O‘zbekiston | 12:24 / 06.02.2023
17670
3 daqiqa o‘qiladi

Yuragidan tromb olingan bemor 1 kunda oyoqqa turdi 

62 yoshli Fediz Mansurov 4 kun avval murakkab jarrohlik amaliyotini boshdan kechirganiga qaramay, operatsiyaning ertasigayoq oyoqqa turib ketdi. O‘zbekistonda ilgari murakkab sanalgan, suyaklarni kesib, keyin qilingan yurak operatsiyasi endi yangi texnologiyalar asosida mikrojarrohlik yo‘li bilan amalga oshirilmoqda. Muvaffaqiyatli kechgan shunday jarrohlik amaliyotlaridan biri haqida bemor va uning shifokori gapirib berdi. 

Akademik Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga davolanish uchun kelgan Fediz Mansurovga shifokorlar yuragida tromb borligini aytishadi va uni operatsiyaga tayyorlashadi. Mikrojarrohlik amaliyotdan muvaffaqiyatli chiqqan bemor ahvoli juda yaxshi ekanini aytadi.

Haliyam vaqtida kelibman, tomirlarimning 50 foizi yopilib qolgan ekan”, — deydi Fediz aka.

Tibbiyot fanlari doktori, jarroh Rustam Yarmatovning aytishicha, yurak bo‘yicha MICSCAB texnikasi orqali amalga oshiriladigan mikrojarrohlik usuli dunyoda 5-6 yil oldin paydo bo‘lgan. Shu o‘rinda o‘zbekistonlik kardiojarrohlar ham ushbu amaliyotdan foydalanishni yo‘lga qo‘ygan.

Mazkur operatsiya 5 qovurg‘alararo bo‘shliqdan 6-8 sm kichik kesma orqali amalga oshiriladi. MICSCAB usuli tiklanish va kasalxonada yotib davolanish davrining qisqarishi, jarrohlikdan keyingi kamroq og‘riq holatlari, qonga kamroq ehtiyoj, yara infeksiyasi xavfi yo‘qligi, kosmetik choklari bilan ahamiyatli. Bunday operatsiyalar O‘zbekistonning o‘zida qilinayotgani esa bemorlar uchun ancha qulaylik tug‘diradi.

Shu o‘rinda shifokor Rustam Yarmatov yurak kasalliklariga chalinmaslik uchun yurtdoshlarimizga to‘g‘ri ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish, uglevodi yuqori bo‘lgan oq non, shakar, shirin gazli ichimliklardan imkon qadar tiyilish, ularning o‘rniga meva va ko‘katlar, sut mahsulotlaridan ko‘proq iste’mol qilishni va sog‘lom turmush tarziga amal qilib, kuniga 5-8 km piyoda yurish kerakligini maslahat beradi.

Sardorbek Usmoniy

Mavzuga oid