Seul koreyalararo kelishuvni to‘xtatish bilan tahdid qildi
Yun Sok Yol Pxenyanga agar KXDR chegaralarni buzish bilan yana bir provokatsiyaga yo‘l qo‘ysa, koreyalararo kelishuvni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi.
Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol Milliy xavfsizlik boshqarmasiga agar «Shimoliy Koreya hududiy yaxlitlikni buzuvchi navbatdagi provokatsiyaga yo‘l qo‘ysa», 2018 yil 19 sentabrdagi koreyalararo harbiy kelishuvni to‘xtatib turish masalasini ko‘rib chiqishni topshirdi. Bu haqda Janubiy Koreya prezidentining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha katta kotibi Kim In Xe ma’lum qildi. Uning so‘zlari 4 yanvar, chorshanba kuni Yonhap agentligida keltirildi.
Agentlikning ta’kidlashicha, bu izoh o‘tgan hafta Shimoliy Koreya uchuvchisiz samolyotlarining Janubiy Koreya havo hududiga bostirib kirganiga munosabat bo‘lgan.
Yopiq eshiklar ortida o‘tgan uchrashuvda Yun Sok Yol Koreya Respublikasi prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik boshqarmasi, Milliy mudofaa vazirligi, Koreya Qurolli kuchlari Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi va Mudofaa rivojlanishi agentligining hisobotlarini tingladi.
Reuters xabar berganidek, Yun Sok Yol Janubiy Koreya harbiylarining dron hodisasiga munosabatini tanqid qilib, qisman avvalgi ma’muriyatni 2018 yilgi koreyalararo kelishuvga tayanganlikda va chegara hududlarida samarali harakat qilmayotganlikda aybladi.
Janubiy Koreya davlat rahbari mudofaa vaziri Li Jong Sopga kuzatuv, razvedka va elektron urush kabi ko‘p maqsadli vazifalarni bajarish uchun integratsiyalashgan dron bo‘linmasini shakllantirishni topshirdi. Bundan tashqari, prezident tez aniqlash qiyin bo‘lgan kichik dronlarni ommaviy ishlab chiqarish tizimini yaratishni buyurdi.
Kim In Xening so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreya rahbari joriy yilda «ko‘rinmas» dronlarni yaratish va ishlab chiqarishni tezlashtirishga, shuningdek, tezkor ravishda dushman dronlarini yo‘q qilish tizimini yaratishga qaror qilgan.
Prezident Yun Sok Yolning idorasi 3 yanvar kuni Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlar ma’lumot almashish va Qo‘shma Shtatlar yadro quroliga oid rejalarini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabar berdi.
O‘z navbatida, Oq uydagi muxbirning bunday muloqot bo‘lyaptimi, degan savoliga AQSh prezidenti Jo Bayden «Yo‘q», deb javob berdi. U boshqa tafsilotlarni keltirmadi.
Keyinroq Koreya Respublikasi prezidentining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha katta kotibi Kim In Xe shunday dedi: «Reuters muxbiri prezident Baydendan to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘shma yadroviy mashg‘ulotlar muhokama qilinyaptimi yoki yo‘qmi, deb so‘raganida, u: «Yo‘q», deb aniq javob berishi kerak edi. Yadro mashg‘ulotlari yadroviy davlatlar o‘rtasida qo‘llanadigan atamadir», — dedi Kim In Xe.
«Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreyaning yadroviy quroliga javob berish uchun AQSh yadroviy imkoniyatlaridan foydalanish bilan bog‘liq axborot almashish, birgalikda rejalashtirish va keyingi o‘zaro rejalar bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda», dedi u.
Yevropa tashqi aloqalar xizmati 2 yanvar kuni KXDRni «harbiy keskinlikni kuchaytiruvchi harakatlar, jumladan, raketa uchirilishi va o‘z chegaralaridan tashqariga uchuvchisiz samolyotlar hujumi»ni to‘xtatishga chaqirdi.
Bryussel «KXDR tomonidan BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini buzish davom etayotgani va uning bunday noqonuniy xatti-harakatlarini davom ettirish niyatidan dalolat beruvchi so‘nggi bayonotlari Shimoliy Koreya xalqiga foyda keltirmasligiga» ishonch bildirmoqda.
Pxenyan 1 yanvar kuni yana qisqa masofaga uchuvchi ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi, deb xabar berdi Janubiy Koreya harbiylari. Bir kun oldin Shimoliy Koreya Yapon dengiziga uchta qisqa masofali ballistik raketa uchirdi. Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In 28 dekabr kuni KXDRda bo‘lib o‘tgan hukmron Koreya Mehnat partiyasi konferensiyasida 2023 yilda mamlakatning «harbiy qudratini mustahkamlash» maqsadlarini qo‘ydi.
Seul 2022 yil 26 dekabrda KXDR uchuvchisiz uchoqlarining kelishiga javoban qiruvchi samolyotlarni osmonga ko‘tardi. Dronlar ikki Koreyani ajratib turuvchi harbiy demarkatsiya chizig‘ini kesib o‘tdi va Pxaju, Kimpxo tumanlari hamda Kanxvado orolida payqaldi, bu esa Seul aeroportlarida fuqarolik reyslarining vaqtincha to‘xtatilishiga sabab bo‘ldi. Janubiy Koreya ogohlantirishlar berdi, ogohlantiruvchi o‘q uzdi, jangovar vertolyotlar va harbiy samolyotlarni havoga ko‘tardi.
2022 yilda Shimoliy Koreya har qachongidan ham ko‘proq raketa uchirdi, deya ta’kidladi Reuters. Yil boshidan beri Pxenyan 50 dan ortiq raketa sinovlarini o‘tkazdi.
Ikki Koreya mudofaa vazirlari tomonidan imzolangan 2018 yil 19 sentabrdagi kelishuv keskinlik va harbiy to‘qnashuvlar xavfini kamaytirish choralarini nazarda tutadi. Tomonlar, xususan, chegara hududlarida harbiy mashg‘ulotlar va artilleriya o‘qlaridan xoli hudud yaratishga kelishib olgan.
Mavzuga oid
20:56 / 21.11.2024
Putin Pxenyan hayvonot bog‘iga sher va ikkita ayiq sovg‘a qildi
19:15 / 20.11.2024
Kim Chen In Rossiyadagi KXDR qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilish uchun yuqori martabali generalini yubordi
20:59 / 19.11.2024
«Taktika-paktikani yig‘ishtirib, hamma borini berib yurakdan o‘ynasa, yutamiz deb kelishgandik» – O‘tkir Yusupov
19:37 / 18.11.2024