Jahon | 20:45 / 20.01.2023
16874
3 daqiqa o‘qiladi

«Qambar Ota-1» GES qurish bo‘yicha O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasida faqat umumiy kelishuv bor – ekspert 

Qirg‘izistonda uch davlat ishtirokida GES qurish bo‘yicha barcha ishlar hozircha loyiha bosqichida ekani aytildi. 

Foto: Kazinform

Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti huzuridagi Milliy strategik tadqiqotlar instituti direktori Qanotbek Aziz «Qozog‘iston-O‘zbekiston-Qirg‘iziston» triosining «Qambar Ota-1» gidroelektr stansiyasining qo‘shma qurilishi loyihasining istiqbollari haqida o‘z fikrini bildirdi. 

«Qambar Ota-1» GES qanday sharoitda qurilishi haqida gapirishga hali erta. Chunki qo‘shma qurilish bo‘yicha uch davlat o‘rtasida faqat umumiy kelishuv bor. Eng muhimi, suv resurslari muammosi uchala davlatni ham chetlab o‘tmasligi haqida umumiy tushuncha bor», dedi u «Markaziy Osiyo-2030: Kelajak qiyofalari» ekspertlar yig‘ilishi doirasida Kazinform muxbiri bilan suhbatda. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘izistonlik mutaxassislar 2030 yildan boshlab o‘z mamlakatida suv bilan bog‘liq keng ko‘lamli muammolar boshlanishi mumkinligini aytib, bong urmoqda. 

«Orolning qurishi, boshqa ko‘llarda qurg‘oqchilik va boshqa muammolar bor. Muzliklarning erishi, iqlim o‘zgarishi kabi muammolar mavjud. Bu muammolarni ommaviy ravishda, maslahat yo‘li bilan hal etish zarur, degan fikr har uch tomonda ham bildirilayotgani muhim deb hisoblayman. 

Uch mamlakat energetika sohasiga mas’ul vazirlik rahbarlari tomonidan imzolangan kelishuv o‘z vaqtida qo‘yilgan muhim qadam. «Qambar Ota-1» GES qurilishi loyihasi nafaqat suv muammosi, balki energiya xavfsizligi masalasidir. Eng muhimi, Qirg‘iziston tomoni bu loyihaga rozi bo‘ldi. Chunki obekt bizning hududda quriladi. Hozir dunyoda keskinlashgan vaziyat bizni Markaziy Osiyoga yagona tuzilma sifatida qarashga undamoqda», – dedi Qanotbek Aziz. 

Avvalroq, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston energetika vazirlari Qirg‘izistonda «Qambar Ota-1» GES qurilishi bo‘yicha kelishuvni imzolagan edi. 

Mavzuga oid