Jahon | 12:52 / 02.01.2023
9367
2 daqiqa o‘qiladi

Klichko Germaniyani Ukrainaga Leopard 2 tanklarini berishga chaqirdi

Kiyev meri Vitaliy Klichko Germaniyani o‘z mamlakatiga Leopard 2 tanklarini yetkazib berishga chaqirdi.

Leopard 2 tanklari / Foto: Getty Images

«Bunday turdagi tanklar bo‘lmasa, Ukraina uchun keyingi hududlarni qaytarib olish juda qiyin bo‘ladi», deb yozdi Klichko Germaniyaning Bild am Sonntag haftalik gazetasining mehmonlar uchun ruknida. 

Shu bilan birga, u Kremlning Ukraina poytaxtini bosib olishga yangi urinishlari ehtimolini istisno etmadi hamda Rossiyada hamon safarbarlik davom etayotganini eslatdi. 

«Kiyev Moskva uchun maqsad bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi», dedi Vitaliy Klichko.

Bundan oldin Kiyev meri Vitaliy Klichko Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning «Yengilmas nuqtalar» – issiqlik va elektr quvvati bo‘lgan, elektr quvvati o‘chganda kelish mumkin bo‘lgan joylarning yomon joylashtirilayotgani haqidagi tanqidini xato deb atagandi. 

Shu bilan birga, Klichko prezidentni «qo‘llab-quvvatlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga» chaqirib, urush «siyosiy o‘yinlar vaqti emas»ligini ta’kidladi. Bu haqda Ukraina poytaxti meri Der Spiegel jurnaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Bizda Kiyevda boshqa viloyatlarga qaraganda ko‘proq, ya’ni 500 ta issiqlik punktlari mavjud. Biz ularga davlat tomonidan hech qanday yordamsiz generatorlar topdik. Zelenskiyning tanqidi xato bo‘ldi. Agar fuqarolarimiz yoki xorijdagi hamkorlarimiz uyda dushman izlayotganimizni ko‘rsalar, bu teskari bo‘ladi. Endi faqat bitta bayroq bor, u ko‘k-sariq rangda», dedi Klichko.

Mavzuga oid