O‘zbekiston | 18:27 / 07.01.2023
14947
2 daqiqa o‘qiladi

Fatzorb kapsulalari sog‘liq uchun xavfli deb topildi

Uning tarkibidagi sibutramin kuchli ta’sir qiluvchi modda bo‘lib, inson salomatligi uchun xavfli.

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Toshkent shahar IIBB ozdiruvchi mahsulot sifatida taklif etilayotgan Fatzorb dori vositasi sog‘liq uchun xavfli ekanidan ogohlantirdi.

«So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ozdiruvchi mahsulot sifatida Fatzorb dori vositasi sotilmoqda. Ushbu dori tarkibida Sibutramin moddasi bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentabrdagi 818-son qaroriga ko‘ra, kuchli ta’sir qiluvchi modda hisoblanadi. Bunday moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish javobgarlikka tortilishga asos bo‘ladi».

Shuningdek, ushbu dori vositasini sotish bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olingani haqida ham xabar berildi.

«Ular ijtimoiy tarmoqlarda ozdiruvchi mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanishini ma’lum qilib, sahifa ochgani va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning onlayn savdosi bilan shug‘ullanayotgani aniqlangan. 5 yanvar kuni Toshkent shahri, Sergeli tumani, Obihayot ko‘chasida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan D.S. va 1993 yilda tug‘ilgan K.S. 600 ming so‘m evaziga 180 dona Fatzorb vositasini sotayotgan vaqtida Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan ushlangan. Shuningdek, K.S. boshqaruvidagi avtomashina xolislar ishtirokida tekshirilganda yana 72 dona Fatzorb dori vositasi aniqlangan va ashyoviy dalil sifatida olingan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid