Iqtisodiyot | 19:37 / 27.12.2022
42895
6 daqiqa o‘qiladi

«Mingga yaqinini almashtirdik» – Qo‘chqorov ishtirokida hokim yordamchilari faoliyati yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi

27 dekabr kuni bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov hokim yordamchilari faoliyati yuzasidan jurnalistlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Kun.uz savol-javoblarni jamladi.

Foto: KUN.UZ

Kun.uz: Hokim yordamchilariga yangidan-yangi (30 dan ortiq) vazifalar yuklandi. Bugungi sessiyada ham 2023 yilda hokim yordamchilariga yangi vazifalar ishonib topshirilishi aytildi. Bu ularning ish samaradorligi pasayishiga olib kelmaydimi?

Jamshid Qo‘chqorov: Hokim yordamchilariga vazifalar yuklashga ehtiyot bo‘lib yondashamiz. Agar kimgadir u bajara olmaydigan vazifalarni yuklaydigan bo‘lsangiz, u ko‘zbo‘yamachilik bilan shug‘ullanishni boshlaydi. Prezident bizga hokim yordamchilarining ishiga yolg‘on aralashtirmaslik vazifasini bergan. Hokim yordamchilariga hali juda ko‘p emas-u, ancha ishni topshirsak bo‘ladi. Ular hali unaqa bosimni sezyapti deb hisoblamayman. Ish haqi ancha-muncha yaxshi.

Biz birinchi yildan ko‘ra bundan keyingi yillarda hokim yordamchilaridan yanada ko‘proq malaka talab qiladigan ishlarni talab qilishni yo‘lga qo‘yamiz. Hokim yordamchisi kredit olgan odamning keyingi loyihasida, keyingi bosqichda ham yordam berishi kerak deb hisoblaymiz. Shu tomonga qarab siljishimiz kerakdir. Lekin qanday qilib 9 ming hokim yordamchisini bunga o‘rgatish mumkin? Buning yo‘li – unifikatsiya. Ularga bajara olmaydigan ishini yuklamaymiz. Fikrimcha, hozir ularning quvvatiga bosim 100 foiz tugul, 95 foiz ham emas.

Otabek Qo‘ldoshev, Daryo.uz muxbiri: Hokim yordamchilarida chekka va sharoiti eng og‘ir hududlarda ham oilaviy korxonalarni tashkil qilish topshirig‘i bor. Ming afsuski, bu hududlarda hokim yordamchisi bu ishni qilishni xohlaydi, ammo imkoni yo‘q. Shuning uchun, hokim yordamchilari hududga bormasdan DXMlar orqali oilaviy korxona tashkil qilib qo‘yyapti. Amalda umuman faoliyat yurmayotgan, o‘zi ham bo‘lmagan holatlar bor. Bunaqa topshiriqlar berganda hududlar sharoitini inobatga olish kerak emasmikan? Bu sanoqda bor-u, ro‘yxatda yo‘q korxonalarga o‘xshash yolg‘onlarga yo‘l ochib bermayaptimi?

Jamshid Qo‘chqorov: Birinchidan, imkoniyat doirasida birinchi yili ma’lum hokim yordamchilari faoliyatini baholash ko‘rsatkichlarini kiritganmiz. 1 yanvardan ularning ayrimlarini o‘zgartiryapmiz. Prezidentimiz tumanlarni 5 toifaga bo‘linglar dedilar. Hududlar toifalariga qarab soliq stavkalari ham har xil bo‘ladi.

Biz shu ishimizni boshlaganimizda hokim yordamchilarining ishiga yolg‘on aralashtirmaslikka qattiq e’tibor berganmiz. Har safar shu narsani tekshiramiz. Qo‘shib yozishlar borasida nafaqat ichimizda, balki rahbarlarga hisobot berganda ham javob beramiz. Misol keltiraman: o‘sha baholash ko‘rsatkichlarida hokim yordamchilarining odamlarni kasb o‘rganish uchun o‘qishga yuborganlar sonini ham qo‘shgan ekanmiz. Biz o‘qishga jo‘natishimiz mumkin, ammo u o‘qiydimi? Mana bu boshqa masala. Shu sabab hokim yordamchilari faoliyati baholanayotganda bu baholash mexanizmini chiqarib tashlasak, adolatli bo‘lar ekan.

Biz kamchiliklarimizdan uyalmaymiz. Tanqidni ham to‘g‘ri qabul qilamiz. Qayta-qayta aytaman, umuman olganda hokim yordamchilarining mingga yaqini, ya’ni 9300dan 998 nafarini almashtirdik. Biz bu bo‘yicha ishlarni to‘xtovsiz davom ettirishimiz kerak.

Toshtemir Xudoyqulov, «O‘zbekiston ovozi» gazetasi muxbiri: Murojaatlar bo‘yicha joylarga borganimizda hokim yordamchilari borligini bilishmaydi. 9300dan ortiq hokim yordamchisidan qanchasi xonadonlarga kirib ularning dardini eshitdi, sizda aniq raqamlar bormi? Shuncha hokim yordamchisining  ishini nazorat qila olmaymiz dedingiz, ammo zamonaviy texnologiyalar bor-ku. Yana umuman begona mahallaga hokim yordamchisi bo‘lib boryapti.

– Begona mahallaga hokim yordamchisi bo‘lib borishida yomon tarafini ko‘rmayapman. Xafa bo‘lmang-u, savolingizda mantiq ko‘rmayapman. Ikkinchidan, balki shunday mahallalar bordir, siz aytgandek hokim yordamchilari kirmagan. Siz aytgandek yangi texnologiyalardan foydalanyapmiz: iyun oylarida har bir hokim yordamchisiga planshet tarqatdik. Ya’ni, planshetni ilova va dasturlar bilan to‘ldirish kerak. «Online Mahalla» degan dastur ishlab chiqdik. Ma’lum idoralarga ulanish, ma’lum mahsulotni sotib olish yoki sotishda imkoniyatga ega bo‘ldi.

Hammamiz ham ijobiy o‘zgarish tezroq bo‘lishini xohlaymiz. Bir misol keltirsam. Qorako‘l tumanining Jig‘achi qishlog‘ida bo‘ldik. Atrof cho‘l, bir hokim yordamchisini ko‘rdim, u eksportyorni olib kelib, pomidor ekishga ko‘nikmasi bo‘lgan odamlarni bir xil pomidor ekishga o‘rgatgan. 6-8 gektar yer bor edi, shunga ham pomidor ekishyapti. Eksportyor pomidor urug‘ini o‘zi bergan. U odamlardagi bor ko‘nikmani professionallashtirgan.

To‘lqin Yorqulov, «Mahalla» radiokanali muxbiri: O‘tgan davrda hokim yordamchilari faoliyatini 10 ballik tizimda qanday baholaysiz? 

Jamshid Qo‘chqorov: Endi o‘zimni o‘zim baholashim to‘g‘ri bo‘lmaydi. Menga bahoni bosh vazir, yo administratsiya rahbari beradi. Baholashdan qochyapti demasliklaringiz uchun chetda turgan odam sifatida 7 ballar qo‘ygan bo‘lardim, dedi Qo‘chqorov.

Madina Ochilova tayyorladi

Mavzuga oid