Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Eronning kamikadze dronlari AQSh kompaniyalari ishlab chiqargan ehtiyot qismlardan yasalgan» – SNN
Rossiya Ukrainaga zarba berish uchun foydalanayotgan Eronning «Shahed-136» dronidan yechib olingan 52 ta komponentdan 40 tasi Amerikaning 13 ta kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lishi mumkin.
O‘tgan yilning kuzida Ukraina harbiylari tomonidan urib tushirilgan Eron kamikadze dronlaridan birida 10 dan ortiq Amerika va G‘arb kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan ehtiyot qismlari topilgan. Bu haqda SNN xabar bermoqda.
2022 yilning oxirida Bayden ma’muriyati Eron tomonidan Rossiyaga yetkazib berilayotgan uchuvchisiz samolyotlar ishlab chiqarilishini to‘xtatishga va’da bergandi. SNN manbalariga ko‘ra, o‘tgan oy Oq uy AQSh va G‘arbda ishlab chiqarilgan texnologiyalar – yarimo‘tkazgichlar va GPS modullari kabi kichikroq uskunalardan tortib, dvigatellar kabi kattaroq qismlargacha – Eron dronlariga qanday tushib qolganini o‘rganish uchun ishchi guruh tuzgan.
Qayd etilishicha, Eronning «Shahed-136» dronidan yechib olingan 52 ta komponentdan 40 tasi Amerikaning 13 ta kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lishi mumkin. Qolgan 12 ta komponent Kanada, Shveytsariya, Yaponiya, Tayvan va Xitoy kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan.
AQSh hukumati bir necha yillardan beri Eronning yuqori sifatli texnologiyalarga ega bo‘lishining oldini olish uchun eksport nazorati bo‘yicha qattiq cheklovlar va sanksiyalar kiritib keladi. Hozirda Oq uy amaldagi sanksiyalarni kuchaytirishni ko‘rib chiqmoqda, kompaniyalardan esa o‘zlarining ta’minot zanjirlarini yaxshiroq kuzatish va nazorat qilishni so‘ramoqda. Shuningdek, ushbu mahsulotlarni sotib olib, ularni qayta sotayotgan uchinchi tomon distribyutorlarini aniqlashga urinib ko‘riladi.
Qo‘shma Shtatlar Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Adriyen Uotsonning SNN telekanaliga bergan bayonotiga ko‘ra, AQSh hukumati sanksiyalar, eksport nazorati va ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi xususiy kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazish orqali Eronning harbiy dronlar ishlab chiqarish imkoniyatlarini cheklashga harakat qilmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, ushbu kompaniyalarning AQSh sanksiyalarini buzayotgani va Eron harbiy dronlari uchun ehtiyot qismlarni bilaturib eksport qilgani haqida hech qanday dalil yo‘q. Mutaxassislar so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab kompaniyalar kuzatuvni kuchaytirishga va’da berayotgan bo‘lsa ham, ular uchun jahon bozorida o‘z mahsulotlarining qayerda foydalanilayotganligini nazorat qilish juda murakkab. Agar AQSh hukumati mahsulotlarni noqonuniy maqsadlarda sotib olgan va sotayotganlarni aniqlamagan bo‘lsa, kompaniyalar kim bilan savdo qilish yoki qilmasligini ham aniq belgilay olmasligi mumkin.
Ukraina razvedkasining baholashicha, sanksiyalarga qaramay, Eron hali ham tijoratda mavjud bo‘lgan ko‘plab texnologiyalardan foydalanmoqda. Xususan, urib tushirilgan uchuvchisiz uchoqlarni yaratgan kompaniya, Iran Aircraft Manufacturing Industries Corporation (HESA) 2008 yildan beri AQSh sanksiyalari ostida.
Eron dronlari orqali davom etayotgan hujumlar
So‘nggi oylarda Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlariga Eron dronlari yordamida jiddiy zarar yetkazdi. Shuningdek, Rossiya ulardan tinch aholi yashaydigan hududlar va asosiy infratuzilmani nishonga olishda ham foydalanmoqda. Shu sababli Eronda dronlar ishlab chiqarishni to‘xtatishga bo‘lgan harakatlar kuchaydi. AQSh rasmiylariga ko‘ra, Rossiya Eron yordamida dronlar ishlab chiqarish uchun o‘z zavodini qurishga tayyorlanmoqda.
Ma’lumot uchun, Eronning Shahed dronlari Yaqin Sharqdan tashqarida birinchi marta keng miqyosda qo‘llanmoqda. Isroil va G‘arb davlatlari bir necha bor Eron va uning mintaqadagi ittifoqchilarini Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklaridagi nishonlarga, shuningdek, Suriyadagi amerikalik askarlarga va hatto Ummon ko‘rfazidagi tankerlarga uchuvchisiz uchar qurilmalar orqali hujum qilishda ayblagan. Rossiyaning Shahed dronlariga qiziqishi haqida iyul oyida AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan xabar bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya mudofaa vazirligi vakillarining Eronga tashrifi chog‘ida bir necha yuz dron sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan. So‘nggi oylarda Ukrainada ko‘plab Eron uchuvchisiz uchoqlari urib tushirilganiga qaramay, rus harbiylari ularni qayta bo‘yamoqda va rus tilida nomlashmoqda. Buning ortidan «Shahed-136» «Geran-2» deya qayta nomlandi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning dushanba kuni bergan bayonotiga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari ikki kun ichida 80 dan ortiq Eron dronlarini urib tushirgan. Zelenskiy shuningdek, Ukrainada Rossiya «shahedlar bilan uzoq muddatli hujumni rejalashtirayotgani» haqida razvedka ma’lumotlari mavjudligi bu «mamlakat havo mudofaasi va energetika sektorining charchashiga» olib kelishi mumkinligini ham ma’lum qilgan.
Buyuk Britaniyaning Conflict Armament Research tadqiqot markazi tomonidan amalga oshirilgan tahlillarga ko‘ra, Ukrainada urib tushirilgan Eron dronlari komponentlarning 82 foizi AQShda joylashgan kompaniyalar tomonidan ishlab chiqariladi. Markaz direktori o‘rinbosari Demiyen Splitersning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar qaysi ehtiyot qismlaridan foydalanilayotgani va ushbu komponentlar qanday qilib u yerga yetib borganini aniqlash imkonini bersagina samarali bo‘ladi.
«Eron va Rossiya bu sanksiyalarni aylanib o‘tish va sotib olish kanallarini o‘zgartirishga harakat qiladi», deydi u.
Amerika kompaniyalari mamlakat qonunlariga rioya qilishayotgani ta’kidlanmoqda
Ukraina tomonining ma’lum qilishicha, uchuvchisiz uchoqlardan topilgan va AQShda ishlab chiqarilgan komponentlar orasida Texas Instrumens tomonidan ishlab chiqarilgan yigirmaga yaqin qismlar, xususan, mikrokontrollerlar, kuchlanish regulyatorlari va raqamli signal boshqaruv qismlari, Hemisphere GNSS tomonidan ishlab chiqarilgan GPS moduli, NXP USA Inc tomonidan ishlab chiqarilgan mikroprotsessor, Analog Devices and Onsemi tomonidan ishlab chiqarilgan elektron plata komponentlari bor. Shuningdek, Germaniyaning Infineon va Shveytsariyaning U-Blox kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ehtiyot qismlari ham topilgan.
SNN ukrainaliklar tomonidan nomi tilga olingan va mahsuloti Eron dronlarida topilgan barcha kompaniyalarga so‘rov yuborgan. Javob bergan oltita korxona o‘z mahsulotlaridan noqonuniy foydalanishni qoralashlarini ta’kidlagan. Shu bilan birga, ular sanksiyalarni chetlab o‘tishda yarimo‘tkazgichlar va boshqa elektron mahsulotlarni sotib olishga qarshi kurash butun sanoat uchun yirik muammo ekanini, ular bilan kurashishga harakat qilishlarini eslatishgan.
Xususan, «TI Rossiya, Belarus yoki Eronga hech qanday mahsulot sotmaydi. Biz faoliyat yuritayotgan mamlakatlardagi amaldagi qonunlar va qoidalarga rioya qilamiz va zarur hollarda huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar bilan hamkorlik qilishimiz mumkin», - deyiladi Texas Instrumens bayonotida.
Mavzuga oid
08:51 / 04.06.2026
Kuvayt aeroportida Eronning dron zarbasi oqibatida 1 kishi vafot edi, o‘nlab insonlar jarohatlandi
08:25 / 28.05.2025
Sobyanin: Moskva yaqinida 30 dan ortiq dron yo‘q qilindi
20:03 / 23.05.2025
Rimda AQSh va Eron o‘rtasida yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar boshlandi
16:28 / 23.05.2025