Jahon | 23:01 / 22.12.2022
7145
2 daqiqa o‘qiladi

Okeandagi mikroplastik cho‘kindilar 20 yil ichida uch baravar ko‘paygani qayd etildi 

Okean tubida joylashgan mikroplastmassalarning umumiy miqdori so‘nggi 20 yil ichida uch barobar oshdi. Bu haqda Barselona avtonom universiteti xabar berdi. 

Foto: Depositphotos

Dengiz tubi suvga tushadigan barcha plastmassalar uchun oxirgi manzil hisoblanadi. Shunga qaramay, olimlarga bunday cho‘kindilarning to‘planish tezligi, ayniqsa, turli o‘lchamdagi chiqindilarniki to‘liq aniq emas. 

Ispaniyalik olimlar mikroplastik cho‘kindilarni tahlil qilib, 11 mikrongacha bo‘lgan zarrachalarning to‘planish tezligini aniqlashga qaror qilishdi. Buning uchun ular Sarmiento de Gamboa tadqiqot kemasi yordamida Ispaniyaning Ebro daryosi deltasi tubidan cho‘kindi namunalarini olishdi. 

Ma’lum bo‘lishicha, tahlil qilingan cho‘kindilar bir necha o‘n yillar oldin shakllangan va shundan beri dengiz tubida o‘zgarishsiz qolgan. 

«Bu bizga 1980 yillardan beri, ayniqsa so‘nggi yigirma yil ichida polietilen va polipropilen zarralari, shuningdek, poliester qanday to‘planganini aniqlash imkonini berdi», deb tushuntirdi Maykl Grelod, tadqiqot mualliflaridan biri. 

Ushbu uch turdagi zarrachalarning ulushi yig‘ilgan loyning kilogrammi uchun 1,5 mg miqdorida edi. Bunda polipropilen eng keng tarqalgan bo‘lib chiqdi. Plastmassaning parchalanishi faqat plyajlarda yoki suv yuzasida sodir bo‘ladi, chuqurlikda u deyarli o‘zgarmaydi, hatto yarim asr davomida ham. 

Bundan tashqari, mikroplastik zarrachalarning to‘planish tezligi plastik mahsulotlarni ishlab chiqarish va iste’mol qilishning o‘sish sur’atlariga to‘g‘ri keldi. 2000 yildan beri dengiz tubida to‘plangan plastik zarralar miqdori uch baravar oshgani qayd etilgan. 

 

Mavzuga oid