O‘zbekiston | 14:51 / 30.12.2022
27175
7 daqiqa o‘qiladi

Bolalar o‘limi, voz kechilgan shifoxonalar va o‘zi «bemor» tizim. Musayevning vazirlikdagi bir yili 

Sog‘liqni saqlash tizimida «katta sakrash» kuzatilmadi: og‘riqli nuqtalar muammoligicha qolyapti, «rivojlanish» niqobi ostida bor imkoniyatlarni ham yo‘q qilishga urinishlar kuzatildi. Tibbiyotdan chiqmagan yangi vazir tizimda deyarli yangi islohotlar qilolmadi. Yil yakunidagi «Dok-1 Maks» siropi voqealari esa tibbiyotning o‘zi davolashga muhtoj ekanini ko‘rsatib berdi.

Foto: KUN.UZ

Behzod Musayev sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlanganiga bir yildan oshdi. 2021 yil 11 noyabr kuni vazirlik rahbarligida ish boshlagan Musayevga tibbiyot sohasidan chiqmagan bo‘lsa ham boshqaruvchi sifatida tajribaga egaligi uchun katta ishonch bildirilgandi.

«Mehribon» vazir

Musayev sohadagi faoliyatining ilk kunlarida «shifokorlarga talabchan, bemorlarga mehribon vazir» sifatida namoyon bo‘lgandi. Xususan, u yarim tunda poytaxt shifoxonalaridagi vaziyatni o‘rgandi, bayramlarda bemorlar holidan xabar oldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ham tezkor munosabat bildirib turishni e’tibordan chetda qoldirmadi.

Biroq sohaga umumiy nazar tashlanganida yangi islohotlar amalga oshirilmaganini ko‘rish mumkin. Negaki, tizim hamon og‘ir ahvolda: kasalliklar, kasallanishlar soni ortib boryapti, yetuk mutaxassis kadrlar chet davlatlarga ketib ishlashni ma’qul ko‘rishyapti, shu yerda qolganlari turli bosimlarga uchrayapti, ayrim turdagi bemorlar esa hamon umidni xorij shifokorlariga bog‘lashda davom etishmoqda.

Yakunlanayotgan 2022 yilda sog‘liqni saqlash tizimi ko‘proq jabrdiyda soha sifatida «tilga tushdi». Chunki yeng ichida sohaga doir amalga oshirilgan ba’zi ishlar keng jamoatchilikda shunday xulosalarni keltirib chiqardi.

Nishondagi shifoxonalar

Toshkentda jami 17 gektar maydonga ega bo‘lgan uchta onko-shifoxonaning bino-inshootlari sotuvga qo‘yilishi jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jamoatchilik vakillari, tibbiyot xodimlari shifoxonalar maydoni sotib yuborilayotganini fojia sifatida baholadi. Vazirlik esa avvaliga bunga tomoshabin bo‘lib turdi. Ushbu shifoxonalar savdosi jamoatchilikning keskin e’tirozlaridan keyin yuqori darajadagi mansabdorlar aralashuvi bilangina to‘xtatildi.

Toshkent stomatologiya institutiga qarashli bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi binosi vaziri buyrug‘i bilan buzib yuborilgani ham Behzod Musayevning tizim ichidan chiqmagani oqibati bo‘ldi deyish mumkin. Uning o‘z vakolatlaridan chetga chiqqani esa qonunlar ijrosini ta’minlashi shart bo‘lgan prokuraturaning parvoyiga ham kelmaydi.

Sohada muammolar ko‘p ekani sababli prezidentning o‘zi shifoxonalar faoliyati bilan tanishdi, yig‘ilishlar o‘tkazdi.

Xususan, 26 oktyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev xalq talab qilgan tibbiy xizmatni ko‘rsatish vaqti kelganligini ta’kidlab o‘tdi.

«Oldin bemorga bergudek dori ham yo‘q edi. Endi sizlarga sharoit yaratyapmiz. Xalqimiz talab qilgan xizmat ko‘rsatish vaqti keldi», – degandi davlat rahbari o‘shanda.

Tirik borib, o‘lik qaytganlar

Keyingi vaqtlarda biror bir xastalikdan shifoxonaga najot istab borib, tirik qaytmaganlar ko‘payib bormoqda. Birgina Navoiy viloyati, Navbahor tumanida yashagan o‘qituvchining ayanchli taqdirini yodga olaylik: boshi biroz og‘rigani uchun shifokorga borgan ayol uyiga tirik qaytmagan. U shifokorning ukolidan so‘ng soniyalar ichida vafot etgandi. Muolaja qilgan 68 yoshli shifokor esa o‘sha lahzada shoshib qolgani, bilim darajasi yetmaganini tan olgan. Afsuski, bu yagona holat emas: noto‘g‘ri ukoldan bolalar nogironga aylanyapti, onalar tug‘uruqdan so‘ng, yigitlar esa shifoxonada svet o‘chishi sababli vafot etishmoqda. Bu faktlar tobora «xastalanib» borayotgan O‘zbekiston tibbiyotining haqiqiy ahvolini namoyon etadi.

Sayyohning achchiq kulgisi

Qozog‘istonlik ayol Toshkent shahrida dorixonalar qanchalik ko‘pligini ijtimoiy tarmoqlarda kulgiga olgandi. Aslida farmatsevtika sohasi chindan katta biznesga, unga aloqadorlar esa katta biznesmenga aylanib ketganiga ancha bo‘lgan: ko‘chalar «apteka»ga, atrof esa dorilar reklamasiga to‘lgan. Go‘yoki O‘zbekistonda hamma kasaldek, ko‘chada depsinib ketsangiz ham dorixona devoriga borib urilasiz.

Kun.uz o‘tkazgan kichik ijtimoiy so‘rovnomada ayrim fuqarolar dorixona sohasi biznesga aylanib ketgani, dorilar narxi qimmatligi, ayrim shifokorlar dorixonalar bilan kelishuv asosida ishlashi, shu sababli bemorlarga kerak-nokerak dorilarni ham yozib beraverishini ta’kidlab, mutasaddilar ushbu muammoga yetarlicha e’tibor qaratmayotganini ta’kidlashgan.

SUBeKTIV mualliflari ham farmkompaniyalar shifokorlar bilan qanday «til biriktirib» ishlashini yashirin kamera orqali ko‘rsatib bergandi. Dorixonachilar esa aks ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan dorilarni odamlarga shifokor retseptisiz ham sotib yuborishyapti.

19 qurbon

Yil oxiriga kelib sodir bo‘lgan «Dok-1 Maks» siropi voqeasi barchani dahshatga soldi: avvaliga Samarqand viloyatida 18 nafar, so‘ngra Qashqadaryo viloyatida bir nafar bola ushbu siropni iste’mol qilish oqibatida vafot etdi. Holat yuzasidan jinoiy ish ochildi, gumonlanuvchilar DXX tomonidan hibsga olindi. Vazirlik esa «Dok-1 Maks» voqeasini fosh qilganlarning o‘zini ishdan oldi. Aslida 19 nafar bolaning vafot etishi mamlakat uchun katta musibat edi. Ammo Behzod Musayev holatni bolalarning o‘limi vazirlikdan yashirilgani bilan izohlab, farzandidan ayrilgan ota-onalarga hamdardlik bildirib qo‘ya qoldi 

Vazirga yolchimayotgan tibbiyot

Aslini olganda, sog‘liqni saqlash tizimi vazirga yolchimagan sohalardan biri. 2017 yildan 2020 yil noyabr oyigacha vazirlikni Alisher Shodmonov boshqardi. Uning Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori etib tayinlanishi ortidan ushbu lavozimni Abduhakim Tojiboyev egalladi. Oradan 1 yil o‘tib u lavozimdan olindi va o‘rniga Behzod Musayev vazir bo‘ldi. Yuqoridagi fakt va fikrlar Musayevning «bir yili» ham og‘ir o‘tganini ko‘rsatmoqda.

Sog‘liqni saqlash sohasi insonlar eng ko‘p murojaat qiladigan, ishi tushadigan soha hisoblanadi. Tizimda nimalar bo‘layotganini ularning o‘zi ko‘rib, guvohi bo‘lib turibdi. Tibbiyot islohotlarga, o‘zgarishlarga, tozalashlarga muhtoj. Bularning o‘z vaqtida amalga oshirilmasligi esa og‘ir oqibatlarga olib kelaveradi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid