O‘zbekiston | 16:27 / 23.12.2022
6097
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni kompaniyasi Qoraqalpog‘istonda 1 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi quradi

Mazkur elektr stansiya yiliga 5,2 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi va natijada yiliga 1,5 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishi rejalashtirilgan.

Foto: Enegetika vazirligi

Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi Qoraqalpog‘istonda umumiy quvvati 1500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini quradi. Bu haqda Enegetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bugun, 2022 yil 23 dekabr kuni Toshkentda Saudiya Arabistoni Investitsiyalar vaziri Xalid al-Falih, “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan, O‘zbekiston energetika vaziri J.Mirzamahmudov, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri J.Xo‘jayev va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida shartnomalar imzolash marosimi bo‘lib o‘tgan.

Foto: Enegetika vazirligi

Mazkur yirik quvvatli shamol elektr stansiyasi 2026 yilda ishga tushirilishi, yiliga 5,2 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi va buning natijasida yiliga 1,5 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishi rejalashtirilgan.

Foto: Enegetika vazirligi

Qayd etilishicha, stansiyada 300 MVt/550 MVt-soat elektr saqlash kimyoviy batareyalari (akkumulyatorlar) o‘rnatiladi. Ushbu batareyalar shamol turbinalaridan chiquvchi o‘zgaruvchan elektr energiyasini rostlab beradi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid