Xitoy tahdidi. Yaponiya Ikkinchi jahon urushidan keyin ilk bor harbiy xarajatlarini karrasiga oshirmoqda
Yaponiya hukumati mamlakat uchun yangilangan milliy xavfsizlik rejasi taqdim etdi. U Ikkinchi jahon urushidan buyon ilk bor mudofaa xarajatlarini ikki baravar oshirish, harbiy qudratni sezilarli darajada ko‘tarish va umuman olganda xalqaro siyosatda mamlakat konstitutsiyasi bilan mustahkamlangan patsifizm tamoyillaridan sezilarli darajada chetlashishni nazarda tutadi.
Bunday fundamental burilish Yaponiyaning mamlakatning eng yaqin qo‘shnilari bo‘lgan Xitoy va Shimoliy Koreya tomonidan tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgan tahdidlardan xavotiri tufaylidir.
Juma kuni kechqurun mamlakat bosh vaziri Fumio Kisida millatga teleomurojaat qilib, hukumat birdaniga uchta bir-biriga o‘zaro bog‘langan hujjatni qabul qilganini aytdi - Mamlakat milliy xavfsizlik strategiyasi, Milliy mudofaa strategiyasi va Mudofaa kuchlarini rivojlantirish rejasi.
Asosiy yangiliklardan biri Tokioga «qarshi zarba berish qobiliyati»ga, ya’ni bosh vazir tushuntirganidek, «favqulodda vaziyat yuzaga kelganda va muayyan sharoitlar»da boshqa davlat hududiga harbiy zarba berish imkoniyatiga ega bo‘lishni ta’minlovchi qoidadir.
«Ukrainadagi urush bizga ko‘rsatdiki, biz jang qilish qobiliyatiga ega bo‘lishimiz zarur - Yaponiya esa hozirgacha bunga tayyor bo‘lmagan», - deya Yaponiya havo kuchlarining iste’fodagi generali Tosimiti Nagayavuning so‘zlarini keltirgan mahalliy nashrlar. «Yaponiya juda kech start oldi. Biz 400 metr masofaga yugurish musobaqasida 200 metrga ortda boryapmiz», deya kuyinadi u.
Yaponiya mudofaa vazirligi rahbari Yasukadzu Hamada dekabr oyi boshida mamlakat moliya vaziri bilan birgalikda yaqin besh yil ichida mamlakat mudofaa xarajatlarini ikki barobarga oshirib, NATOga a’zo bo‘lgan mamlakatlarga tavsiya etilgan YaIMning 2 foizi darajasiga ko‘tarish yo‘llarini topish bo‘yicha topshiriq olganini aytgandi.
Yaponiya iqtisodiyoti hajmidan kelib chiqqan holda, bu chora mamlakatni harbiy xarajatlar bo‘yicha AQSh va XXRdan keyingi uchinchi davlatga aylantirishi mumkin.
Bundan tashqari, reja ehtimoliy raqibning raketa uchirish maydoniga oldini oluvchi zarbalar berish uchun AQShdan uzoq radiusda harakatlanuvchi raketalar sotib olinishini nazarda tutadi.
Hujjatda kibartahdidlardan himoyalanish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. «Afsuski, atrofda yadro salohiyatini oshirayotgan, harbiy qudratini jadallik bilan o‘stirayotgan va status-kvoni bir tomonlama tartibda kuch bilan o‘zgartirishga urinayotgan davlatlar bor», deya tushuntiradi yaponlar bosh vaziri.
Strategik hamkordan - asosiy tahdid manbayigacha
Reja bilan tanishishga ulgurgan «Frans press» agentligi xabar qilishicha, bu hujjatda Xitoy «Yaponiyada tinchlik va barqarorlikka eng katta strategik tahdid» o‘laroq baholangan.
Unda Pekin «Tayvan masalasi»ni kuch bilan hal qilish variantini istisno qilmasligi alohida qayd etiladi.
Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisidaning hukumati Rossiya Ukrainaga bostirib kirish orqali Xitoyni Tayvanga bostirib kirishga undaydigan, yaqin atrofdagi Yaponiya orollariga tahdid soladigan, ilg‘or yarimo‘tkazgichlar yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yadigan va ehtimol Yaqin Sharq nefti tashiladigan dengiz yo‘llarini to‘sib qo‘yadigan pretsedent yaratganidan xavotirda.
Xitoyning Yaponiyadagi elchixonasi bu formulirovka bo‘yicha e’tirozini bildirib, Tokioni Pekinning harbiy faolligi to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlar tarqatishda aybladi.
Yaponiya hukumatining tashvishiga yana bir sabab - shimoliy koreyaliklarning raketa sinovlaridir. So‘nggi uch oyda Pxenyan 50 dan ortiq raketa sinovlari o‘tkazdi, jumladan ballistik raketalar uchirildi, ular Yaponiya hududi ustidan ham uchib o‘tdi - bunaqasi so‘ngi besh yillikda kuzatilmagandi.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ushbu hujjatda «jahon tartibi asoslarini larzaga keltirgan, kuch ishlatishni taqiqlovchi qonunlarning qo‘pol ravishda buzilishi» sifatida keltirilgan.
2013 yil qabul qilingan oldingi strategiyada esa Rossiya ham xuddi Xitoy kabi Tokioning strategik hamkori sifatida qayd etilgandi.
Mavzuga oid
17:32
Kiyev va Moskva o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari: u qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkin?
16:11
Frontdagi vaziyat: RF qurolli kuchlari kutilmaganda Ukrainaning yana bir «qal’asi» shturmini boshladi
22:59 / 26.11.2024
Ukraina – Janubiy Koreya: kutilmaganda paydo bo‘lgan ittifoq
21:54 / 26.11.2024