Jahon | 18:48 / 20.01.2023
20649
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston prezidenti O‘zbekistonga gaz yetkazib beriladigan «Galqinish» koniga tashrif buyurdi

Serdar Berdimuhamedov mahalliy iste’molchilarni tabiiy gaz bilan to‘liq ta’minlash, shuningdek, gaz eksporti salohiyatini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi. 

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov 20 yanvar kuni Mari viloyatiga safar uyushtirib, juda katta tabiiy gaz zaxiralariga ega eng yirik «Galqinish» gaz koniga tashrif buyurdi. Bu haqda Turkmaniston televideniyesining «Watan» axborot dasturiga tayanib Turkmenportal xabar berdi.

Prezident konda amalga oshirilayotgan ishlar, qayta ishlash sanoati tuzilmalariga zamonaviy innovatsion usullar joriy etilayotgani bilan qiziqqan. «Turkmengaz» davlat konserni rahbari Botir Amanov prezidentga ishlarning ahvoli, ishlab chiqarish quvvatlari, yangi quduqlarni o‘zlashtirish holati to‘g‘risida ma’lumot bergan.

«Davlat rahbari mahalliy iste’molchilarni tabiiy gaz bilan to‘liq ta’minlash zarurligiga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, gaz eksporti salohiyatini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 12 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov Ashxobodga tashrif buyurib, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhammedov bilan uchrashgan va O‘zbekistonga qo‘shimcha ravishda kuniga 20 mln kub metr gaz berish (3 oyda jami 1,5 mlrd kub metr) bo‘yicha kelishuvga erishib, shartnoma imzolagan edi.

12 yanvar kuni «Turkmengaz» tomonidan O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatildi. Bunga «Galqinish» gaz konidagi ichki kommunikatsiyalarda gidrat to‘planishi sabab bo‘lgani aytildi. Shu bilan birga O‘zbekistonga gaz yetkazib berilishi tez orada tiklanishi haqida ham xabar berildi.

Turkmenportal xabarida O‘zbekistonga gaz yetkazib berish bilan bog‘liq masala yoritilmadi.

Mavzuga oid