Jahon | 19:17 / 12.01.2023
7243
3 daqiqa o‘qiladi

Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmanistonda bir palatali parlamentni qaytarishni taklif qildi

Sobiq prezident raislik qilayotgan Xalq Maslahati oliy vakillik organiga aylanadi.

Foto: AP

Turkmaniston Xalq Maslahati (parlamentning yuqori palatasi) raisi, sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Konstitutsiyani o‘zgartirish va bir palatali Majlis parlamentini qaytarish hamda Xalq Maslahatini oliy vakillik organiga aylantirishni taklif qildi. 2020 yilgacha u aynan shunday maqomga ega edi. Bu haqda Turkmenistan Altyn Asyr xabar berdi.

«Orqatog‘» bu taklifni «qonun chiqaruvchi hokimiyatni zamonning real ehtiyojlaridan kelib chiqib takomillashtirish zarurati» bilan izohladi. Endi Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha tegishli komissiya tuziladi.

Berdimuhamedov rejasiga ko‘ra, Xalq Maslahati tarkibiga hozirgi Xalq Maslahati raisi (o‘zi), mamlakat prezidenti (uning o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov), Majlis raisi va deputatlari, Oliy sud raisi, Xavfsizlik Kengashi kotibi, Vazirlar Mahkamasi a’zolari, Ombudsman, Bosh prokuror, hududiy bo‘linmalar rahbarlari, jamoatchilik vakillari kiradi.

Qayta tiklangan organ Turkmaniston Konstitutsiyasiga va davlatning tashqi va ichki siyosati yo‘nalishlariga kiritilgan o‘zgartishlarni tasdiqlash, mamlakatni rivojlantirish dasturlarini tasdiqlash, xavfsizlik va tinchlik masalalarini ko‘rib chiqish, shuningdek «Turkmaniston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish» huquqiga ega bo‘ladi.

Berdimuhamedov tashabbusi 11 yanvar kuni o‘tkazilgan Milli Gengeshning har ikkala palatasi a’zolari yig‘ilishida e’lon qilindi. Rais nutqidan keyin so‘zga chiqqanlar uning taklifini «to‘liq qo‘llab-quvvatladilar».

Ikki yildan sal ko‘proq vaqt oldin xalq maslahati deputatlari bu tashabbusga qarama-qarshi bo‘lgan o‘zgarishni ma’qullagan edi. 2020 yil kuzida Turkmanistonda hokimiyatning oliy vakillik organi parlamentning yuqori palatasiga aylantirildi va qonun chiqaruvchi organning o‘zi bir palatadan ikki palataga ajratildi.

Turkmaniston Konstitutsiyasiga kiritilayotgan bu o‘zgartirishlar qatorasiga o‘ninchisi bo‘ladi. 1992 yilda qabul qilinganidan so‘ng, mamlakatning asosiy qonuni 2020, 2016, 2008, 2006, 2003, 1999 va 1995 yillarda o‘zgartirilgan edi.

Mavzuga oid