Jahon | 09:49 / 16.01.2023
4159
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyadagi hukmron partiya Rossiya va Ukraina urushida diplomatiyaga chaqirdi

Klingbaylning fikricha, Ukraina «Rossiya tomoni bilan muzokaraga kirishishi uchun» harbiy jihatdan mustahkamlanishi kerak.

Lars Klingbayl / Foto: dw

Germaniyada hukmron Sotsial-demokratik partiya hamraisi Lars Klingbayl Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni diplomatik yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini aytdi. Klingbayl tegishli pozitsiyani 15 yanvar, yakshanba kuni Sotsial-demokratik partiyaning Maynsdagi yangi yil qabulida bildirdi.

«Ba’zida munozaralar faqat qurollar atrofida kechayotganini ko‘rganimda boshim aylanib ketadi», dedi Klingbayl. «Bizning zamonamizda diplomatiya tushunchasiga deyarli nafrat bilan qaralayotganini ko‘rib hayratda qoldim», — deya qo‘shimcha qildi u.

Sotsial-demokratik partiya hamraisi so‘zlariga ko‘ra, u Germaniya Kiyevni zirhli transportyorlar bilan ta’minlayotganini 100 foiz qo‘llab-quvvatlaydi. Ukraina «Rossiya tomoni bilan muzokaraga kirishishi uchun» harbiy jihatdan mustahkamlanishi kerak, deb hisoblaydi Lars Klingbayl. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sotsial-demokratik partiya o‘z paytida Germaniya federativ respublikasining sobiq kansleri Villi Brandt tomonidan e’lon qilingan yo‘nalishga amal qilishi kerak, u partiya «bir tomondan - harbiy kuchni, boshqa tomondan - diplomatiyani himoya qilishi» kerakligini aytgandi.

Bundestagdagi Sotsial-demokratik partiya fraksiyasi o‘tgan hafta Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishish uchun diplomatik tashabbusga umid qilayotganini aytdi. «Chunki biz bilamizki, urushlar odatda jang maydonida tugamaydi», — deyiladi deputatlar pozitsiyasi loyihasida.

Avvalroq, 12 yanvar kuni Ukraina BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish vositachiligida o‘tkazishni taklif qilgan global «tinchlik sammiti» 24 fevral kuni BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida o‘tkazilishi rejalashtirilgani ma’lum bo‘lgan edi. Bu haqda Ukrainaning Turkiyadagi elchisi Vasiliy Bodnar ma’lum qildi. Uning so‘zlarini Anadolu agentligi keltirgan.

Diplomat G20 sammitida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan aytilgan «tinchlik formulasi»ni esladi. «Turkiya Ukraina tomonidan taklif etilgan tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatlashini va uni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligini rasman ma’lum qilgan tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lidan minnatdorman», — deya qo‘shimcha qildi Ukraina diplomatik missiyasi rahbari.

Zelenskiy 2022 yil sentabrida 10 banddan iborat «tinchlik formulasini» taqdim etgan edi. Gap, xususan, mamlakatlar chegaralarini buzganlik uchun, jumladan, sanksiyalar orqali jazo, davlatlarning o‘z fuqarolarining hayotini himoya qilish huquqi, xavfsizlikni (jumladan, oziq-ovqat va yadroviy xavfsizlikni), shuningdek, Ukrainaning hududiy yaxlitligini tiklash haqida borgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid