Jahon | 12:51 / 30.12.2022
46888
22 daqiqa o‘qiladi

«Qonli yanvar»dan «qonli sentabr»gacha - 2022 yilda dunyoning eng asosiy 10 voqeasi

2022 yil davomida xalqaro munosabatlar tuzilmasida muayyan o‘zgarishlarga olib keladigan bir qancha juda muhim dramatik hodisalar sodir bo‘ldi. Dunyo hamjamiyati og‘ir iqtisodiy, ekologik va geosiyosiy beqarorliklar bilan yuzlashishga majbur bo‘ldi.  Kun.uz yakunlanayotgan  yil davomida jahonda yuz bergan 10 ta eng muhim voqeani keltirib o‘tadi.

Foto: Pavel Pavlov/Anadolu Agency

Qozog‘istondagi «qonli yanvar» voqealari

Joriy yil yanvar oyining ilk kunlari qo‘shni Qozog‘istondagi inqilobiy namoyishlar bilan yodda qoldi. Yonilg‘i narxlari oshirilishiga qarshi boshlangan tartibsizliklar mamlakatda kuchli rezonans uyg‘otdi. Namoyishchilar hukumat oldiga mamlakatdagi korrupsiya, qarindosh-urug‘chilik, byurokratiya va hokimiyatni norasmiy tarzda boshqarayotgan Elboshi rejimini to‘liq tugatish talablarini qo‘ydi.

Qozog‘istonni yanvar oyi boshida yonilg‘i uchun narxlar oshishi ortidan boshlangan norozilik namoyishlari qamrab olgandi. Foto: Reuters

Ommaviy tartibsizliklar fonida hukumat iste’foga chiqdi. Dastlab, tinch ko‘rinishda boshlangan namoyishlar keyingi kunlarda qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Buning oqibatida esa yuzlab kishilar halok bo‘ldi, minglab kishilar turli darajadagi tan jarohati bilan kasalxonalarga yotqizildi. Sarosimaga tushgan prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) kuchlarini chaqirdi.

Yanvar voqealari Qozog‘istondagi siyosiy muvozanatni butkul o‘zgartirib yubordi. Ko‘pchilik buni Qozog‘iston siyosiy elitasidagi kurash deb ham atadi. To‘qayev ushbu namoyishlar fonida mutlaq boshqaruvni qo‘lga oldi. U elitadagi Nazarboyev tarafdorlarini siqib chiqardi, birinchi navbatda Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbariyati hibsga olindi. Nazarboyevning qarindoshlariga qarshi kampaniya boshlandi.

Elboshining Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi va Xalq assambleyasiga umrbod raislik qilishi haqidagi normalar bekor qilindi. U «Nur Otan» partiyasi yetakchiligidan ham ketdi. Nazarboyev bilan tashqi va ichki siyosat asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha yangi tashabbuslarni muvofiqlashtirish zarurati bekor qilindi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi

2021 yil oxirida AQSh va Buyuk Britaniya razvedka idoralari tomonidan Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirishga tayyorlanayotgani haqidagi bir qancha ogohlantiruvchi ma’lumotlar sizdirilgan bo‘lsa-da, G‘arbning ko‘plab davlatlari yetakchilari rasmiy Moskvaning bunga jur’at qila olishiga ishonishmadi. Ammo 2022 yilning 24 fevral kuni tongida rus armiyasi qardosh mamlakatning harbiy infratuzilmalarini demilitarizatsiya va u yerdagi «natsizm»ni yo‘q qilishga (denatsifikatsiya) qaratilgan, «maxsus harbiy operatsiya» sifatida niqoblangan bosqinchilik harakatlarini boshladi.

Buchada yakson etilgan rossiyaliklar kolonnasi. Foto: BBC/LEE DURANT

Rossiya har yili mudofaa uchun Ukrainaga nisbatan 10 baravar ko‘proq mablag‘ sarflab kelgan, armiyasi uch baravar ko‘p artilleriyaga va taxminan 10 baravar ko‘p harbiy samolyotlarga ega edi. Shu jihatdan ko‘pchilik mutaxassislar Ukraina hukumati hujumdan keyin 72 soat ichida qulashi mumkinligi haqida prognozlar bera boshlashdi. Urushning boshlang‘ich davrida rus harbiylari sharq va janubda ba’zi yutuqlarga erishdi. Ammo ikki omil: rus armiyasi urushga tayyor emasligi va ukrainlar kutilganidan ko‘ra yaxshiroq qarshilik ko‘rsata olgani sabab Kremlning tezda urushni tugatish rejalari amalga oshmadi.

Ukraina taslim bo‘lmadi. Avgust oyi oxiri va sentabr oyi boshlariga kelib qarshi hujumga ham o‘tdi hamda Xarkiv oblastida bosib olingan hududlarni ozod etdi. Ko‘p o‘tmay rus qo‘shinlari janubidagi Xerson shahrini ham tark etishga majbur bo‘lishdi. Ukraina esa 2014 yilda bosib olgan Qrimni qaytarib olishga bevosita da’vo qila boshladi.

Rossiyaning mustaqil Ukraina hududiga bostirib kirishi muhim geosiyosiy bo‘linishni keltirib chiqardi. G‘arb davlatlari Kiyev atrofida birlashdi va uni harbiy va moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni boshladi. Xitoy, Hindiston kabi davlatlar esa milliy chegaralar muqaddas va daxlsiz ekanini ta’kidlashlariga qaramay, Rossiya agressiyasini to‘xtatishga qaratilgan chora-tadbirlarda faol ravishda ishtirok etmadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 24 fevraldan 18 dekabrgacha bo‘lgan davr oralig‘ida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida jami 6826 nafar tinch aholi, jumladan, 428 nafar bolalar halok bo‘lgan. Bundan tashqari, 10 ming 769 kishi jarohat olgan. Jahon bankining so‘nggi hisob-kitob ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainani qayta tiklash uchun taxminan 500-600 mlrd yevro miqdorida mablag‘ kerak bo‘ladi.

Shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi 1949 yilda sovetlar tahdididan himoyalanish uchun asos solingan Shimoliy Atlantika kelishuvi tashkilotiga (NATO) yangi impuls berdi. Madridda o‘tkazilgan tashkilot sammitida Shvetsiya va Finlandiya alyansga a’zo bo‘lish uchun rasmiy taklif oldi. Ukrainaning NATOʼga a’zo bo‘lishini o‘ziga nisbatan xalqaro tahdid sifatida baholab kelgan rasmiy Kreml keyingi yillarda o‘z chegaralarida yanada kattaroq NATO bilan yuzlashishi mumkin.

AQSh-Xitoy munosabatlari keskinlashuvi

Xitoy va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi «buyuk raqobat» joriy yilda ham bir qancha omillar fonida yanada keskin tus oldi. Vashingtonning Sharqiy Osiyodagi siyosati strategik ikkilanish ustiga qurilgan: Qo‘shma Shtatlar rasman «yagona Xitoy» siyosatiga amal qiladi va faqat Pekinni tan oladi hamda Tayvan bilan emas, aynan XXR bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Ammo shu bilan birga Tayvan bilan ittifoqchilik munosabatlarini ham saqlab keladi. Xitoy esa Tayvanni XXR tarkibiga kiruvchi isyonkor provinsiya deb biladi.

Joriy yil avgust oyida AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Osiyo mamlakatlari bo‘ylab turnesi doirasida Tayvanga kelishi, Xitoy va Tayvan ma’muriyati o‘rtasidagi munosabatlarni nihoyatda keskinlashtirib yubordi. Tashrif davomida Tayvanni Vashingtonning qo‘llab-quvvatloviga ishontirgan Pelosi xonim 25 yil ichida ushbu hududga tashrif buyurgan Qo‘shma Shtatlar Kongressi Vakillar palatasining birinchi spikeri bo‘ldi.

Bunga javoban, rasmiy Pekin Tayvan bo‘g‘ozidagi havo va dengiz harbiy mashg‘ulotlarini kuchaytirdi va to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdidli bayonotlar bilan chiqa boshladi. Ushbu tashrifga Xitoyning o‘ta agressiv munosabati ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar qanchalik keskinlashganini ko‘rsatdi.

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Jo Bayden CBS telekanaliga bergan intervyusida amerikalik harbiylar Xitoy bostirib kirgan taqdirda Tayvanni himoya qilishini ma’lum qildi. Buni quyidagicha izohlash mumkin: agar AQSh Xitoyga Tayvanni egallashga ruxsat bersa va javob harakati amalga oshirmasa, Yaponiya, Avstraliya, Hindiston hamda dunyoning shu qismidagi barcha boshqa davlatlar, jumladan, Janubiy Koreya ham AQSh bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqadi. Bu esa Xitoyga qo‘shnilariga bosim o‘tkazish uchun ulkan geografik va strategik afzalliklar beradi hamda AQShning mintaqadagi ta’sirini keskin ravishda cheklab qo‘yadi. Shu jihatdan, Tayvan atrofidagi har qanday mojaro Xitoy-AQSh munosabatlaridagi taranglik kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Jo Bayden ma’muriyatining 2022 yil oktyabr oyida e’lon qilingan Milliy mudofaa strategiyasida ham Xitoyning o‘sib borayotgan harbiy va iqtisodiy qudrati AQSh xavfsizligiga asosiy tahdid sifatida ochiqdan ochiq e’tirof etildi.

Buyuk Britaniyadagi siyosiy beqarorlik

Bir paytlar dunyoning eng qudratli imperiyasi bo‘lgan Birlashgan Qirollikda atigi 4 oy ichida 3 nafar bosh vazir, 4 nafar moliya vaziri almashdi. Dunyodagi eng uzoq hukmronlik qilgan monarxini yo‘qotdi. 

Foto: Getty Images

2019 yildan beri mamlakat bosh vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Boris Jonson hukumat a’zolarining misli ko‘rilmagan darajadagi bosimi natijasida iste’foga chiqdi. Uning o‘rniga kelgan va yangi «temir xonim» sifatida e’tirof etilgan Liz Trass ham bor yo‘g‘i 45 kun ishladi va Britaniya tarixiga eng qisqa muddat faoliyat yuritgan bosh vazir sifatida kirdi. U o‘z siyosatida qattiq «Brekzit», iqtisodiyotni to‘liq tartibga solish, soliqlarni kamaytirish va ijtimoiy xarajatlarni ko‘paytirishni qo‘llab-quvvatladi. Ammo bu aks ta’sir berdi, chunki bu islohotlar ko‘proq boylar uchun foydali edi. Soliqlarni kamaytirishning o‘zi Britaniya g‘aznasini 45 milliard funtdan quruq qoldirardi. Yangi xarajatlar va qarzlarni to‘lash shubhasiz davlat iqtisodi hamda g‘aznasi uchun juda og‘ir yuk bo‘lar edi. Funt sterling dollarga nisbatan tarixdagi eng past darajaga tushdi. Davlat obligatsiyalari narxi keskin darajada pasayib ketdi.

Trass xonim esa ikkinchi Tetcher bo‘la olmadi va hukumatdan ketdi. 25 oktyabrda bosh vazir lavozimini hind millatiga mansub Rishi Sunak egalladi.

Foto: ALBERTO PEZZALI/ASSOCIATED PRESS

Yil davomida mamlakatdagi norozilik kayfiyati kuchayib ketishiga «Brekzit» tarafdorlari va’da qilgan iqtisodiy foyda sezilmayotgani ham katta ta’sir o‘tkazmoqda.

Shuningdek, sentabr oyida Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 96 yoshida vafot etdi. U 70 yil mobaynida Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va yana 12 mustaqil davlat hukmdori bo‘lib qolayotgandi. Yelizaveta II taxtga 1952 yil 6 fevralida, Uinston Cherchill bosh vazirligi paytida chiqqan edi. Uning o‘limidan keyin katta o‘g‘li Charlz mamlakatning yangi qiroliga aylanadi.

Ozarboyjon-Armaniston mojarosi

Bir necha o‘n yillardan beri dunyodagi eng «qaynoq nuqta»lardan biri bo‘lib qolayotgan Armaniston-Ozarboyjon chegarasidagi vaziyat yana keskinlashdi.

Tog‘li Qorabog‘ masalasida Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi 90-yillar boshidagi bir necha yillik to‘qnashuvlar 2020 yilning kuzida yangicha kuch bilan o‘t olib, Armanistonning uzil-kesil mag‘lubiyati bilan tugagandi. O‘t ochishni to‘xtatishga kelishuv asnosida Ozarboyjon Qorabog‘ning qariyb barcha hududi, shuningdek, ilgari Armaniston tomonidan bosib olingan barcha tumanlar ustidan nazorat o‘rnatgan edi.

Foto: AA

Joriy yilning 13 sentabriga o‘tar kechasi Armaniston-Ozarboyjon chegarasida navbatdagi to‘qnashuvlar boshlandi. Har ikki tomon bir-birini ayblagan ushbu mojaro ancha jiddiy tus oldi. Ozarboyjon bu safar nafaqat chegara shaharlari, balki o‘zi ham Armaniston hududi deb tan oluvchi Jyermuk va Vardenis shaharlariga ham zarba berdi. Ozarboyjon dronlari Armanistonning chegara pozitsiyalari va ta’minot nuqtalarini nishonga oldi. Mintaqadagi xavfsizlikka kafil bo‘lishi kerak bo‘lgan rasmiy Kreml bu ishni uddalay olmadi. Natijada har ikki tomondan 280 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Yerevan va Boku kuch ishlatishdan tiyilishga kelishib olgan bo‘lsa-da, ozar-arman chegarasidagi vaziyat istalgan payt yanada keskinlashishi mumkin.

Erondagi norozilik namoyishlari

Sentyabr oyida Tehronda 22 yoshli Mahsa Aminiy hijobni noto‘g‘ri o‘ragani uchun «axloq politsiyasi» tomonidan qo‘lga olinadi. So‘ngra qiz shifoxonada sirli tarzda vafot etadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, politsiyachilar qizni qattiq kaltaklagan. Xavfsizlik kuchlari esa Aminiy yurak xurujidan vafot etgani haqida bayonot berdi. Buning ortidan Eronda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Mutaxassislar tomonidan ushbu harakatlar hukumat 1979 yilda hokimiyatga kelganidan beri duch kelgan eng yirik g‘alayon sifatida baholanmoqda. «Ayollar, hayot, erkinlik!» shiori ostidagi norozilik namoyishlari tezda butun mamlakat bo‘ylab tarqaldi va hanuz davom etmoqda.

Foto: AFP/Getty Images

BMT Inson huquqlari kengashi Erondagi namoyishlar chog‘ida inson huquqlari buzilishi holatlarini tekshirish bo‘yicha xalqaro missiya tuzish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida qo‘lga olingan erkak va ayollar mahalliy qamoqxonalarda jinsiy zo‘ravonlik va qiynoqlarga uchragan. Ayniqsa bu holat Kurdiston va Belujiston kabi etnik ozchiliklar yashaydigan hududlarda keskin tus olgan.

Namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun mashina signallarini chalgan oddiy odamlardan tortib, advokatlar, taniqli shaxslar, sport yulduzlari va fuqarolik jamiyati arboblarigacha hibsga olindi. Eron inson huquqlari faollari axborot agentligining ma’lum qilishicha, dekabr oyi holatiga ko‘ra, 458 kishi, jumladan, 63 bola halok bo‘lgan va bir necha yuzlab insonlar jarohatlangan, 18 mingdan ortiq odam hibsga olingan.

Eron yetakchilari AQSh va Isroilni norozilik namoyishlarini uyushtirganlikda ayblamoqda, ammo bunga dalillar yo‘q. Hukumat harbiylar, politsiya va xavfsizlik kuchlarini safarbar etib, namoyishchilarni bostirmoqda. Biroq bu kelajakda hukumatga qarshi yirik norozilik to‘lqinlarining oldi olinishiga kafolat bermaydi va muxolifat kuchlari shakllanadigan bo‘lsa, siyosiy rejim qulashiga ham olib kelishi mumkin.

Covid-19’ning chekina boshlashi va Xitoyning «Sovid Zero» siyosati

Joriy yil davomida ko‘plab mamlakatlar pandemiya sababli o‘zlari o‘rnatgan blokirovkalar, sayohat cheklovlaridan voz kecha boshladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adanom Gebreysusning ta’kidlashicha, yil oxiriga kelib Covid-19 kasalligidan o‘lganlar soni yanvar oyiga qaraganda deyarli 90 foizga kamaygan. Emlash yoki avvalroq odamlarning koronavirus bilan kasallangani tufayli dunyo aholisining kamida 90 foizida immunitet shakllangan. Ammo ushbu tendensiyadan uzilib qolgan istisno mamlakat bor. Bu – Xitoy. Rasmiy Pekin koronavirus keng tarqalgan aholi yashash manzillarida qat’iy cheklovlar joriy etish siyosatidan voz kechmadi. Xitoy kompartiyasi qurultoyida kovidga qarshi «nol bardoshlik» siyosati muvaffaqiyatli deb baholandi. Ammo yil oxiriga kelib mamlakatda lokdaunlarga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Hukumat yon berishga majbur bo‘ldi va cheklovlarni yumshatdi. Shundan so‘ng vaziyat yanada keskinlashdi. Dekabrning 20 kuni davomida taxminan 250 mln kishi virus yuqtirgan, bu mamlakat aholisining 18 foizini tashkil qiladi. Mamlakatda kasallanishlar soni bo‘yicha rasmiy statistikani e’lon qilish to‘xtatildi.

Olimlar fikricha, dunyoning boshqa mamlakatlaridan farqli o‘laroq Xitoyda kollektiv immunitet shakllanmagan, boz ustiga Xitoy vaksinalari samaradorligi ham yaxshi emas. Shu sababli boshqa mamlakatlarda o‘lim ko‘rsatkichi kam bo‘lgan omikron Xitoyda 1 milliongacha o‘limga olib kelishi mumkinligi aytilmoqda.

Foto: AFP 

Yil oxirida Xitoyda kasallanishlar soni keskin ravishda oshib ketishi 2023 yilda jahon iqtisodiyotidagi ta’minot zanjirlariga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.

Pokistondagi iqtisodiy inqiroz va siyosiy o‘zgarishlar

2022 yil Pokiston uchun ham iqtisodiy jihatdan, ham siyosiy jihatdan juda og‘ir keldi. Pokiston parlamenti aprel oyida 2018 yildan buyon mamlakatga bosh vazirlik qilib kelayotgan Imron Xonga ishonchsizlik votumi e’lon qildi va uni lavozimidan chetlatdi. Xon Rossiya bilan yaqin aloqalar o‘rnatgandi. Xususan, u 23 fevral kuni, Ukrainadagi vaziyat tufayli Rossiyaning G‘arb bilan munosabatlari ancha keskinlashgan pallada Moskvaga tashrifini amalga oshirdi. Rossiya poytaxtiga safarining ikkinchi kuni esa Rossiya harbiylari Ukrainaga bostirib kirishni va Ukraina shaharlarini o‘qqa tutishni boshlagan 24 fevralga to‘g‘ri keldi.

Imron Xon hokimiyatda turgan yillardan boshlab Pokistonning AQSh bilan munosabatlari sovuqlasha boshlagandi. Bu rasmiy Islomobodning mintaqa va jumladan, Afg‘onistondagi roli bilan bog‘liq edi. Bundan tashqari, Imron Xon Janubiy Osiyoda ko‘proq mustaqil harakat qila boshladi. Mutaxassislar yuqoridagi ikki omil bilvosita uning hokimiyatdan ketishiga sabab bo‘lganiga urg‘u berishadi. Xonning lavozimdan chetlatilishi ortidan «Pokiston musulmonlari ligasi» partiyasi yetakchisi Shahboz Sharif mamlakatning yangi bosh vaziri etib saylandi. Imron Xon esa hokimiyatga qaytish uchun bir qancha norozilik harakatlarini tashkil qildi. Noyabr oyida unga qarshi muvaffaqiyatsiz suiqasd uyushtirildi. U suiqasdda Sharif va yuqori martabali harbiy amaldorlarni aybladi va mamlakatda muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishni talab qildi.

Foto: AP

2022 yilda Pokiston og‘ir iqtisodiy inqirozni ham boshidan kechirmoqda. Yozda mamlakatda oxirgi 30 yil ichidagi rekord darajada yog‘ingarchilik yuz berdi. Musson yomg‘irlari sababli daryolar toshib, ulkan maydonlar suv ostida qoldi. Bundan 33 million kishi, ya’ni har yetti pokistonlikdan bittasi zarar ko‘rdi, 1730 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 8 milliondan ortiq odam yashab turgan joyidan boshqa hududga ko‘chirildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, umumiy iqtisodiy zarar 40 milliard dollarni tashkil etgan. Mamlakatdagi milliy qashshoqlik darajasi 3,7-4 foiz punktga oshishi prognoz qilinmoqda. Inflatsiya darajasi so‘nggi 47 yillik eng yuqori darajagacha ko‘tarildi.

Pokistondagi iqtisodiy holat yomonlashuvi esa og‘ir gumanitar inqirozni boshidan kechirayotgan Afg‘onistonda vaziyat yanada murakkablashishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Yuqori inflatsiya

2022 yilda butun dunyo bo‘ylab inflatsiya keskin o‘sishi kuzatildi. Narxlar oshishiga talab va taklif o‘rtasidagi muvozanat buzilishi sabab bo‘ldi. Ko‘p yillar davomida hukumatlarning yumshoq pul-kredit siyosati va Sovid-19 pandemiyasi davrida iqtisodiy inqirozning oldini olish uchun davlat xarajatlari oshishi iste’molchilar cho‘ntagida ko‘proq pul to‘planishiga olib keldi. Avvaliga pandemiya, keyin esa Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi global ta’minot zanjirlarida keng turdagi tovarlar tanqisligini keltirib chiqardi. Davlat rahbarlari o‘sib borayotgan jamoatchilik g‘azabini bartaraf etish uchun kurashga majbur bo‘lishdi. Inflatsiyaning asosiy yechimi foiz stavkalarini oshirishdir. Biroq bu ta’minot zanjiri uzilishlarini hal qilish imkonini bermaydi va retsessiya xavfini keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, yuqori foiz stavkalari ko‘plab kambag‘al mamlakatlar uchun qarz inqiroziga olib keladi.

Iqtisodiy inqiroz natijasida rivojlanayotgan mamlakatlar rivojlangan mamlakatlarga qaraganda tezroq qashshoqlashadi, chunki oziq-ovqat va energiya resurslari jahon bozoridagi narxlari oshib bormoqda. Shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlarning oziq-ovqat, yoqilg‘i, texnologiya va boshqa mahsulotlarni sotib olish uchun xorijiy valutadagi qarz stavkalariga bog‘liqlik darajasi ham yuqori darajada. 

Kuchayib borayotgan iqlim o‘zgarishi

Taxminan bundan 40 yil oldin olimlar ehtimoliy iqlim o‘zgarishlarining halokatli oqibatlari haqida ogohlantirish bilan chiqqan edi. 2022 yilga kelib, insoniyat iqlim o‘zgarishining ayanchli oqibatlarini oldingiga nisbatan ham ko‘proq o‘z tanalarida his qilishga majbur bo‘ldi. Bir paytlar kamdan kam uchraydigan ekstremal ob-havo hodisalari odatiy holga aylandi. Yevropada o‘rmonlarni yoqib yuborgan va daryolarni quritadigan rekord darajadagi issiqlik to‘lqinlari kuzatildi. Pokistonda musson yomg‘irlari miqdori oshib, mamlakatning uchdan bir qismi suv ostida qoldi. AQShning janubi-g‘arbida rekord darajadagi qurg‘oqchilik kuzatildi, bu esa Mead ko‘li kabi suv havzalarini qisqartirdi va ekinlar hosildorligini pasaytirdi.

Mead ko‘li Foto: Jim Ruymen/UPI/Shutterstock

Yevropa Rossiyaga neft va gaz qaramligidan qutilishga shoshildi va iqtisodiyotini «yashil qayta qurish» rejalari barbod bo‘ldi. Ular «iflos» ko‘mir va yadro yoqilg‘isini «toza» tabiiy gazga almashtirishga harakat qilayotgan edi.

Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan BMTning iqlim bo‘yicha yig‘ilishi – SOP27 bu yil Misrning Sharm al-Shayx shahrida o‘tkazildi. Nihoyat ushbu yig‘ilishda rivojlangan davlatlarning kambag‘al mamlakatlar foydasiga tovon puli to‘lashi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ammo ushbu sammitda ham asosiy maqsad – chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha yakdil qaror qabul qilinmadi. Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi davlatlari va Yangi Zelandiya kabi rivojlangan mamlakatlar iqlimni eng ifloslaydigan mahsulotdan – ko‘mirdan foydalanishni qisqartirish masalasini e’tiborsiz qoldirdi. Yakuniy kelishuvda ham davlatlar qazib olinadigan yonilg‘ilardan foydalanishni kamaytirish majburiyatini qabul qilmadi. Ushbu yig‘ilish natijalarini iqlimshunoslar «bu yil ham boy berilgan imkoniyat» deya tavsiflashdi.

BMTga ko‘ra, oxirgi 20 yilda dunyo bo‘yicha tabiiy halokatlar sabab 1,2 million odam halok bo‘lgan. Keyingi 30 yilga qilinayotgan bashoratlarga qaraganda, dunyo iqtisodiyoti iqlim o‘zgarishi natijasida 8 trillion dollar mablag‘ yo‘qotishi yoki YaIM 3 foizgacha pasayishi mumkin.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid