DXX katta miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dorilar noqonuniy savdosiga chek qo‘ydi
Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy savdosiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” YPX maskanida “Kobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, tekshirildi. Avtomashina haydovchisi bo‘lgan, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi shaxs va unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro 10 864 dona “Regapen” hamda 1 995 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Toshkent shahriga olib ketayotgani ma’lum bo‘ldi.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, Sergeli tumanida ushbu dori vositalarini qabul qilib olgan vaqtlarida Yashnobod tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan ayol va Uchtepa tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro ushlandi.
Boshqa holatda esa Toshkent halqa avtomobil yo‘li Bektemir tumani hududidan o‘tgan qismida to‘xtab turgan “Kobalt” rusumli transport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, salonida bo‘lgan Farg‘ona tumanida yashovchi ikki fuqaro 5 450 dona “Regapen” va 466 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Farg‘ona viloyatidan Toshkent shahriga olib kelgani ma’lum bo‘lib, ushbu dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Yana bir holatda “Namangan – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina poytaxtga kiraverishdagi “Sharq” YPX maskanida to‘xtatilib tekshirildi. Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi ayolga tegishli sumkada 590 dona “Selofen” va 478 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida u mazkur dori vositalarini Toshkent shahrida kutib turgan, Jizzax viloyatida tug‘ilgan ikki fuqaroga olib borib berishi kerakligi ma’lum bo‘lib, Sergeli tumanida ushbu shaxslar ham dori vositalarini qabul qilib olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Chilonzor tumanidagi mehmonxonaning ular vaqtincha joylashgan xonasidan 137 dona “Selofen” va 11 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Barcha kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari Qirg‘izistondan noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
14:55 / 15.11.2024
DXX raisi O‘zbekistondagi muhim axborot infratuzilmalarini toifalashga doir buyruq chiqardi
09:10 / 15.11.2024
Toshkentda dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
23:25 / 09.11.2024
Samarqandda Qurolli kuchlar xizmatchisi, soliqchi, Milliy gvardiya va kadastr xodimlari pora bilan ushlandi
16:46 / 09.11.2024