Jahon | 12:31 / 28.01.2023
12049
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Baxning rossiyaliklarga Olimpiadada qatnashishga ruxsat berish g‘oyasini tanqid qildi

«Rossiyalik sportchilarning har qanday neytral bayrog‘i qonga bo‘yalgan», - dedi Volodimir Zelenskiy XOQ rahbarining Rossiya sportchilarini Parij Olimpiadasiga neytral bayroq ostida kiritish niyatiga javoban.

Foto: SvenSimon/ThePresidentialOfficeUkraine/picture alliance

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) rahbari Tomas Baxning rossiyalik sportchilarning 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarida neytral bayroq ostida ishtirok etishini istisno etmagan bayonotiga munosabat bildirdi. «Shubhasiz, rossiyalik sportchilarning har qanday neytral bayrog‘i qonga bo‘yalgan», dedi Zelenskiy 27 yanvar, juma kuni vatandoshlariga an’anaviy kechki videomurojaatida.

Ukraina rahbari Baxni Baxmutga, shunday urush ketayotganda «betaraflik yo‘qligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish» uchun taklif qildi. «Men janob Baxning bunday tashabbusni ilgari surishiga aynan nima sabab bo‘lganini tushunishni istamayman. Lekin biz dunyo sportni terrorchi davlatning siyosiy va boshqa har qanday ta’siridan himoya qilishi uchun hamma narsani qilamiz, bu muqarrar. Agar - rossiyalik sportchilar musobaqalarda va hatto Parij Olimpiadasida ishtirok etsa», - deya ta’kidladi Ukraina prezidenti.

Volodimir Zelenskiy, shuningdek, «halollik marafoni» boshlanganini e’lon qildi, uning maqsadi, prezident so‘zlariga ko‘ra, «xalqaro olimpiya tuzilmalari rahbariyatini ikkiyuzlamachilikdan va Rossiya vakillarini jahon sportiga jalb qilishga qaratilgan har qanday urinishlardan tozalash».

Ikki kun avval, 25 yanvar kuni XOQ rossiyalik va belaruslik sportchilarga «qattiq shartlar»ga rioya qilgan holda musobaqalarda qatnashish imkoniyatini o‘rganishini ma’lum qilgandi. Birinchidan, sportchilar «hech qanday holatda o‘z davlatlari yoki o‘z mamlakatidagi boshqa tashkilotga vakillik qilmasliklari» kerak. Ikkinchi shart – «XOQning tinchlikparvarlik missiyasiga qarshi chiqmagan» va barcha antidoping qoidalariga rioya qilgan sportchilargina musobaqalarga qo‘yilishi mumkin.

2022 yil dekabr oyida Tomas Bax Ukrainadagi Rossiya urushi davom etsa ham, rossiyalik va belaruslik sportchilarga Parij Olimpiadasida qatnashish imkoniyatini bermoqchi ekanligini aytdi. Keyinchalik AQSh Milliy olimpiya va paralimpiya qo‘mitasi rahbari Syuzanna Layons Baxning Rossiya va Belarusdan sportchilarni 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlariga taklif qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi, ammo ular o‘z davlatlarining bayroqlari va ranglaridan foydalanmasligi, shuningdek, madhiyani kuylamasligi kerak.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid