O‘zbekiston | 10:41 / 17.01.2023
42646
7 daqiqa o‘qiladi

O‘quvchi ustozini pisand qilmay qo‘ydi! Tarbiyadagi bo‘shliqning nimalarga olib kelayotgani haqida achchiq haqiqat

O‘qituvchisidan kaltak yegan kap-katta yigit maktabga onasini yetaklab keldi. Bu ham yetmaganday, uyalmasdan ko‘pchilik oldida ishtonini yechib “jarohati”ni ko‘rsatdi. Videodan ko‘rinadiki, bolada vahima qilinganidek tan jarohati yo‘q. Lekin u o‘qituvchini yomonotliq qilish uchun ishtonini yechishdan toymadi. Ayting-chi, yigitlik g‘ururi, or-nomus qayoqda qoldi?

Foto: Kun.uz

O‘qituvchilarning maoshi yetarli emasligi, o‘sha oz maosh ham turli-tuman cho‘qilanishlardan o‘tishi, ta’lim sohasi xodimlari turli ishlarga jalb qilinishi eng yuqori doiralarda muhokama qilindi. Shukr, bu borada ancha muammolar yechildi, qolganlariga ham harakat qilinyapti. Shu bilan birga bir muammo borki, u haqda ham muntazam bong urib turish kerak. Bu o‘qituvchilarning mavqeyi, ularning daxlsizligi!

Bu mavzu haqida so‘z yuritilganda, albatta, bunga qarshi chiquvchilar, darhol masalaga narigi qirg‘oqdan ko‘z tashlovchilar, jabrdiydani aybdor, aybdorni jabrdiydaga aylantiruvchilar topiladi. Ammo hozir, ayni shu maqolada ustozlar tortayotgan azob haqida so‘z boradi, boshqasini boshqa maqolaga qoldirib turamiz.

Muddao shuki – o‘quvchi o‘z ustozini pisand qilmay qo‘ydi!

Mushtday bola ko‘zini lo‘q qilib, o‘z o‘qituvchisini kalaka qilishi, gap qaytarishi, ortidan yurib ermaklashi, darsini istagancha buzishi, eng dahshatlisi — bu masxaralar, xo‘rliklarni telefonga tushirib tarqatishi va zo‘r ish qilgandek maqtanishi oddiy holga aylandi. Internet bunday lavhalarga yoki ota-onalarning maktabga kelib ustozni izza qilishiga oid videolar bilan to‘lib toshgan.

Hozir gap darslarga tayyorlanib kelish, jamoat ishlarida faol qatnashish, muallimning ortidan bilim izlab yugurib yurish haqida ketmayapti. Ko‘pchilik o‘quvchilar uchun bu xislatlar yot bo‘lib ulgurdi. Gap oddiy odob qoidalarining ham unutilayotgani, ustoz va shogird o‘rtasidagi hurmat tuyg‘usi ayovsiz toptalayotgani va bu oddiy holga aylanayotgani haqida ketmoqda.

Poytaxt maktablaridagi holatga e’tibor bering: ustoz qayta-qayta tanbehlarga qaramay tinch o‘tirmagan o‘quvchining qo‘liga yog‘och chizg‘ich bilan uradi. O‘quvchi jazavaga tushadi va otasini yetaklab keladi. Natija: qator majlislar, o‘qituvchining izza qilinishi va sharmandalarcha ishdan haydalishi...

O‘z fanining fidoyisi bo‘lgan muallimning bu qadar xor qilinishiga chiday olmagan boshqa hamkasblari ham bo‘shash haqida ariza yozishadi. Maktab direktori vaziyatni o‘nglash uchun ota-onalar majlisi chaqiradi. Shunda qiziq holat yuz beradi – ota-onalarning aksariyati agar o‘z farzandlari ustozlarining so‘ziga amal qilmasa, bemalol urib jazolash mumkinligini aytib, ko‘pchilik oldida bunga ruxsat berishadi.

Albatta, o‘qituvchining o‘quvchiga kuch ishlatishi, jarohat yetkazishini oqlab bo‘lmaydi. Lekin tan olaylik, o‘qituvchi qo‘l ko‘targanda jarohat yetkazishni, bolani mayib qilishni maqsad qilmasligini hammamiz yaxshi bilamiz-ku. Farzandlarimiz gapga kirmay qo‘yganidan, ba’zan po‘pisalar ham kor qilmayotganidan bexabarmizmi yoki? 

Kamiga ustozlarini ochiqdan-ochiq kalaka qilishni odat qilishayotgani, ko‘z o‘ngimizda telefon degan balodagi yasama shon-shuhrat uchun hech narsadan tap tortmaydigan avlod shakllanib borayotganini hammamiz ko‘rib, his qilib turibmiz-ku.

Qolaversa, majburlikdan o‘z o‘quvchisiga qo‘l ko‘targan ustozning o‘zi ham keyinchalik bu ishidan pushaymon bo‘lishi, ko‘nglida og‘ir yuk bilan yurishi ham bor gap.

O‘ylab ko‘raylik, lozim bo‘lsa, farzandimizga yarim soat dars qildirguncha necha marta po‘pisa qilib, yolg‘ondan bo‘lsa-da qo‘l ko‘taramiz. Xo‘sh, nega yarim kun davomida shuncha bolani eplab, ham mavzuni tushuntirib, ham o‘ttizdan ortiq o‘quvchidan uy vazifasini so‘rab, tartibni saqlab, yana kamiga mingta rahbarning ko‘ngliga qaraydigan, o‘zi shundoq ham ko‘cha supurish-u metallolom-obunalardan to‘yib bo‘lgan muallimning jahli chiqishi mumkinligini hazm qilolmaymiz, jazavaga tushamiz?!

Yana ta’kidlaymiz – bu maqola o‘quvchilarga nisbatan kuch ishlatishni yoqlab yozilmagan. Faqat o‘qituvchini shu darajaga olib boradigan, quyushqondan chiqaradigan o‘quvchilar borligini unutib qo‘ymaylik, shunday vaziyat bo‘lganda darhol muallimning yoqasidan olishga shoshilmaylik!

Davlat rahbarining o‘zi o‘qituvchi maqomini Konstitutsiyaga kiritishni taklif qildi va ularning daxlsizligini qonunlar bilan mustahkamlamoqchi. Shunday paytda biz ota-onalar bolamizning xarxashasi ortidan maktabga yuguraverishni odat qiladigan bo‘lsak, o‘qituvchining qadri qoladimi?

Maqolani ijodkor Shuhrat Sattorovning “Qadr-qimmatini yo‘qotayotgan millat me’mori” maqolasidan parcha bilan davom ettirsak:

“Kaltak yeyayotgan — o‘qituvchi!

“O‘zimdan uch yosh kichik, kelib chiqishi buxorolik bo‘lgan, poytaxtning Uchtepa tumanidagi maktablardan birida o‘zbek tili va adabiyotidan dars beruvchi tanish yigit ishxonamga yo‘qlab keldi.

“Qishloqqa qaytyapman. Bu yerda ishlash bizga emas ekan, aka”, — dedi tushkun holatda, bir yog‘i ko‘kimtir tus olgan yonog‘ini bekitishga urinib.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘quvchilaridan biri mazax va masxaralashni oshirib yuborgani uchun tanishim uning yuziga shapaloq tortib yuborgan, so‘ng bolaning otasi kelib o‘qituvchini hammaning oldida “yumaloq yostiq” qilgan ekan...

Yana bir gap, bu ayniqsa, o‘g‘il bolalarga tegishli, o‘g‘illarimizning haqiqiy er yigit, asl erkak bo‘lib ulg‘ayishi uchun aynan mana shunday holatlar juda muhim. Agar o‘g‘limizning arzimas arzlari ortidan yugurib boraveradigan bo‘lsak, xalq tili bilan aytganda “ilimiliq” bir shaxs tarbiyalanishiga zamin yaratamiz. Kimgadir suyanib shikoyat qilaverishni odat qilgan boladan tashabbus, shijoat kutishning o‘zi ahmoqlik. O‘g‘illarimizni haqiqiy mard qilib tarbiyalaylik, erkak qilib voyaga yetkazaylik!  

Esingizda bo‘lsa, maktabda o‘qituvchisidan kaltak yegan kap-katta yigit onasi ortida turib olgani, onasi jazavaga tushib gapirgani ortidan ishtonini yechib ko‘rsatgani rosa muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Videodan ko‘rinadiki, bolada vahima qilinganidek tan jarohati yo‘q. Lekin u o‘qituvchini yomonotliq qilish uchun ishtonini yechishdan toymayapti. Axir yigitlik g‘ururi qayoqda qoldi?

Aziz ota-onalar! Do‘ppini yechib olib o‘ylab ko‘rish fursati allaqachon yetib kelgan. To‘g‘ri, ta’lim tizimimizda muammolar yetarli. Ammo ularning birortasini ustozni izza qilish, xor qilish orqali yecha olmaymiz!

Abror Zohidov

Аброр Зоҳидов
Muallif Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid