O‘zbekiston | 12:19 / 25.01.2023
38118
5 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyatining to‘rt tumaniga yangi hokimlar tayinlandi

Viloyat hokimi yangilanishi ortidan tumanlarda ham rahbarlar o‘zgarmoqda. Termiz tumaniga Toshkent viloyatidagi soliqchi, Angor tumaniga Vazirlar Mahkamasida ishlab kelayotgan iqtisodchi hokim qilib yuborildi. Jarqo‘rg‘onga kambag‘allikni qisqartirish vazirligi xodimi rahbar bo‘ldi.

25 yanvar kuni Xalq deputatlari Angor tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Surxondaryo viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, sessiyada shu kunga qadar tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Shohjahon Bekmuratovich Abdullayev vazifasidan ozod etildi. Tuman hokimi lavozimiga Qosim Mardonov tasdiqlandi.

Qosim Mardonov

Qosim Esonovich Mardonov 1975 yil 24 noyabrda Termiz tumanida tug‘ilgan. 1997 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi iqtisodchi.

2007-2020 yillarda Moliya boshqarmasi, mahalliy hokimliklar hamda Vazirlar Mahkamasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2020 yildan buyon Vazirlar Mahkamasi Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari kotibiyatining Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlari bo‘yicha bosh mutaxassisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Shohjahon Abdullayev 2020 yil iyulida Angor tumani hokimligiga tayinlangandi.

Shu kuni Xalq deputatlari Termiz tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ham tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Sessiyada shu kunga qadar tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Shuhratjon Bekmahmatovich O‘rinov vazifasidan ozod etildi. Tuman hokimi lavozimiga Shuhrat Nazarov tasdiqlandi.

Shuhrat Nazarov

Shuhrat Xudoyberdiyevich Nazarov 1968 yil 16 aprelda Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan. 1991 yil Toshkent xalq xo‘jaligi institutini, 2002 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi iqtisodchi, huquq.

Sh.Nazarov 2008-2022 yillarda soliq organlarida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2022 yildan buyon Chirchiq shahar Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Muqaddam ko‘p yillar davomida Surxondaryo viloyatida prokuratura tizimida ishlagan Shuhratjon O‘rinov 2017 yildan buyon Termiz tumani hokimi edi.

Xalq deputatlari Muzrabot tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Sessiyada shu kunga qadar tuman hokimining birinchi o‘rinbosari - hokim vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelayotgan Abdurashid Ismoilov tuman hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Abdurashid Ismoilov

Abdurashid Xudoyorovich Ismoilov 1977 yil 12 iyulda Boysun tumanida tug‘ilgan. 2005 yil Termiz davlat universiteti, 2014 yil Toshkent moliya institutini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi pedagog, budjet hisobi va nazorat-moliya.

U 1996-2022 yillarda ijtimoiy ta’minot, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2022 yil avgustida Muzrabot tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari - iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi. 

  • 2022 yil sentabrida Muzrabot tumaniga 2018 yil iyulidan buyon rahbarlik qilib kelgan Erkin Alimov ishdan olingan, uning o‘rniga Abdurashid Ismoilov hokim vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lgandi.

Xalq deputatlari Jarqo‘rg‘on tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Sessiyada shu kunga qadar tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Bahodir Abdiqayum o‘g‘li O‘roqov vazifasidan ozod etildi. Tuman hokimi lavozimiga Elmurod Avazov tasdiqlandi.

Elmurod Avazov

Elmurod Ro‘zimurodovich Avazov 1988 yil 15 iyulda Sherobod tumanida tug‘ilgan. 2010 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi buxgalteriya hisobi va audit, davlat moliyasini boshqarish.

E.Avazov 2012-2022 yillarda iqtisodiyot boshqarmasi va viloyat hokimligida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2022 yildan buyon Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Savdo va xizmatlar infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Jarqo‘rg‘on tumaniga 2020 yil dekabridan buyon Bahodir O‘roqov hokimlik qilayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil oxirida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ishdan olinib, uning o‘rniga Toshkent shahri prokurori Ulug‘bek Qosimov tayinlangandi. 

Mavzuga oid