masalan, Andijonda mayda mezorilikda ayblangan ikki kishi 15 sutkaga qamaldi. Ular metan-shoxobchaga mashinalarni navbatsiz kiritish bilan shug‘ullangan. Oltinko‘l tumani sudida ularga ichki ishlar xodimlariga qarshilik qilish ayblovi ham qo‘yilgan.
Keskin jazoga tortilgan yana bir fuqaro – farg‘onalik bloger Olimjon Haydarov. U o‘tgan hafta O‘zbekiston tumanidagi zavod ishchilarining gaz so‘rab o‘tkazgan namoyishini yoritgani ortidan, 13 dekabr kuni 21 mln so‘m jarimaga tortildi. Ayblovga ko‘ra, bloger namoyish o‘tkazish tartibini buzgan va yolg‘on axborot tarqatgan.
Ayblovni tan olmagan Haydarov sud qarori ustidan apellyatsiya berdi. Deputat Rasul Kusherbayev namoyish o‘tkazish tartibi hali hech qayerda belgilanmaganini aytib, yozilmagan qoidani buzgani uchun fuqaroni javobgar qilib bo‘lmasligini bildirdi. Kusherbayev bu borada Oliy suddan izoh talab qilyapti.
O‘zbekistonda “Miting, yig‘ilish va namoyishlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2019 yilda e’lon qilingan edi. Lekin o‘shanda loyiha qabul qilinmagan, parlamentga ham kiritilmagandi. Shu hafta ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Kun.uz muxbirining savoliga javoban bu hujjat loyihasi tez kunlarda yana muhokamaga chiqarilishini aytdi.
“Hozirgi vaqtda bu hujjat qayta ko‘rib chiqilmoqda va tez kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qaytadan taqdim qilinadi. Jamoatchilik taklif va e’tirozlari olingach, u parlamentga kiritiladi”, – dedi u.
Shohrux G‘iyosov jurnalistlar qarshisiga qachon vazir Po‘lat Bobojonovning o‘zi chiqadi, degan savolga ham javob berdi.
“Vazir ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazish haqida biz axborot bergan edik. Vazirimiz jamoatchilikning taklif va e’tirozlarini inobatga olgan holda bu masalani ko‘rib chiqmoqda. Bu tadbir haqida biz bir hafta avval sizlarga ma’lum qilamiz”, – deya javob qildi IIV so‘zlovchisi.
Kuchishlatar tuzilmalar – Toshkent avtobuslariga mas’ul
Po‘lat Bobojonov jurnalistlar qarshisida bo‘lmasa ham, omma ko‘z oldida ko‘rinish berdi. U 16 dekabr kuni oddiy odamlar bilan birga avtobusda yurib ko‘rdi. Bobojonovga transport vaziri Ilhom Mahkamov hamrohlik qildi. Aynan transport vazirining avtobusda ketayotgani rasmini noyob rasm desa bo‘ladi.
Albatta, ikki vazir ishga, uyiga, mehmonga yoki bozorga avtobusda borgani yo‘q. Ular prezident tanqididan keyin ko‘chaga chiqib, bekatlarda va avtobusda odamlar bilan gaplashib, Toshkentdagi jamoat transporti qay ahvolda ekanini o‘rgandi.
Gap shundaki, Shavkat Mirziyoyev 13 dekabr kuni Uchtepa tumaniga tashrifida avtobus saroylaridan birini ham ko‘zdan kechirdi. Prezident odamlar sovuqda avtobus kelishini ko‘p kutib qolayotganini aytib, mas’ullarga dakki berdi. Davlat rahbari bosh vazirga bahorgacha Toshkentga mingta yangi avtobus olib kelishni buyurdi. Shuningdek, shahardagi 8 ta avtobus saroyi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda holatlar vazirligi va Milliy gvardiyaga biriktirildi.
Shu tariqa, birgina ichki ishlar tizimidan 212 ta xodim o‘zlariga biriktirilgan avtobus yo‘nalishlaridagi muammolarni o‘rganishga kirishdi. Qisqa vaqtda 70dan ortiq nosoz avtobuslar tuzatilib, yo‘nalishlarga chiqarildi. Samarqanddagi zavodda ishlab chiqarilgan 100 ta yangi avtobus tezkor ravishda olib kelindi. Ularga qo‘shimcha tarzda kuch tuzilmalarining 30ta Isuzu avtobuslari ham Toshkent yo‘llarida harakatlana boshladi. Hatto 10 ta turistik avtobus ham yo‘nalishlarga chiqarildi. Shu va boshqa choralar natijasida bir necha kun ichida “Toshshahartransxizmat” tizimidagi avtobuslar soni sezilarli oshdi. Shunga mos ravishda oraliq interval vaqtlari ham qisqargani aytilyapti.
Qo‘shimcha qilish kerak, yo‘nalishlarga chiqarilgan kichik Isuzu avtobuslari nogironligi bor odamlar uchun moslashmagan. Shahar jamoat transportida bunaqa avtobuslardan foydalanish 2018 yilda taqiqlangan edi. Agar topshiriq bajaralib, bahorgacha mingta avtobus olib kelinsa, kichik Isuzu'lardan voz kechilishiga umid qilamiz.
Umuman olganda, hozir Toshkent yo‘llaridagi avtobuslarning soni mingtaga yo yetadi, yo yetmaydi. Yana shuncha avtobus olib kelinishi esa Toshkent uchun uzoq kutilgan juda katta yangilik bo‘lgan bo‘lar edi.
Prezident topshirig‘i bilan, shuningdek, shaharda avtobus haydovchilarining maoshi oshirilib, kamida 5-6 mln so‘m deb belgilandi. “Toshshahartransxizmat” haydovchilarni ishga chaqiryapti. Bunda malaka talablariga ham jiddiy e’tibor berilishi kerak. Aks holda, masalan, seshanba kuni Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida ikkita katta avtobus to‘qnashib ketdi, yo‘lovchilardan ikki nafari jarohat oldi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
UzAuto Motors Damas va Labo sotuvini ham vaqtincha to‘xtatdi. Bungacha kompaniya Spark va Nexia ishlab chiqarishdan voz kechib, Cobalt va Gentra uchun shartnomalar berishni ham noma’lum muddatga to‘xtatgan edi. Shu tariqa, xaridorlar oldida faqat Onix varianti qoldi. Bu model uchun shartnomalar 2023 yil 31 dekabrgacha yetkazib berish sharti bilan tuzilmoqda.
Meksikada 7 nafar o‘zbekistonlik garovga olindi. Ular AQShning Kaliforniya shtatiga ketayotgan paytda hujumga uchragan. Jinoyatchilar hamyurtlarimizdan 1200 dollar talab qilishgan, ularda esa pul bo‘lmagan. Huquq-tartibot idoralari o‘zbekistonliklarni jinoyatchilarning uyidan ozod qilib, migratsiya markaziga yuborgan. AQShdagi diplomatlarimiz ularga yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qildi. Bu hafta, shuningdek, Samarqandda odamlarni Meksika orqali Amerikaga jo‘natmoqchi bo‘lgan ikki firibgar qo‘lga olindi. Ular o‘z xizmatini 25-30 ming dollarga baholagan.
Senat raisi Tanzila Norboyevaning Do‘rmondagi xizmat uyida o‘g‘rilik sodir bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, bu uyda Norboyevaning qizi yashab kelgan va u o‘tgan oyda 12500 dollarning o‘g‘irlanishini shu uyda enaga sifatida ishlagan ayoldan ko‘rgan. Ayol gumonlanuvchi sifatida qamoqqa olingan, lekin aybi isbotlanmagani uchun qo‘yib yuborilgan. Kun.uz'dagi ma’lumotlar ayol qiynoqqa solingan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatyapti. Ichki ishlar vazirligi xizmat tekshiruvi tayinlagan.
Toshkentdagi uchta yirik onkologiya markazidan ikkitasi sotilmaydigan bo‘ldi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Respublika onkologiya markazining Toshkent shahar va Toshkent viloyati filiallari o‘z joyida qoladi. Lekin rasmiylar hozircha sukut saqlashda davom etyapti. Uchala shifoxona 17 dekabr holatiga ham auksionda turibdi. Auksion 19 dekabr, dushanbaga belgilangan.
O‘zbekistonda namoyish etishga ruxsat berilgan xorijiy telekanallar soni 50 tadan 192 taga yetdi. Ro‘yxatda BBC, CNN, CNBC, Fox News, Bloomberg, CGTN, “Al-Jazira” kabi telekanallar ham bor. Buni Rossiyaning axborot auditoriyasidan chiqishga tomon birinchi qadam deyish mumkin. Lekin bu kanallarni asosan IPTV'da ko‘rish mumkin, hozircha kabel televideniyesi paketiga qo‘shilmagan.
Hafta oxirida kadr o‘zgarishlari ro‘y berdi. Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariyev prezidentning aholi bilan muloqot va mahalliy hokimliklar bo‘yicha maslahatchisining o‘rinbosari bo‘ldi. Uning o‘rniga Qoraqalpog‘iston hukumatini Farhod Ermanov boshqaradi. Ermanov bungacha Xorazm viloyati hokimi edi. Xorazmning Qo‘shko‘pir tumani hokimi Jo‘rabek Rahimov viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Mavzuga oid
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024
Allamjonovga suiqasd, qonun ustuvorligida pasayish va Yevropaga yo‘l - hafta dayjesti
22:40 / 19.10.2024