Jahon | 11:33 / 06.02.2023
10443
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya yanvarda neft narxi chegarasi tufayli 8 mlrd yevro yo‘qotdi

Neftga qarshi sanksiyalar tufayli Rossiyaning yanvar oyida eksportdan tushgan daromadi o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 30 foizga kamaydi.

Foto: Reuters

Rossiya neftiga narx chegarasining joriy etilishi munosabati bilan yanvar oyida Rossiyaning neft va gazdan daromadlari uchdan bir qismga qisqardi, deb ma’lum qildi Xalqaro energetika agentligi (XEA) rahbari Fotih Birol. Uning so‘zlarini 5 fevral, yakshanba kuni Reuters agentligi keltirmoqda.

XEA ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida Rossiya neft va gaz sotishdan o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 milliard yevroga kam daromad olgan. Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, daromadning pasayishi 30 foizni tashkil etdi.

Birolning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadan neft narxiga o‘rnatilgan yuqori chegara «neft bozorlarini barqarorlashtirish va Moskvaning eksport daromadlarini kamaytirish» maqsadlariga erishdi. Helsinki Energiya va toza havo tadqiqot markazi (CREA) tahlilchilariga ko‘ra, Yevropaning Rossiya nefti importini taqiqlashi va G‘arb davlatlari tomonidan joriy qilingan narxlar yuqori chegarasi Rossiyaga har kuni 160 million yevroga tushyapti.

Yevropa Ittifoqining dengiz orqali yetkazib beriladigan Rossiya neftiga embargosi   5 dekabrdan kuchga kirdi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi, G7 davlatlari va Avstraliya Rossiya neftining bir barreliga 60 dollarlik chegarani belgiladi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi kengashi 5 fevral kuni Rossiyadan keladigan neft mahsulotlariga ikkita narx chegarasi belgilashga qaror qildi. Xom neftga chegirma bilan sotiladigan neft mahsulotlari bir barrel uchun 45 dollar narxga ega bo‘ladi. Ushbu toifaga, masalan, mazut kiradi.

Xom neftga ustama bilan sotiladigan qayta ishlangan neft mahsulotlari uchun barrelga 100 dollarlik ikkinchi chegara narxi o‘rnatiladi. Bu guruhga benzin va dizel yonilg‘isi kiradi.

Bunga javoban Rossiya prezidenti Vladimir Putin narx chegarasini joriy qilgan «do‘st bo‘lmagan» davlatlarga neft yetkazib berishni taqiqlovchi farmonni imzoladi. Rossiya neft va neft mahsulotlarini shartnomalarda «to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita cheklangan narxni belgilash mexanizmidan foydalanish nazarda tutilgan bo‘lsa», chet el fuqarolari va kompaniyalariga yetkazib berish taqiqlanadi.

Mavzuga oid