O‘zbekiston | 09:40 / 20.01.2023
6067
2 daqiqa o‘qiladi

Gent universitetida o‘zbek tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yilishi mumkin

O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi Dilyor Hakimov Gent universiteti Yozma  va og‘zaki tarjima fakultetining turk bo‘limi vakillari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Gent universiteti / Foto: smapse.com

O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, Gent universiteti Belgiyadagi uchta eng yirik universitetlaridan biri hisoblanadi. Universitet Flandriyadagi tarixiy Gent shahrida joylashgan. Mazkur oliy ta’lim muassasasida 38 mingga yaqin talaba tahsil oladi va 7 mingdan ortiq xodim ishlaydi. Gent universiteti 1817 yil 9 oktyabrda tashkil etilgan. Belgiya va dunyoning eng yaxshi universitetlari qatorida e’tirof etiladi.

Gent universiteti vakillari O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bilan tilshunoslik, madaniyat va san’at yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Xususan, Belgiya universiteti professor-o‘qituvchilarining o‘zbek xalqi tarixi, madaniyati, san’ati, an’analari, shuningdek, milliy tiliga qiziqishi ortib borayotgani ta’kidlandi. O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish o‘zbek xalqining boy tarixi va Buyuk Ipak yo‘lidagi markaziy o‘rni bilan izohlandi.

Shu munosabat bilan, Gent universiteti va O‘zbekiston tomoni o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik shakllaridan biri Gent universitetining san’at va falsafa fakulteti Ijtimoiy fanlar akademiyasi bilan birgalikda «Ipak yo‘li bo‘ylab madaniy va tillar uchrashuvlari» loyihasini amalga oshirish bo‘lishi mumkin.

Loyiha doirasida madaniyat va ta’lim sohasida O‘zbekiston madaniyati hamda o‘zbek tiliga bag‘ishlangan ma’ruzalar, kurslar, mahorat saboqlari, seminarlar, vebinarlar, musiqiy dasturlar, ko‘rgazmalar kabi turli tadbirlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid