Jahon | 15:44 / 06.02.2023
15079
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Patriarx Kirill 1970-yillarda Jyenevada «KGB» agenti bo‘lgan

Tages-Anzeiger gazetasining yozishicha, rus pravoslav cherkovi rahbari Butunjahon cherkovlar kengashida Moskva patriarxiyasi vakili sifatida ishlagan vaqtida «Mixaylov» shartli nomi ostida «KGB» bilan hamkorlik qilgan. 

Patriarx Kirill / Foto: RIA Novosti

Rus pravoslav cherkovi (RPCh) rahbari patriarx Kirill (Vladimir Gundyayev) 1970-yillarda SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi («KGB») ko‘rsatmasi bilan Jyenevada razvedka faoliyati bilan shug‘ullangan. Bu haqda 5 fevral, yakshanba kuni Shveytsariyaning qator nashrlari, xususan, Tages-Anzeiger maxfiylikdan chiqarilgan davlat arxivlariga tayanib xabar berdi.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Gundyayev razvedka xizmatida «Mixaylov» shartli nomidan foydalangan. Nashrning ta’kidlashicha, u Shveytsariyadagi Butunjahon cherkovlar kengashida (BChK) Moskva patriarxiyasining rasmiy vakili lavozimini egallab, josuslik bilan shug‘ullangan. Shu bilan birga, uning asosiy vazifasi BChKga ta’sir ko‘rsatish bo‘lgan. 

Rossiyaning Berndagi elchixonasi ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ushbu ma’lumotga g‘azablangan bayonot bilan javob berdi va xabarlarni «Shveytsariyada rusofobiya tarqalishining yana bir namunasi» deb atadi, deb yozadi Tages-Anzeiger. Rus pravoslav cherkovi izoh berishdan bosh tortdi. BChK bu borada hech qanday ma’lumotga ega emasligini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid