«Agar u bo‘lmaganida, ehtimol Kiyevni olishardi». Bankir Kireyevning tushunarsiz o‘limi haqida
The Wall Street Journal ukrainalik razvedkachi va Rossiya bilan muzokaralar ishtirokchisi, bosqin boshlarida Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan o‘ldirilgan Denis Kireyev haqida yozdi.
2022 yil mart oyi boshida Ukraina xavfsizlik xizmati xodimlari sobiq bankir va Rossiya bilan muzokaralarning birinchi raundi ishtirokchisi Denis Kireyevni o‘ldirishadi. Avvaliga uni davlatga xiyonatda gumon qilib qo‘lga olish chog‘ida otib o‘ldirishgani xabar qilinadi. Keyinroq Kireyev Ukraina razvedka bosh boshqarmasi uchun ishlagani va «anglashilmovchilik» tufayli o‘ldirilgani ma’lum bo‘ladi. Uni harbiy izzat-ikrom bilan dafn etishadi, prezident Volodimir Zelenskiy esa Kireyevni vafotidan keyin «davlat suvereniteti va davlat xavfsizligini himoya qilishdagi alohida xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlaydi. Ukraina razvedkasi boshlig‘i Kirill Budanov The Wall Street Journal nashriga Rossiya bosqini arafasida Kireyev tomonidan yetkazilgan ma’lumot Kiyevni saqlab qolishga imkon bergani haqida gapirdi.
Denis Kireyev — ukrainalik bankir. U o‘z faoliyatini 2000-yillarda boshlagan Credit Lyonnais, Citibank va ING kabi g‘arb banklarining mahalliy filiallarida ishlagan. The Wall Street Journal nashrining yozishicha, Kireyev 2003 yilda, uning qarindoshlaridan biri Ukraina Xavfsizlik xizmati boshlig‘i o‘rinbosariga aylanganida josuslikka qiziqib qoladi.
Banklardagi bir necha yillik faoliyatidan keyin Kireyev Donetsk oblastidan bo‘lgan aka-uka biznesmenlar, keyinchalik Ukraina prezidentiga aylangan Viktor Yanukovichning yaqin kishilari bo‘lgan Andrey va Sergey Klyuyev bilan hamkorlik qila boshlaydi. Andrey Klyuyev Yanukovichning prezidentlik yillarida Ukrainaning birinchi vitse-premeri (2010-2012 yillar), Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi (2012-2014 yillar) bo‘ladi. Xuddi shu davrda Kireyev «Ukreksimbank»ning kuzatuv kengashi a’zosi va Ukraina Davlat jamg‘arma banki boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi.
2014 yilda Yanukovich hokimiyatdan chetlashtirilgach, aka-uka Klyuyevlar Ukrainani tark etishadi. The Wall Street Journal Kireyevning hamkasblariga tayanib, u o‘shanda Klyuyevlarga o‘z aktivlarini mamlakatdan olib chiqishga ko‘maklashganini yozadi. O‘shanda bankirda Rossiya biznesi va maxsus xizmatlari bilan aloqalar paydo bo‘lgan.
2021 yil bahorida, Rossiya o‘z qo‘shinlarini Ukraina chegarasi yaqiniga olib kela boshlaganida Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov Kireyevni shtabga chaqiradi. Shu yerda u bankirga Ukraina razvedkasi uchun ishlashni taklif qiladi. «Unda kerakli tanishlar doirasi bor edi. Moliyaviy operatsiyalar u orqali o‘tgan, shuning uchun u hamma bilan, jumladan juda nufuzli odamlar bilan aloqada bo‘lgan», — deya tushuntiradi gazeta bilan suhbatda Budanov.
WSJ nashrining yozishicha, josuslikka qiziqqan Kireyev razvedka rahbarining taklifiga rozi bo‘ladi. Shundan keyin bankir doimiy ravishda Rossiyaga safarlar uyushtiradi. «U hamma narsa haqida ma’lumotlarni qo‘lga kiritadi. Maxsus xizmatlar dunyosi va moliya dunyosi doim o‘zaro bog‘liqdir», — deydi Kireyevning ishi haqida Budanov.
Budanovning so‘zlariga ko‘ra, Kireyev Rossiyaning bosqin rejasi haqida 2021 kuzida xabar topgan va birinchi bo‘lib trevoga ko‘targan. Fevral oyida, urush muqarrar bo‘lib qolganida Kireyev oilasi bilan har yilgidek Alp tog‘lariga sayohatga ketishi kerak edi ammo 18 fevral kuni u bu g‘oyadan voz kechadi. «Agar men ta’tilga ketsam, men ortiq o‘zimga [oynaga] qaray olmayman», — degandi u o‘shanda o‘z rafiqasiga.
Besh kun o‘tib, 23 fevral kuni Kireyev Budanovga so‘nggi xabarni yetkazadi — Rossiya prezidenti Vladimir Putin bosqin boshlash haqida buyruq bergandi. O‘shanda bankir Rossiya qo‘shinlari 24 fevral tongida Kiyevdan 25 kilometr masofada joylashgan Antonov aeroporti hududiga (avvalgi nomi «Gostomel») desant tushirishni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirgandi, rossiyalik harbiylar bu aeroportdan Ukraina poytaxtini egallash uchun platsdarm sifatida foydalanishni ko‘zlagandi.
Budanovning so‘zlariga ko‘ra, aynan Kireyevning xabari Kiyevni saqlab qolishga imkon beradi, chunki shu xabar tufayli ukrainlarda qo‘shinlarni aeroport mudofaasiga yo‘naltirish uchun vaqt bo‘ladi. «Agar Kireyev bo‘lmaganida, Kiyev, katta ehtimol bilan, bosib olingan bo‘lardi», — deya xulosa qiladi Budanov.
Rossiyaning Ukrainani tez fursatlarda egallab olish rejalari barbod bo‘lgach, muzokaralar boshlanadi. Birinchi raund 28 fevral kuni o‘tkaziladi. Kireyevda mojaroning ikki tomoni bilan ham aloqalarga egaligi va Rossiya delegatsiyasining ikki a’zosi bilan shaxsan tanish bo‘lgan tufayli Budanov unga muzokaralarda qatnashishni taklif etadi. Bankir unda ishtirok etishni istamaydi, chunki bu uning Ukraina maxsus xizmatlari bilan aloqasini fosh etib qo‘ygan bo‘lardi, ammo baribir yakunda razvedka rahbarining taklifini qabul qilishga qaror qiladi. «Jin ursin. Vatan talab etayotgan ekan, borganim bo‘lsin», — deya Kireyevning so‘zlarini eslaydi uning qo‘riqchilaridan biri.
Muzokaralardan so‘ng Kireyev Budanov bilan uzoq suhbatlashadi. U bankirni endi uning josuslik faoliyati fosh bo‘lganida xavf ostida qolganini aytadi. Shunga qaramay, Budanov Kireyevdan 3 mart kuniga mo‘ljallangan muzokaralarning ikkinchi raundida ishtirok etishni taklif qiladi.
WSJ bilan suhbatda Ukraina razvedkasi rahbari muzokaralar arafasida Kireyevga Ukraina xavfsizlik xizmati aksilrazvedka boshlig‘i Oleksandr Poklandning ofisidan qo‘ng‘iroq bo‘lgani va boshliq u bilan uchrashishni istayotganini aytishganini eslagan. Bu uchrashuv nega ro‘y bermaganiga gazeta aniqlik kiritmagan. Ammo keyingi kuni, Kireyev Belarusdagi muzokaralarga otlanib, vokzalga kelganida, o‘z qo‘riqchilarini yo‘lda Ukraina xavfsizlik xizmati xodimlari uni qo‘lga olishga urinishi mumkinligi haqida ogohlantiradi. «Aralashmanglar», — deydi u o‘shanda.
Kireyevni shahar markazida, Sofiya sobori atrofida qo‘lga olishadi. Bir yarim soat o‘tib bankirning tanasi Kiyevdagi ko‘chalardan birida topiladi. Ukraina nashrlari o‘shanda bankir qo‘lga olish vaqtida otib o‘ldirilganini yozishadi, ammo uning qo‘riqchilari gazetaga Ukraina xavfsizlik xizmati xodimlariga hech qanday qarshilik ko‘rsatish bo‘lmaganini aytishadi.
Keyinroq «Agenstvo» nashri o‘z manbasiga tayangan holda bu hodisa Ukraina maxsus xizmatlari o‘rtasidagi «chalkashlik» tufayli ro‘y bergan bo‘lishi mumkinligini yozadi: Ukraina xavfsizlik xizmati Kireyevni davlatga xiyonat qilishda gumon qilgan, chunki u Rossiya razvedkasi bilan kontakt qilish vakolatiga egaligidan bexabar bo‘lishgan. Shunga qaramay, Kireyev qo‘lga olinganidan keyin nega o‘ldirilgani noma’lum bo‘lib qolgan.
5 mart kuni Ukraina bosh razvedka boshqarmasi o‘z press-relizida Kireyev maxsus topshiriq chog‘ida halok bo‘lganini bildiradi. Keyinroq Ukraina prezidenti o‘z farmoni bilan bankirni o‘limidan keyin III darajali Bogdan Xmelnitskiy ordeni bilan mukofotlaydi, bir necha kun o‘tib u Kiyevdagi Baykove qabristonida harbiy qahramonlar kabi dafn etiladi.
Bugun, 19 yanvar kuni WSJ maqolasidan keyin Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak izoh berib, Kireyev UXX va razvedka boshqarmasi o‘rtasida harakatlar yaxshi muvofiqlashtirilmagani tufayli halok bo‘lganini bildirdi.
«U GUR (Bosh razvedka boshqarmasi) bilan ishlagan, uning o‘limi esa kuchishlatar tuzilmalar o‘rtasida yagona koordinatsiya bo‘lmagani bilan bog‘liq. Bir tomondan unga ma’lum e’tirozlar bo‘lgan, boshqa tomondan bu e’tirozlarni muloqot formatida hal qilishga ulgurilmagan, bu delegatsiya faoliyati va muzokaralar jarayoni bilan aloqador emasdi. U RF josusi bo‘lmagan», — dedi u.
2022 yil iyul oyida Zelenskiy Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari, o‘zining bolalikdagi do‘sti Ivan Bakanovni va bosh prokuror Irina Venediktovani «xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani» uchun ishdan bo‘shatadi. Ukraina prezidenti ularning ishdan bo‘shatilishini prokuratura, dastlabki tergov va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlariga nisbatan davlatga xiyonat bo‘yicha ko‘plab ishlar ochilgani bilan izohlaydi.