O‘zbekiston | 13:05 / 12.01.2023
23914
11 daqiqa o‘qiladi

JSST butun dunyoni “Dok-1 Maks”dan ogohlantirdi. Bu dori O‘zbekistonga qanday kirib kelgan?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilari bo‘yicha xalqaro ogohlantirish bilan chiqdi. Tashkilot barchani etilenglikoldan ogohlikka chaqirmoqda. O‘zbekiston uch oy ichida shu moddadan ommaviy zaharlanish kuzatilgan uchinchi davlat bo‘ldi. Sababi, tergov versiyasiga ko‘ra, chetdan kirgan dorilar tayinli tekshirilmagan.

Foto: KUN.UZ

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kecha, 11 yanvar kuni “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplari bo‘yicha xalqaro ogohlantirish e’lon qildi. “Dok-1 Maks” preparati O‘zbekistonda kamida 20 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

JSSTning bildirishicha, tashkilot O‘zbekistondan tegishli xabarnomani 22 dekabr kuni olgan. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘tkazgan tekshiruvlar har ikkala dori vositasi tarkibida mumkin bo‘lmagan miqdordagi etilenglikol va/yoki dietilenglikol moddalari borligini ko‘rsatgan.

JSST bu dorilar boshqa mamlakatlarda ham rasman sotilayotgan yoki norasmiy bozorlar orqali kirib borgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, dunyo miqyosida sog‘liqni saqlash bo‘yicha barcha regulyatorlarni mazkur dorilar aylanmasining oldini olishga chaqirgan. Bu dorilar sotuvi aniqlangan mamlakatlardan bu haqda JSSTga xabar berish so‘ralmoqda.

Shuningdek, tashkilot dori ishlab chiqaruvchilarga ham murojaat qilgan: suyuq shakldagi dori vositalari, ayniqsa propilenglikol, polietilengligol, sorbitol, glitserin/glitserol kabi moddalarni o‘z ichiga olgan siroplarni tarqatishdan oldin ular tarkibida etilenglikol va dietilenglikol yo‘qligi tekshirilishi kerak.

Mint nashrining yozishicha, O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” tarkibidagi etilenglikol moddasi me’yordan 300 barobar ko‘p bo‘lgan. Bu haqda Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasiga O‘zbekiston Farmatsevtika agentligi xabar bergan. Kun.uz bu ma’lumotni aniqlashtirish uchun Farmatsevtika agentligiga murojaat qildi. Agentlik bu dori vositasi normativ hujjatlar talabiga javob bermaganini ma’lum qilib, tahlil natijalarini Hindiston elchixonasiga jo‘natganini tasdiqladi, lekin “Dok-1 Maks” tarkibida aniqlangan etilenglikol bo‘yicha laboratoriya tekshiruvi natijasi haqida ma’lumot berishdan bosh tortdi.

Zaharli dorilar O‘zbekistonga qanday kirib kelgan?

“Dok-1 Maks” va “Ambronol” – yo‘talga qarshi dorilar. Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, bu dorilar tarkibida propilenglikol moddasi o‘rniga yoki u bilan birga etilenglikol va dietilenglikol moddalari borligi aniqlangan.

Bu preparatlarni Hindistonning “Marion Biotech” kompaniyasi ishlab chiqargan, O‘zbekistonga “Quramax” kompaniyasi import qilib kelgan. O‘nlab bolalar o‘limidan keyin, mamlakatda “Quramax” olib kirayotgan dorilarning hammasi sotuvi taqiqlandi. Hindiston rasmiylari esa “Marion Biotech”ning litsenziyasini to‘xtatdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston – Hindiston farmatsevtika mahsulotlarini import qilish bo‘yicha 44-o‘rinda, MDHda esa 2-o‘rinda turadi. “Marion Biotech” Hindistonda 2010 yildan boshlab kichik ishlab chiqaruvchi, 2016 yildan esa eksportchi sifatida ro‘yxatgan o‘tgan.

Marion'ning O‘zbekistondagi distribyutori – “Quramax Medikal” MChJ. Bu firma 2006 yilda ro‘yxatdan o‘tgan; rahbari – Singh Ragvendra Pratar. “Dok-1 Maks” siropi mamlakatda 2012 yilda ro‘yxatga olinib, sotuvga chiqarilgan.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, sifat nazorati, standartlashtirish va sertifikatlashtirish bo‘yicha vakolatli organ SSV huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hisoblanadi. Agentlikning bu yo‘nalishdagi ishchi organi – Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi.

Agentlik va uning huzuridagi markaz direktori 30 dekabrga qadar Sardor Qoriyev edi. Shu kuni prezident Shavkat Mirziyoyev bolalar o‘limiga yo‘l qo‘ygani uchun uni ishdan oldi. (Qo‘shimcha qilish lozim, hukumatdagi o‘zgarishlar doirasida Farmatsevtika agentligi SSV huzuridan chiqarilib, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda; bunda agentlikning dorilar va tibbiy buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazish funksiyalari SSVda qoladi).

Amaldagi tartibga binoan, O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan va import qilingan dorilarning har bir partiyasi yoki seriyasi muvofiqlik sertifikatini olishi kerak. Sertifikati bo‘lmagan dori vositalari bojxonadan o‘tkazilmaydi.

Dori vositalarini sertifikatlash bo‘yicha akkreditatsiyaga ega jami 7ta tashkilot bor, shundan 6 tasi Farmatsevtika agentligi tizimiga kiradi. “Dok-1 Maks” siropining 2022 yilda respublikaga olib kirilgan 11 ta seriyasidan barchasiga agentlikka tegishli “Dori vositalarini standartlash ilmiy markazi” MChJ sertifikat bergan.

E’tiborlisi, “Dok-1 Maks”ga 2022 yildan avvalgi oxirgi sertifikat 2018 yilda rasmiylashtirilgan; ya’ni rasmiy reyestrga qaralsa, orada 4 yil bu dorining yangi seriyasi olib kirilmagan. 2022 yilda esa 5 sentabrdan 13 dekabrgacha bo‘lgan oraliqda preparatning 11 ta seriyasiga sertifikat berilgan. Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 15 dekabrdagi xatida “Dok-1 Maks” bilan bog‘liq fojiaviy holatlar “oxirgi 2 oyda” ro‘y berayotgani qayd etilgandi.

“Quramax Medical”ga tegishli “Ambronol”, “Tsinepar”, “Tsinepar ibu kid” kabi qator dorilarni ham shu markaz sertifikatlagan. Markaz direktori – Mirzabotir Hamdamov. MChJning 51 foiz ulushi Farmagentlik huzuridagi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markaziga, 49 foizi esa Farmatsevtika institutiga tegishli.

Davlat xavfsizlik xizmati “Dori vositalarini standartlash ilmiy markazi”ning ikki mansabdorini hibsga olgan. Ular “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilarini sertifikatlash maqsadida tekshiruvdan o‘tkazishda amaldagi tartiblarni qo‘pol ravishda buzganlikda gumonlanyapti. Natijada bu preparatlarning sifatsiz partiyasi sotuvga chiqib ketgan. DXX, shuningdek, “Quramax”ning ikki mansabdorini ham qamoqqa olgan.

Etilenglikol epidemiyasining yangi to‘lqini?

Xavfli dorilar tarkibida aniqlangan etilenglikol – sanoatda antifriz, shtamp siyohlari, sharikli ruchkalar, bo‘yoqlar, plastmassalar, plyonkalar va kosmetika tayyorlashda foydalaniladi. Bu modda me’yordan ortiq iste’mol qilinganda birinchi navbatda markaziy asab tizimi, yurak va buyraklarni ishdan chiqaradi.

“Dok-1 Maks” bilan bog‘liq holatda aksariyat bemorlar o‘tkir buyrak yetishmovchiligidan halok bo‘lgan. E’tiborlisi, aynan shu modda – etilenglikol, shuningdek dietilenglikolning dorilar tarkibida bo‘lishi o‘tgan kuzda Gambiya va Indoneziyada ham ko‘plab bolalarning o‘limiga sabab bo‘ldi.

Gambiyada 2022 yilning sentabr-oktyabr oylarida yo‘talga qarshi sirop ichgan 70 nafar bola o‘tkir buyrak yetishmovchiligidan vafot etgan. Gambiya parlamenti qo‘mitasi bu o‘limlarga Hindistonning “Maiden Pharmaceuticals” kompaniyasi ishlab chiqargan siroplar sabab bo‘lganini bildirgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qutisida shu kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgani yozilgan 4 ta siropda etilenglikol va dietilenglikolning miqdori “qabul qilib bo‘lmaydigan” darajada ekanini aniqlagan. Shu sabab tashkilot oktyabr oyi boshida bu 4 ta dori – “Promethazine Oral Solution” (prometazin eritmasi), bolalar uchun tomoq og‘rig‘iga qarshi “Kofexmalin” va “Makoff” siroplari hamda bolalar uchun shamollashga qarshi “Magrip N” siropi yuzasidan ogohlantirish e’lon qilgan.

Kompaniya bu ayblovni rad etgan. Hindiston hukumati kompaniyaga faoliyatini to‘xtatib turish bo‘yicha topshiriq bergan. Keyinchalik, dekabr oyida hind rasmiylari bu siroplarning Gambiyaga yuborilgan partiyasidan namunalar tekshirilganida hech qanday muammo aniqlanmaganini JSSTga ma’lum qilgan.

Indoneziyada esa qurbonlar soni yanada ko‘proq: 199 nafar. Ularning aksariyati 6 yoshga to‘lmagan. Hukumat oktyabr oyida bu holatlar bo‘yicha tekshiruv boshlab, o‘lim holatlariga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan dorilar sotuvini to‘xtatgan. JSST noyabr boshida bu holat bo‘yicha 8 xil dori (sirop va tomchilar) haqida xalqaro ogohlantirish chiqargan. Bu dorilarning barchasi Indoneziyaning o‘zida ishlab chiqarilgan. Bu preparatlarda ham etilenglikol va dietilenglikolning “qabul qilib bo‘lmaydigan” miqdorda ekani aniqlangan.

“Dietilenglikol glitseringa qaraganda arzonroq turadi, ayrim kompaniyalar uni glitserinning o‘rniga ishlatadi, lekin agar ko‘proq miqdorda qo‘shib yuborilsa, bu turli kasalliklarni, masalan buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqarishi mumkin”, degan Pokistondagi farmatsevtika huquqshunoslari forumi rahbari Nur Mehar.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1938 yildan buyon dunyo bo‘yicha yo‘talga qarshi dorilarda dietilenglikol borligi sabab minglab o‘limlar ro‘y bergani haqida xabar qilingan.

Ochiq manbalarga ko‘ra, 2020 yilda Hindistonning Ramnagar shaharchasidan bo‘lgan 17 nafar bola “Coldbest” nomli yo‘talga qarshi dorini ichganidan keyin shifoxonaga yotqizilgan, ularning yarmidan ko‘pi buyrak yetishmovchiligidan vafot etgan. O‘rganishlarda aniqlanishicha, preparatning o‘sha xatoli seriyasida dietilenglikol dorining 34,97 foizini tashkil etgan, bolalar ana shundan zaharlangan.

Etilenglikol 2019-2020 yillarda Braziliyada 10 kishining o‘limiga, 2008 yili Nigeriyada 84 nafar bolaning vafotiga sabab bo‘lgan. 2006 yilda bu moddaning insonlar o‘limiga sabab bo‘lishi bilan bog‘liq holatlar Panama va Xitoyda ro‘y bergan. 2007 yilda tish pastasi tarkibida etilenglikolning topilishi xalqaro mojaroni keltirib chiqargan.

Gambiya va Indoneziyadagi o‘limlar O‘zbekistonda birinchi navbatda kimni sergaklantirishi kerak edi?

Farmatsevtika agentligi huzuridagi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazida Farmokologik nazorat bo‘limi faoliyat yuritadi.

Kun.uz'dagi ma’lumotga ko‘ra, bo‘limning vazifasi – dori vositalarining nojo‘ya ta’sirlari to‘g‘risida respublika bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ib, tahlil qilib, Shvetsiyaning Uppsala shahriga – JSST qoshidagi Dorilarning nojo‘ya ta’sirini xalqaro monitoring markaziga yuborish hisoblanadi.

Ana shu xalqaro markazning onlayn bazasidan foydalangan holda, butun dunyoda dorilarning nojo‘ya ta’sirlari va sabab-oqibatlarini o‘rganish, O‘zbekistonga bunday dorilar kirib kelishining oldini olish vazifasi ham Farmnazorat bo‘limiga yuklatilgan.

Mavzuga oid