Surxondaryoning yangi hokimi viloyatni “kommunizm”ga qaytarmoqchi
Surxondaryo viloyatining yangi tayinlangan hokimi Ulug‘bek Qosimov 31 dekabr kuni Denov tumanida o‘tkazgan yig‘ilishida qishloq xo‘jaligi sohasini sovetchasiga qo‘lga olishini yashirib o‘tirmadi. “Chopiq-traktorlar yerga kirmagan... Qani “nachalnik melisa”? Siz nima ish qilyapsiz o‘zi?” – yangi hokimning aytgan gaplaridan biri. Bu gaplar 21-asrda, bozor iqtisodiyotini tanlaganiga 30 yil bo‘lgan O‘zbekistonda aytilyapti.
Ishni o‘zbek chinovniklariga xos tarzda majlisbozlikdan boshlagan Ulug‘bek Qosimov denovlik fermerlar bilan uchrasharkan, ularga jumladan shunday deydi:
“Hamma fermer qulog‘iga quyib olsin. Ertaga kechgacha muhlat. Agar uch kun ichida bir sotix yer qolsayam birovda, klasterdan ham ayrilasiz, fermerlikdan ham ketasiz. Denovda klasterchi bo‘laman degan son mingta...”
Shundan keyin hokim ichki ishlar rahbariga yuzlanadi:
“329 ta kultivatordan 143 tasi kirmagan dalaga. Siz o‘zi nima ish bilan shug‘ullanasiz? Sizga men bir kun muddat bergan edim-ku Muzrabotda. Nega shu paytgacha tugatmadingiz? Men texnikani olib kir deb “nachalnik militsiya”ga yig‘ degandim. “Komanda”ni bajarmay qo‘yganmisiz? Forma kiyib yuribsizmi, formasizmi? Qulog‘ingiz tom bitganmi, bunisidan kirib, bunisidan chiqib ketadimi? Ertalab borib nima ish qilyapsiz, g‘allaning rasvosi chiqib yotgan bo‘lsa, shudgor qilinmagan bo‘lsa? Ko‘kat, karamlarni yig‘ishtirasan deb aytdim men”.
Ulug‘bek Qosimov so‘zining davomida yana fermerlarga yuzlanadi:
“Bu hafta Denovga kelaman. Fermerlar, hamma bilib olsin. Yig‘ishtirasizlar, ertadan hamma fermer dalaga chiqsin. 100 foiz ishchilarni olib chiqib, ariqni qaziymiz, dala atroflarini tozalaymiz, yoqamiz. Mubolag‘asiz aytyapman: uch kundan keyin 1 sm bo‘lsa ham shudgor qilinmagan yer topib olsam, xafa bo‘lmanglar mendan. Yerdan “moment” ayrilasiz.
Hamma o‘g‘it bergan fermer suvini tarasin. “To‘palang”ning ham “komanda”sini berdim, suvni ochadi. Qayergacha bo‘lsa ochib, joy-joyiga qo‘yasiz. Menga hal qilib, doklad qiling ertaga. Tushunarlimi?
“Mustaqillik” bormi? Sizda qancha karam turibdi yerda? Tez oldiring. Tushundingizmi? “Sharof Rashidov” rasvo deb eshityapman, “Oxunboboyev” tugab tamom bo‘lgan deydi. Hozir bunga “G‘alaba” ham qo‘shilganmish, “kasallik” o‘tib ketibdi... “Sobir Rahimov” – hozir eng yomoni. Mana shulardan boshlab har kuni ko‘rib, menga doklad qilib beradi. Qilmaganiga qattiq-qattiq chora ko‘ramiz”.
Shu o‘rinda zarur bo‘lgan mulohazalar:
Iqtisodiyotni ma’muriy buyruqbozlik bilan yuritish favqulodda samarasiz ekani o‘z isbotini topib bo‘lgan – butun boshli Sovet Ittifoqi aynan shu uchun – iqtisodiyoti shaxsiy manfaatdorlik stimuliga emas, balki buyruq berish va majburlash tizimiga suyangani uchun inqirozga yuz tutdi.
Sovet Ittifoqi inqirozga yuz tutgan bir paytda shaxsiy manfaatdorlik va xususiy mulk daxlsizligiga qurilgan iqtisodiyotlar muvaffaqiyatli o‘sishda davom etdi. Aynan shu yondashuv to‘g‘ri ekani uzil-kesil o‘z isbotini topdi, 70 yil davomida o‘tkazilgan kommunistik tajriba esa... xomxayol ekani ayon bo‘ldi – odamlarni majburlab, samarali ishlatib bo‘lmas ekan.
Men hozir 30 yil avval yuz bergan hodisalar haqida gapiryapman. 30 yil avval. 30 yil avval tug‘ilgan chaqaloq katta bo‘lib, oila tebratyapti, ilmiy ishlar qilyapti. Biroq...
Ajabo, O‘zbekistonda hamon ma’muriy-buyruqbozlik bilan iqtisodiyotni rivojlantirib bo‘ladi degan fikrdagi odamlar bor. Borligi-ku xavfli emas – kimqanaqa fikrdagi odamlar bor jamiyat ichida. Ammo bunaqa fikrlaydiganlar katta lavozim kursilarida o‘tirishi... xalq uchun fojia. Chunki, hali aytganimizdek, bu yo‘l noto‘g‘ri ekani o‘z isbotini topib bo‘lgan – shu yo‘lda davom etayotgan mamlakatlarni bilamiz.
Bizda hamon tadbirkorlarni so‘kib-urib-qo‘rqitib ishlatsa bo‘ladi deb o‘ylaydigan, kechirasiz-u, paleozoy davridan qolib ketgan odamlar... mas’uliyatli lavozimlarda.
Yo‘q, janoblar, o‘rtoqlar, buni nafaqat biz, balki yer kurrasining kattagina qismida yashaydigan xalqlar boshidan o‘tkazdi va bu yo‘ldan voz kechdi. O‘sha bitta yo ikkitasidan tashqari. To‘g‘ri iqtisodiyot bu – odamlar o‘z manfaati uchun harakat qiladigan va bu yo‘lda ularga hech kim xalaqit qilolmaydigan iqtisodiyot. Aynan shaxsiy manfaat uchun harakat qiladigan odamlar ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yadi, samara keltiruvchi omillarni bajo keltiradi, bu ilmiy isbotlangan.
Majburlov ostida esa kishilar, ta’bir joiz bo‘lsa, yeguligini yashirib yeydigan yosh bolaga o‘xshab qoladi. Ya’ni yulg‘uch, qonuniy tekshiruvlardan yashirinadigan, soliqlardan qochadigan, xullas, imkon topsa moddiy va ma’naviy o‘g‘rilik qiladigan sinf paydo bo‘ladi va... paydo bo‘ldi ham. Endi buni tuzatish uchun faqat rostmana bozor iqtisodiyotiga o‘tish, qonun ustuvorligiga erishish, sudlar haqqoniy ishlashiga erishish, noqonuniy aralashuvlarni cheklash kerak, xolos.
Do‘q-po‘pisa-yu majburlashga qurilgan tuzum allaqachon qulab bo‘lgan, tarixda qoldi, o‘rtoqlar.
Shokir Sharipov
Mavzuga oid
15:45 / 21.11.2024
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
12:10 / 20.11.2024
O‘zbekistonda foydalaniladigan suv resurslari 90 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelyapti
11:37 / 20.11.2024
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida importni 50 foizga qisqartirish rejalashtirilmoqda
21:20 / 19.11.2024