Superliga bosh hakami o‘yinlarga pul tikish va natijaga ta’sir o‘tkazgani uchun O‘FA tomonidan umrbod chetlatildi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, O‘zbekiston Superligasi, Pro liga va Birinchi liganing bir qancha uchrashuvlarida bosh hakam sifatida ishlagan Elyor Tursunov o‘zining tanishi fuqaro R.Sahobutdinov orqali xorijiy bukmekerlik tashkilotlari vakillari bilan o‘zaro til biriktirgan holda o‘yinlarning natijasiga ta’sir o‘tkazish va totalizatorga pul tikish orqali moddiy manfaatdor bo‘lib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qo‘mitasi Elyor Tursunovni Intizom kodeksining 5.60-bandi bilan aybdor deb topdi va unga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan umrbod chetlatish jazosi tayinlandi. Fuqaro R.Sahobutdinov ham Intizom kodeksining ushbu bandi bilan aybdor deb topilib, o‘rganish ishlariga yordam berganligi va boshqa yengillashtiruvchi holatlar inobatga olinib, unga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan 2 yil muddatga chetlatilish jazosi belgilandi.
Shuningdek, bir qator futbolchilar kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganlikda gumon qilinayotganligi holati yuzasidan «Mash’al» tomonidan yuborilgan murojaatni o‘rganish natijasida quyidagilar aniqlandi:
Xususan, futbolchilar Cirojiddin Rahmatullayev va Nikita Pavlenko xorijiy bukmekerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilot vakillari bilan hamkorlik qilib, kelishilgan o‘yinlarda qatnashishga harakat qilganligi aniqlandi. Ushbu futbolchilar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qo‘mitasi tomonidan Intizom kodeksining 5.52, 5.53, 5.60-bandlariga asosan aybdor deb topilib, ularga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan 1 yil muddatga chetlatish hamda jarima intizom jazosi tayinlangan.
Shu bilan birga, «Mash’al» PFK futbolchilari Ravshanbek Yagudin va Dostonbek To‘xtaboyev O‘FA Intizom kodeksining 5.53-bandiga muvofiq «Futbol butunligini (yaxlitligini) himoya qilish to‘g‘risidagi deklaratsiya» bandlarini bajarmagani, ya’ni sport me’yoriy hujjatlariga zid bo‘lgan har qanday urinish yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlar to‘g‘risida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining Futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspeksiyasini o‘z vaqtida xabardor qilmagani uchun aybdor deb topilib, har biriga jarima jazosi tayinlandi.
Bundan tashqari, 2010 yilda (U-12) tug‘ilgan tarbiyalanuvchilar o‘rtasida «Professional futbol maktablari ligasi» O‘zbekiston kubogi doirasidagi Toshkent viloyati FMM — Xorazm viloyati FMM o‘rtasidagi uchrashuvni boshqargan hakamlar M.Orziddinov, G.Bobomurodov va M.Begaliyevga o‘yinni «to‘g‘ri» boshqarishlari uchun «Xorazm» PFKning yordamchi murabbiyi M.Abdullayev tomonidan 3 million so‘m miqdorida pul mablag‘lari berilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qo‘mitasi tomonidan bosh hakam M.Orziddinovga 2 yil muddatga, hakamlar G.Bobomurodov va M. Begaliyevlarga 1 yil muddatga, «Xorazm» PFKning yordamchi murabbiyi M.Abdullayevga esa 1 yil muddatga futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan chetlatish intizom jazolari tayinlandi.
«O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi kelishilgan o‘yinlarni aniqlash bo‘yicha OFK, «Sportradar» va boshqa tegishli tashkilotlar bilan bilan muntazam ravishda hamkorlik qilib kelayotganligini ma’lum qiladi. O‘z navbatida, kelgusida aniqlanadigan holatlar yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantiradi», - deya qayd o‘tgan O‘FA rasmiy sayti.
Mavzuga oid
19:03 / 18.11.2024
PFL Superliga ramziy termasi e’lon qilinishini YTH qurbonlari xotirasiga bag‘ishladi
21:55 / 19.10.2024
Superliga o‘yini yarim soatga to‘xtab qoldi. PFL o‘yin komissarining IIB bo‘linmasiga olib ketilishi bo‘yicha bayonot berdi
12:13 / 17.06.2024
Superliga. Alijonov qaytgan markaziy o‘yinda kuchlar teng keldi - fotojamlanma
14:08 / 13.05.2024