O‘zbekiston | 07:53 / 05.01.2023
7969
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni yangi loyihalar haqida kelishib oldi

Saudiya Arabistoni delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Investitsiyalar vazirligi hamda Saudiya Arabistoni Investitsiyalar vazirligi hamkorligida O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni biznes-forumi tashkil etildi.

O‘zbekistonda iqtisodiyotdagi davlat ulushini qisqartirish va davlat korxonalarini xususiylashtirish, banklarni transformatsiyalash, samarali fond bozorini shakllantirish, ustuvor tarmoqlarda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan islohotlarni davom ettirishga qat’iy sodiqlik bildirildi.

Tashqi savdo hajmi va geografiyasini kengaytirish uchun ochilayotgan imkoniyatlar, jumladan, mintaqaviy bozorlar va GSP+ imtiyozlari asosida Yevropa Ittifoqi bozorlariga erkin kirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yirik mintaqaviy transport loyihalarini ilgari surish orqali savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilish va mamlakatning JSTga kirish bo‘yicha sa’y-harakatlari so‘zga olindi.

– O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni boy tabiiy resurslarga, ulkan sanoat salohiyatiga ega. Biz O‘zbekistonda ham, Saudiya Arabistonida ham yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan qo‘shma korxonalarni tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz, ular kelgusida aholisining umumiy soni 1,4 milliarddan ko‘proq potensial iste’molchisi bo‘lgan mintaqaviy va Yevropa bozorlariga, shuningdek, Katta Arab erkin savdo hududi mamlakatlariga eksport qilinadi, – dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev.

Forum yakunlari bo‘yicha ustuvor tarmoqlarni o‘z ichiga olgan hujjatlar to‘plami imzolandi. Ularning amalga oshirilishi O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yuqori darajada chiqarish imkonini beradi.

Mavzuga oid