O‘zbekiston | 20:27 / 06.02.2023
9460
3 daqiqa o‘qiladi

«Bu stereotip fikr» - siyosatshunos Markaziy Osiyoda Rossiya va Xitoy tandemi bo‘lishi haqida

Siyosatshunos Farhod Tolipov Kun.uz’ga bergan intervyusida Markaziy Osiyoda ta’sir doirasi bo‘yicha Rossiya-Xitoy geosiyosiy tandemi yo‘qligi va oldin ham bo‘lmagani haqida gapirdi.

— Ukraina inqirozi ortidan Xitoyning Markaziy Osiyodagi strategiyasi masalasi. Shu paytgacha ekspertlar mintaqamizda Rossiya-Xitoy geosiyosiy tandemi G‘arbga qarshi ishlaydi degan fikrda edi. Xo‘sh endichi?

— Fikrimcha, bunday tandem hech qachon bo‘lmagan. Gap shundaki, ko‘plab adabiyotlar, tahliliy materiallar va ba’zan rasmiy bayonotlarda go‘yoki Markaziy Osiyoda Xitoy va Rossiya o‘z ta’sir doirasi hamda strategiyasini belgilab olgani haqida gapiriladi.

Unga ko‘ra, Rossiya xuddiki Markaziy Osiyoning xavfsizligiga mas’ul bo‘ladi va buning uchun barcha choralarni ko‘radi, iqtisodiy farovonlik, rivojlanish esa Xitoyning yelkasidagi vazifa emish. Bu qandaydir stereotipik fikr, bo‘linish.

Aslida Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqillikka erishishidan to bugunga qadar biz bunga yaqqol dalil yo misol ko‘rmadik. O‘zingiz o‘ylang, bugunga qadar Markaziy Osiyo xalqlari qanday sinovlardan o‘tmadi? Bu terroristik xavflar bo‘lsin yo fuqarolar urushi. Lekin shu kabi xavflarda masalan, Rossiya xizmatini ko‘rmadik-ku. Bu tahdidlarning barchasini Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zi hal qildi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga Markaziy Osiyoning uchta davlati kirgan bo‘lsa-da, biror joyda uning real xizmatini ko‘rmadik. Qolaversa, Markaziy Osiyo davlatlarida bu kabi vaziyatlarga tayyorlangan maxsus kuchlar, armiya bor.

jyZmuQioCD-4kbRfMt84bVeMW7SUSm49.jpg (1400×894)

Iqtisodiy jihatdan ha, Xitoy savdo bo‘yicha mintaqada birinchi o‘ringa chiqdi, lekin bugun tahlilchilar aytmoqdaki, bu bilan markaziy osiyoliklar nimaga erishdi?

Qozog‘iston, Qirg‘iziston va ayniqsa, Tojikiston qancha qarzga bog‘lanib qoldi? Ular bugun xuddiki, boshi berk ko‘chaga tushib qolgandek. Bundan bu yog‘iga qarzlarni qaytarish juda qiyin bo‘ladi. Ya’ni iqtisodiy farovonlikka Xitoyning mas’ulligini juda jiddiy tushunmaslik, ishonmaslik kerak. Bu ishlar Markaziy Osiyo davlatlarining o‘ziga bog‘liq. Shuningdek, bu ikki davlatdan boshqa hamkor va tashkilotlar bor. Dunyoda iqtisodiy farovonlikka mas’ul boshqa manbalar ham bor.

Bugun Markaziy Osiyodagi davlatlarning xavfsizligi va iqtisodiy farovonligini qaysidir ulkan davlatlar emas, mintaqa davlatlarining o‘zi belgilashi kerak. Ya’ni mintaqada Rossiya, Xitoy yoki AQShga qancha «joy» berilishi markaziy osiyoliklarning o‘z irodasiga bog‘lanishi kerak.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Mavzuga oid