Jahon | 13:07 / 11.01.2023
15195
6 daqiqa o‘qiladi

Texnologiya va IT'da yetakchi hindlar. Ular bunga qanday erishyapti?

Hindlar AQShda dasturchilik va muhandislik kabi muhim sohalarda yetakchi. Kelib chiqishi hindistonlik bo‘lgan xodimlar Silikon vodiysidagi Microsoft, Alphabet kompaniyasi (Google) kabi yirik startaplarni boshqarmoqda. Kelajakda O‘zbekiston mehnat bozorini ta’minlay olish va rivojlangan davlatlarga shunchaki oddiy ishchi migrant bo‘lib bormaslik uchun hindlardan nimalarni o‘rganish mumkin?

Foto: AFP

Bu yil aholi soni o‘sishi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqib olishi kutilayotgan Hindiston dunyoda mehnat bozori eng katta davlatga aylanadi. Bu mehnat bozori o‘zining dasturchilik va texnologiya sohasida professionalligi bilan allaqachon tanilib bo‘lgan. AQShning texnologiya gigantlari joylashgan Silikon vodiysidagi yirik kompaniyalarda ham hind rahbarlar bor.

Hindiston moliya vaziri o‘zining chiqishlaridan birida hind oliy ta’limi dunyo bo‘ylab ko‘plab yirik kompaniyalar rivojlanishiga hissa qo‘shayotgani, xususan, AQShning Silikon vodiysidagi startaplarning taxminan 25 foizini kelib chiqishi hind millatiga mansub kishilar boshqarayotganini tilga olgan.

BBC'ning yozishicha, kelib chiqishi hindistonlik bo‘lgan odamlar AQSh aholisining taxminan 1 foiziga teng bo‘lsa-da, ular Silikon vodiysining 6 foiz ishchi kuchini tashkil qiladi.

AQShda ishlashga ruxsat beradigan H-1B vizasining 70 foizdan ortig‘i hind dasturchilariga beriladi. Sietl kabi shaharlardagi xorijlik muhandislarning taxminan 40 foizi hindlardan iborat.

Twitter ijtimoiy tarmog‘ini qariyb bir yil boshqargan Parag Agraval, Alphabet kompaniyasi (Google) bosh direktori Sundar Pichai, Microsoft kompaniyasi rahbari Satya Nadella – hind.

Sundar Pichai
Parag Agraval
Satya Nadella

Hindlarning rivojlangan davlatda bunchalik muvaffaqiyat qozonishi siri nimada?

Ta’lim tizimi

Hindiston dunyo bo‘yicha STEM yo‘nalishi bitiruvchilarining 31,7 foizini yetishtirib beruvchi mamlakat hisoblanadi. STEM – Science, Technology, Engineering, Mathematics – fan, texnologiya, muhandislik va matematikani o‘z ichiga olgan fanlar yig‘indisi. STEM fanlarini yaxshi o‘qitish bolani raqamli dunyoga tayyorlash va yangi rivojlangan dunyoni tushunishiga qadam qo‘yish bilan barobar.

Bu yo‘nalishda o‘qitishda fanni yaxshi o‘rganish, muammoni hal qilish va mantiqiy fikrlashni o‘zlashtirishga urg‘u beriladi. STEM o‘quvchilarga maktabda, ishda va turli hobbilarda muvaffaqiyat qozonish imkonini beradi.

Masalan, STEM'ni turli asboblardan iborat duradgor qutisi deb olsak, uni yaxshi o‘zlashtirgan bola qutidan kerakli asboblarni o‘zi tanlab olib, istagan narsasini yasay oladi. Ya’ni fanlarning hammasi kerakli, lekin bitta o‘zi alohida emas, birgalikda foydali va kutilgan natijani beradi.

Foto: AFP

Hindiston STEM fanlari ahamiyatini tushunib yetgan va kelajakka moslasha oladigan kadrlarni tayyorlay olish uchun uni milliy ta’lim siyosatiga kiritgan.

Hindistonda “Bolalar yo muhandis, yoki doktor bo‘lish uchun tug‘iladi”, degan hazil ham bor.

Foto: AP

Ko‘plab hind yoshlari AQShga ketganda yoki H-1B ishchi vizasi, yoki STEM yo‘nalishida o‘qish uchun viza imkoniyatlaridan birini tanlashadi.

Xullas, ta’limning ahamiyati sabab ham hindlar AQShdagi eng katta kompaniyalarga borib qo‘shila olishmoqda.

Chidamlilik

Hindistonda 1,4 mlrd aholi istiqomat qiladi. Aholi soni yuqoriligi hisobiga bolalar kichikligidanoq stresslarni boshdan kechirish va chidamlilikka o‘rganishga majbur bo‘ladi.

Nufuzli kollejga o‘qishga kirish, munosib ishga ega bo‘lish uchun tinimsiz tayyorgarlik ko‘rish kerak. Mingdan ortiq odam to‘g‘ri keladigan kollejdagi bitta o‘quv o‘rnini egallash uchun kurashish – haqiqiy toblanish demakdir.

Shuning uchun hindlar raqobatbardosh va chidamlilikka moyil tarzda voyaga yetadi.

Tenglik

Hindistonda har 100 mil masofadan keyin odamlar, til, ovqatlar va madaniyat boshqacharoq bo‘lib boraveradi. Bu mamlakatda shuning uchun ham xilma-xillik ichida yashashga va uni qadrlashga o‘rganish mumkin.

Foto: Reuter

Ingliz tili

Texnologiya sohasi investorlaridan biri Balaji Srinivasanning qayd etishicha, Amerikada hindlar xitoyliklarga qaraganda ham ko‘proq ustunlikka ega. Sababi ular ingliz tilini yaxshi bilishadi.

Hindlar dunyoda ingliz tilida gaplashuvchilar soni bo‘yicha (125 mln) AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Hindistonning o‘zida esa 100dan ortiq mahalliy til lahjalari mavjud. Siz o‘z uyingizda ona tilingizda gapirishingiz mumkin. Bu til hatto maktabda o‘qitiladigan mahalliy tildan ham farq qilishi mumkin. Odamlar bir nechta mahalliy tilda ham gaplasha oladi. Bir nechta tilda gaplasha olish xotirani mustahkamlash, diqqatni jamlash, muammoni hal qilish, bir vaqtda bir nechta vazifani bajarish va eshitish qobiliyatlarini rivojlantiradi.

Ilmga investitsiya kiritish

Ta’limga mablag‘ ajratish va farzandlari o‘qishini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratish ham Hindistonning yutug‘i. Buni Alphabet kompaniyasi (Google) bosh direktori Sundar Pichai misolida ko‘rish mumkin.

Pichai Hindistondagi o‘rtahol oilada, 2 xonali uyda katta bo‘ladi. Uning uxlash uchun o‘z xonasi ham, oilasining shaxsiy mashinasi, hatto televizori ham bo‘lmagan.

Lekin otasi bolasi qalbida texnologiyalarga qiziqish uyg‘ota oladi. U Hindistondagi Britaniyaning General Electric kompaniyasida oddiy xodim bo‘lib ishlagan. Mana shu rag‘bat sabab Hindistonda texnologiya yo‘nalishida OTMni tugatgan Sundar Stenford universitetidan stipendiya yutib oladi.

“Biroq Amerikaga samolyot chiptasi narxi dadamning bir yillik maoshi bilan teng edi. O‘shanda men ilk marta samolyotga chiqqanman”, deya o‘ziga oid hikoyani aytib beradi 2020 yil karantin vaqtida ta’lim muassasalarini tugatgan bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigida.

Hozir esa Sundar Pichai dunyodagi eng yirik kompaniyalardan birini boshqaradi.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid