Iqtisodiyot | 13:57 / 30.12.2022
37167
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan kamaydi

Foto: Valentyn Ogirenko / Reuters

Joriy yilning 1 oktabr holatiga O‘zbekiston davlat qarzi 26,2 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Dastlabki III chorak davomida global inflatsiya sabab jahonda foiz stavkalari oshib ketgani O‘zbekiston hukumatining avvalgi yillardagi kabi faol qarz olishini cheklab qo‘ydi. Shunday bo‘lsa-da, oxirgi chorakda budjet taqchilligini qoplash uchun katta miqdorda qarz mablag‘lari jalb qilinib, yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy davlat qarzi 29,2 mlrd dollargacha oshgan bo‘lishi mumkin.

Moliya vazirligi 2022 yilning III chorak yakunlari bo‘yicha tashqi qarz holati va dinamikasi haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, davlat qarzi 2022 yilning 1 oktabr holatiga 26,2 mlrd dollarni (shundan davlat tashqi qarzi – 23,16 mlrd dollar, davlat ichki qarzi – 3,07 mlrd dollar) tashkil etgan.

Xususan, davlat qarzining YaIMga nisbati 2021 yil boshida 39 foizni (2021 yil yakunida – 38 foiz) tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilning 1 oktabr holatiga 34,1 foizgacha pasaygan.

Ma’lumot uchun, Xalqaro valuta jamg‘armasining mamlakatlar iqtisodiyotiga bag‘ishlangan hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi bugungi kunda «mo‘’tadil» darajada hisoblanadi.

«2022 yilning boshidan buyon davlat tashqi qarzi qoldig‘i (AQSh dollari ekv.) 1,7 foizga kamaydi. Bunda, davlat budjeti taqchilligining moliyalashtirilishi va investitsion loyihalarning amalga oshirilishi natijasida qarz mablag‘larining o‘zlashtirilishi bilan birga 823 mln AQSh dollari miqdoridagi davlat tashqi qarzi so‘ndirildi», - deyiladi hisobotda.

Joriy yil uchun davlat nomidan va davlat kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd dollar miqdorida belgilangan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining sof hajmiga ham cheklov o‘rnatilgan. Xususan, o‘tgan 9 oy davomida yangi imzolangan davlat tashqi qarz bitimlarining hajmi 2,1 mlrd dollarni hamda davlat budjetini moliyalashtirish uchun chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlarining sof hajmi 6,7 trln so‘mni tashkil etgan.

2022 yil III choragi yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 28,4 foizi yoki 6,6 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 12,6 foizi yoki 2,9 mlrd dollari energetika sanoatiga, 11,5 foizi yoki 2,7 mlrd dollari elektroenergetika sanoatiga, 10,4 foizi yoki 2,4 mlrd dollari transport va transport infratuzilmasiga, 10,6 foizi yoki 2,5 mlrd dollari qishloq va suv xo‘jaligiga, 9,5 foizi yoki 2,2 mlrd dollari uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Xalqaro moliyaviy institutlardan jalb qilingan tashqi qarz portfeli hajmi 11,3 mlrd dollarni yoki davlat tashqi qarzining 48,7 foizini tashkil etgan. Davlat tashqi qarzi qoldig‘ining asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki (5,4 mlrd dollar), Jahon banki (4,4 mlrd dollar) va Islom taraqqiyot banki (0,9 mlrd dollar) hissasiga to‘g‘ri keladi.

«O‘zbekiston Respublikasining asosiy kreditorlari Xitoy eksimbanki, Xitoy davlat taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa mamlakatlarning xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri kelib, asosan turli investitsion dasturlar davlat kafolatlari ostida moliyalashtirilishi uchun qarz mablag‘lari jalb etilgan», – deyilgan Moliya vazirligi izohida.

Davlat tashqi qarzi portfeli valuta tarkibining 74,8 foizi – AQSh dollari, 8,2 foizi - Yaponiya iyenasi, 7,7 foizi – SDR (maxsus qarz olish huquqlari), 4,7 foizi – yevro, 1,8 foizi – o‘zbek so‘mi, 2,8 foizi - boshqa valutalardagi tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Umuman olganda, dastlabki III chorakda O‘zbekiston tashqi qarzining kamayishiga 2ta omil ta’sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkin. Birinchidan, dastlabki yarim yillik odatda olingan qarzlarni qaytarish davri hisoblanadi va tashqi qarz jalb qilish faol ravishda amalga oshirilmaydi. Budjet taqchilligini qoplash uchun olinadigan qarz ham ko‘p holatlarda IV chorakda jalb qilinadi.

Ikkinchidan, global inflyatsion holat fonida FRT va Yevropa Markaziy bankining qattiqlashtirish siyosati va foizlarni oshirishi xalqaro bozorlarda qarz va kapital narxini keskin qimmatlashtirib yubordi. Bu esa O‘zbekistonga o‘xshagan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ijobiy holat emas va tashqi qarz jalb qilishni qiyinlashtiradi.

«Global beqarorlik sababli jahonda qarz olish qimmatlashib, O‘zbekistonning moliyaviy buferi cheklanib qoldi. Budjet defitsiti esa ortib boryapti. Hozirgi vaziyat asosiy e’tiborni inflatsiyaga qaratish, budjet xarajatlarini qisqartirish va xususiy mablag‘larni ko‘proq jalb qilishni taqozo etadi», deya ta’kidlagandi moliya vaziri Timur Ishmetov.

Jahon banki (JB) oxirgi prognozlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati o‘zining qarz olish cheklovlariga rioya qilishda davom etishi kutilmoqda. Davlat qarzi va umumiy tashqi qarz 2024 yil oxiriga kelib YaIMning mos ravishda 32 va 55 foizigacha bosqichma-bosqich kamayishi mumkin.

Avvalroq, moliya vaziri Qonunchilik palatasida 2023 yilgi davlat budjeti loyihasi haqida axborot bergandi.

«2022 yil yakunlari bo‘yicha davlat qarzi 29 mlrd 215 mln dollarni tashkil etishi kutilayotgan bo‘lsa, keyingi yil (2023 yil) 32 mlrd 62 mln dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Bunda tashqi qarzning YaIMda ulushi kelgusi yilda ham joriy yildagi kabi 36 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda», – dedi Ishmetov.

2023 yilda O‘zbekiston nomidan va kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan bitimlarning umumiy qiymati 4,5 mlrd dollarni tashkil qilishi, shundan davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, budjet taqchilligi uchun 2 mlrd (bu o‘tgan yilga nisbatan 500 mlrd dollarga kam), investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun esa 2,5 mlrd dollar (bu o‘tgan yilga nisbatan 500 mln dollar ko‘p) jalb qilinishi belgilangan.

 «Davlat qarzi to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi belgilangan edi. Ammo 60 foizlik me’yor xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan berilgan tavsiyagina hisoblanib, aniq va jiddiy hisob-kitoblarga asoslanmagan.

Mavzuga oid