O‘zbekiston | 11:02 / 22.12.2022
10649
1 daqiqa o‘qiladi

“Nurota” qo‘riqxonasida o‘rnatilgan fotoqopqonlarda Qizilqum arxarlarining bir suruvi suratga olindi

Qizilqum arxari Xalqaro qizil kitobga kiritilgan va oxirgi sanoq natijalariga ko‘ra ularning soni o‘rtacha 1400 atrofida ekani aniqlangan.

Foto: Videodan kadr

Jizzax viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmatiga ko‘ra, qo‘mita tasarrufidagi “Nurota” davlat qo‘riqxonasi hududiga o‘rnatilgan fotoqopqonlarda Qizilqum arxarlarining bir suruvi suratga olindi.

Xalqaro qizil kitobga kiritilgan Qizilqum arxari (Seversov qo‘yi) O‘zbekistondagi endemik tur hisoblanib, o‘tgan asrni 60-70 yillarida batamom yo‘qolish xavfi ostida qolgan. Ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan asrda Nurota tog‘larida 100-150 bosh arxarlar qolgan edi. “Nurota” davlat qo‘riqxonasi tashkil etilgandan keyin arxarlar populyatsiyasi qo‘riqxona hududida saqlab qolindi.

Qo‘riqxona hududida ilmiy xodimlar va nozirlar tomonidan har yili bahorgi va kuzgi sanoq olib boriladi. Oxirgi sanoq natijalariga ko‘ra ularning soni o‘rtacha 1400 ga yetgani ma’lum bo‘ldi.

Olib borilayotgan doimiy muhofaza choralari natijasida qo‘riqxonada arxarlarning soni barqarorlashgan.

Mavzuga oid