O‘zbekiston | 19:00 / 01.02.2023
9896
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda chet elliklarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish bo‘yicha talablar soddalashtirildi

Chet el fuqarolarini vaqtincha ro‘yxatga olish muddati 3 ish kuni etib belgilandi.

Foto: AP

O‘zbekistonda vaqtincha bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni vaqtincha ro‘yxatga olishni ular O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelganidan keyin migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, joylashtirish vositalari yoki davolash muassasalariga 3 ish kuni davomida murojaat qilish orqali amalga oshirilishi belgilandi. Oldin bu muddat 2 kunga teng edi.

Vazirlar Mahkamasining «Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga olish tartibi takomillashtirilganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 sentabrdagi 593-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi 35-son qarorida shunday tartib belgilandi.

Bundan tashqari, mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgan, shuningdek, boshqa qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni joylashtirish vositalari va davolash muassasasida vaqtincha ro‘yxatga olishni faqat ichki ishlar organlaridan ruxsat olingandan keyin amalga oshirish tartibi bekor qilindi.

Endi bunday huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni joylashtirish vositalari va davolash muassasalarining ma’muriyati, xususiy uy-joy egalari hududiy ichki ishlar organlariga «E-mehmon» dasturi orqali xabar bergan holda joylashtiradi.

Hujjat Qonunchilik hujjatlari milliy bazasida e’lon qilindi va 2023 yil 31 yanvardan kuchga kirdi.

Mavzuga oid