Jahon | 13:12 / 14.01.2023
4025
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada tanqidchi Troitskiy va aktyor Smolyaninov «xorijiy agent» deb tan olindi

Adliya vazirligi musiqiy tanqidchi Troitskiy va aktyor Smolyaninov hisobidan «xorijiy agentlar» ro‘yxatini kengaytirdi. Har ikkisi ham urushga keskin qarshi chiqqandi.

Artemiy Troitskiy / Foto: DELFI

13 yanvar, juma kuni Rossiya Adliya vazirligi musiqiy tanqidchi Artemiy Troitskiy va aktyor Artur Smolyaninovni «xorijiy agentlar» reyestriga kiritdi.

Troitskiy 2014 yildan beri Tallinda yashab, u yerda dars beradi. 24 fevralda, Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlangan kun, u Rossiya agressiyasiga qarshi chiqdi. «Men sevgan va boy berayotgan Rossiya uchun juda afsusdaman. Zamonaviy dunyo Putinning o‘rta asr vabosini yengib o‘tishiga shubha yo‘q, lekin qon to‘kilishi kamroq bo‘lishini istardim», deb yozgan o‘sha kuni u.

Artur Smolyaninov 2022 yilning yozida Rossiyani tark etgan, u avvalroq Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini keskin tanqid qilib, bir necha intervyu bergandi. Oktabr oyida unga qarshi Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirish» to‘g‘risida protokol tuzildi. Yanvar oyi boshida «Novaya gazeta.Yevropa» nashriga bergan intervyusida u agar urushda qatnashishi kerak bo‘lsa, Ukraina tomonida jang qilishi va «Rossiyadan nima qolishi» uni qiziqtirmasligini aytdi. Bundan tashqari, Artur Smolyaninov «Fuqaro shoir» siyosiy satirik loyihasini qayta boshlashda ishtirok etyapti hamda Cho‘lpon Xamatova bilan birgalikda «Nogu Svelo» guruhining «Yangi yil bilan, o‘g‘lim» klipida rol o‘ynadi, u yerda rossiyalik oilaviy juftlik urushda halok bo‘lgan o‘g‘lining fotosurati bilan yangi yilni kutib olishi aks etgan.

13 yanvar kuni Troitskiy va Smolyaninovdan tashqari Navalniyning Permdagi shtabi sobiq rahbari Sergey Uxov, bloger va sobiq ruhoniy Sergey Kirsanov, advokat Anatoliy Fursov hamda ukrainalik teleboshlovchi Aleksandr Shelest ham «xorijiy agent» sifatida tan olindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid