O‘zbekiston | 21:06 / 30.01.2023
16435
3 daqiqa o‘qiladi

2,7 mlrd so‘mlik 4 ta tender noqonuniy deb topildi va bekor qilindi 

Davlat xaridlarida rahbari yoki ta’sischisi bir shaxs bo‘lgan bir necha korxonalar noqonuniy ishtirok etgan. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan monitoringda davlat xaridlariga oid qator qonunbuzilish holatlari aniqlangan. 

Jumladan, «Namangandonmahsulotlari» AJ buyurtmachiligida 2023 yil 27 yanvar kuni o‘tkazilgan 200 mln so‘mlik davlat xaridida rahbari bir shaxs bo‘lgan uchta korxona ishtirok etgan. Biroq, xarid komissiyasi tomonidan ushbu ishtirokchilarni chetlatish choralari ko‘rilmagan. 

Shu kabi «Toshkent issiqlik markazi» korxonasi buyurtmachiligida 2023 yil 28 yanvar kuni o‘tkazilgan 2,4 mlrd so‘mlik davlat xaridida ishtirok etgan 3 ta sub’yektdan 2 tasi, jumladan, Toshkent shahridagi «M.» va «E.S» korxonalarining ta’sischisi ham bir shaxs ekani aniqlangan. Bu holatda ham xarid komissiyasi tomonidan ularni chetlatish choralari ko‘rilmagan. 

Xuddi shunday, Chust tumani Tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida 2023 yil 27 yanvar kuni 57,5 mln so‘mlik tibbiyot tarozisini sotib olish uchun o‘tkazilgan davlat xaridida ham Namangan shahridagi rahbari va ta’sischisi aynan bir shaxs bo‘lgan «B.M.» va «G» korxonalari ishtirok etib, qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yilgan. 

Shuningdek, Jizzax viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri buyurtmachiligida 2023 yil 26-27 yanvar kuni o‘tkazilgan jami 33,2 mln. so‘mlik davlat xaridlarida ishtirok etgan Zarbdor tumanidagi «T.M.P.» va «T.S» korxonalarining rahbari va ta’sischisi bir kishi ekani aniqlangan. Ammo xarid komissiyasi tomonidan ushbu holatlarga baho berilmagan. 

Ushbu qonunbuzilishlar yuzasidan «Namangandonmahsulotlari» AJ, Chust tuman Tibbiyot birlashmasi, «Toshkent issiqlik markazi» unitar korxonasi va Jizzax viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseriga xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish bo‘yicha 2023 yil 30 yanvar kuni Agentlik tomonidan taqdimnomalar kiritilgan. 

Bundan tashqari, shu kunning o‘zida qonunbuzilish holatlariga huquqiy baho berish uchun to‘plangan materiallar Bosh prokuraturaga yuborilgan. 

Mavzuga oid