Jahon | 18:56 / 26.01.2023
17330
3 daqiqa o‘qiladi

JSST 300 odam o‘limiga sabab bo‘lgan xavfli dorilar ro‘yxatini e’lon qildi

Ro‘yxatda O‘zbekistonda sotilgan va kamida 20 bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan Marion Biotech kompaniyasi dorilari ham bor.

Foto: Reuters

Dunyoning uch mamlakatida yo‘talga qarshi sifatsiz siropdan o‘lim holatlari soni 300 tani tashkil qildi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) press-relizida ma’lum qilindi.

JSST qayd etishicha, qurbonlarning aksariyati besh yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

«So‘nggi 4 oy ichida tarkibida dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) miqdori yuqori bo‘lgan retsepsiz yo‘talga qarshi siroplarni qabul qilishdan 300 dan ortiq odam halok bo‘ldi», deyiladi hujjatda.

JSST ushbu moddalar oz miqdorda qabul qilinganda ham o‘limga olib kelishi mumkinligini va hech qachon dori vositalarida ishlatilmasligi lozimligini ta’kidladi.

2022 yil oktyabr oyida JSST Gambiyada aniqlangan to‘rtta sifatsiz dorini e’lon qildi. Ularning barchasi Hindistonning Maiden Pharmaceuticals kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Ularning tarkibida DEG va EG zaxarli moddalari borligi aniqlangan.

  • Prometazin (Promethazine Oral Solution BP);
  • Kofeksmalin (Kofexmalin Baby Cough Syrup);
  • Makoff (Makoff Baby Cough Syrup);
  • Magrip N (Magrip N Cold Syrup).

2022 yil noyabr oyida JSST Indoneziyada aniqlangan sakkizta sifatsiz dorini e’lon qildi. Ular mahalliy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan.

  • Termoreks sirop (Termorex), PT Konimex kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan;
  • Flurin sirop (Flurin DMP), PT Yarindo;
  • Yunibebi sirop (Unibebi), PT Universal Pharmaceutical;
  • Yunibebi tomchi (Unibebi Demam Paracetamol Drops), PT Universal Pharmaceutical;
  • Yunibebi sirop (Unibebi Demam Paracetamol), PT Universal Pharmaceutical;
  • Paratsetamol tomchi (Paracetamol Drops), PT Afi Pharma;
  • Paratsetamol sirop (Paracetamol Syrup), PT Afi Pharma;  
  • Vipkol sirop (Vipcol Syrup), PT Afi Pharma.

2023 yil yanvar oyida JSST O‘zbekistonda aniqlangan ikkita sifatsiz dorini e’lon qildi. Ular Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Ularning tarkibida DEG va EG zaxarli moddalari borligi aniqlangan.

  • Ambronol sirop (Ambronol Cough Syrup), Marion Biotech;
  • Dok-1 MAKS (Dok-1 MAX Syrup), Marion Biotech;

JSST dori ta’minoti zanjirida ishtirok etuvchi barcha manfaatdor tomonlarni zudlik bilan muvofiqlashtiruvchi choralar ko‘rishga chaqirmoqda.

Mavzuga oid