Jahon | 19:01 / 02.01.2023
16250
2 daqiqa o‘qiladi

18 yoshli eronlik namoyishchi 2 ta o‘lim jazosiga hukm qilindi

U og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblangan.  

Foto: AP

Eron sudi 18 yoshli namoyishchi Mahdiy Muhammadiy-fardni ikki marta o‘lim jazosiga hukm qildi.

Eron Inson huquqlari agentligi (HRANA) ma’lumotlariga ko‘ra, Muhammadiy-fard sentabr oyi oxirida Mozandaron viloyatining Navshahr shahrida namoyishlar chog‘ida hibsga olingan, shundan so‘ng u «hukumatga qarshi tashviqot yuritish», «milliy xavfsizlikka raxna solish», «qotillikka undash» va «Eron oliy rahbarini haqorat qilish»da ayblangan. Sud uni Eron Jinoyat kodeksining turli moddalari bo‘yicha 3,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bundan tashqari, «yer yuzida fitna tarqatish» va «Xudoga dushmanlik qilish» moddalari bo‘yicha 2 ta o‘lim jazosiga hukm qildi.

Huquq himoyachilariga ko‘ra, sudlanuvchiga advokat tanlash huquqi berilmagan.

Eronda norozilik namoyishlari 13 sentabr kuni Tehronda axloq politsiyasi tomonidan hibsga olingan 22 yoshli Mahsa Aminiy o‘limidan so‘ng boshlandi. Qiz 16 sentabr kuni vafot etdi, bu butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi.

Rasmiy tuzilmalar dekabr oyi boshida 200 dan ortiq odam halok bo‘lganini e’lon qilgan bo‘lsa, xorijlik huquq faollari 27 dekabr kuni 476 nafar namoyishchi halok bo‘lgani haqida xabar berishdi.

Shu bilan birga, Eron ommaviy axborot vositalari mamlakat huquq-tartibot organlarining 60 dan ortiq xodimi halok bo‘lgani va minglab namoyishchilarning hibsga olingani haqida xabar berdi.

Mavzuga oid