Jamiyat | 13:40 / 24.01.2023
26973
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda YPX avtomobilida chaqaloq tug‘ildi

Tug‘ilajak chaqaloqning buvisi Farg‘ona halqa yo‘lida xizmat o‘tayotgan YPX inspektorlaridan yordam so‘ragach, inspektorlar homilador ayolni patrul mashinasiga o‘tkazib, tug‘uruqxonaga qarab yo‘lga chiqishgan va yo‘lda ayolning ko‘zi yorigan.

Foto: Videodan kadr

Namangan viloyatida xizmat olib borayotgan yo‘l-patrul xizmati mashinasida chaqaloq dunyoga keldi. Bu haqda O‘zbekiston IIV YHXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Namangan viloyati YHXB YPX 5-safarbarlik guruhi xodimlari 4P-112 Farg‘ona halqa avtomobil yo‘lining 20-kilometrida xizmat olib borish chog‘ida yo‘l chetida to‘xtab turgan Cobalt avtomashinasini uchratishgan. Uning ichidan ayol kishi tushib, haydovchining tobi qochganini aytib, homilador kelinini tug‘uruqxonaga olib borishni so‘ragan.

Homilador ayolning holati yomonlashgach, tug‘uruq yaqinlashayotganini sezgan xodimlar «tez yordam»ni kutmay tug‘uruqxona tomon harakatni davom ettirgan. Ammo yo‘lda to‘lg‘oq jarayoni boshlangan va manzilga yetib ulgurmay chaqaloq YPX avtomobilida dunyoga kelgan.

Tug‘uruqxonada ayolga shifokorlar tomonidan zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan, ona va yangi tug‘ilgan qizining salomatligiga hech qanday xavf yo‘q.

IIV YHXX matbuot xizmatiga intervyu bergan qaynota va qaynona o‘g‘li xizmat safarida ekani tufayli, kelinini tug‘uruqxonaga olib ketayotgan bo‘lgani, otaning mazasi qochgani va shunday vaziyatda YPX xodimlari yordamga kelganini aytib, minnatdorchilik bildirishgan.
 

Mavzuga oid