Jahon | 00:14 / 18.12.2022
11577
2 daqiqa o‘qiladi

Peru prezidenti iste’foga chiqishdan bosh tortdi va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga chaqirdi

Mamlakatda siyosiy inqiroz avjiga chiqmoqda.

Foto: Reuters

Yaqinda saylangan Peru prezidenti Dina Boluarte mamlakatdagi ommaviy namoyishlar tufayli iste’foga chiqishni zarurat deb hisoblamasligini ma’lum qildi va kongressdan muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini ma’qullashni talab qildi.

Davlat rahbarining fikricha, uning lavozimdan ketishi «muammoni hal qilmaydi». U o‘z navbatida qo‘lidan kelgan barcha ishni qilganini, xususan, Kongressga saylov o‘tkazish to‘g‘risida qonun loyihasini yuborganini ta’kidladi.

«Men ulardan saylov bo‘yicha yangi ovoz berish jarayonini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqishni talab qilaman», dedi siyosatchi. Avvalroq, qonun chiqaruvchilar 2023 yil dekabr oyida muddatidan oldin saylov o‘tkazilishi haqidagi loyihani rad etishgan edi.

7 dekabr kuni Pedro Kastiloga Kongressni tarqatib yuborishga uringanidan so‘ng impichment e’lon qilindi, politsiya uni qo‘zg‘olon va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda gumonlab hibsga oldi. Shundan so‘ng, Peru sudi uni tergov davom etayotgani sababli, 18 oyga qamoqqa olishga qaror qilgan edi.

Keyinchalik mamlakatda muddatidan oldin saylov o‘tkazish talabi bilan hukumatga qarshi namoyishlar boshlandi. Unda kamida 18 odam halok bo‘lgani haqida xabar berildi. Keyinroq, Peru mudofaa vazirligi rahbari Alberto Otarola Peru hukumati mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilganini aytdi.

Mavzuga oid